AsosiySUG'DIYONA
10355

Kamchiligingizni bilasizmi? Erkaklar nazdida ayollarning 20 ta salbiy xususiyati

Biz ayollar o`z xatolarimizni tan olishni yomon ko`ramiz. Shuning uchun erkaklarimizga murojaat etishga jazm etdik. «Ayollardagi qaysi xususiyat sizga yoqmaydi?» degan savolga ba`zilari javob qaytarishdan bosh tortishdi. Ba`zi erkaklar uyalishdi ham. Yana boshqalari ochiqchasiga «qo`rqishini»  tan olishdi. Nima bo`lganda ham savollarga javob olishga muvaffaq bo`ldik. Zero, ayollarimiz o`z kamchiliklarini o`qib, ulardan to`g`ri xulosa chiqarishadi, degan umiddamiz…

Lutfulla Tursunov, psixolog:

— Ayol kishini so`zini o`tkazmoqchi bo`lishi, aytganini qildirishga intilishi yoqmaydi. Bunday xolatda har qanday erkak yomon xolatga tushib qolishi tayin. Ayolimning ham shu xususiyatini yoqtirmayman. Lekin erkak kishida ko`proq teskarisini qilish holati uchraydi.

Farhod Bobojonov, jurnalist:

— Ba`zi ayollarning aldoqchiligi, tayinsizligi, ikkiyuzlamachiligi eng katta nuqsonidir. Bunday qusurlarni ish jarayonida ba`zi bir ayollarda uchratganman. Birgina yolg`on so`z kishining ishonchini yo`qotishi mumkin.

Jo`rabek Hamroev, rejissyor:

— Beparvoligi. Masalan, ish yuzasidan safarga tez-tez borib turaman. Shunda uzoq safardan charchab qaytib, xotinimdan bosh og`rig`i uchun dori so`rasam, yarim soat yoki bir soat deganda olib keladi. Ayolimning bunday beparvoligidan jahlim chiqadi. Axir men oilam uchun yuribman-ku! Erkakda ham qalb bor.

Matyoqub Matchonov, aktyor:

— Besabrligi. Hozirgi ayollarimizda shukur qilish xissi kamayib ketayapti. Oldingi ayollarimiz hamma narsaga sabrli bo`lishgan. Hozirgilar esa sal narsaga besabr. Bu ayollarmizda avj olayotgan yomon unsur.

Avaz Qodirov, sayyoxlar bilan ishlaydigan mutaxassis:

— Ayol kishining haddan tashqari o`ziga bino qo`yib, manmanlik qilishini yoqtirmayman. Aynan ana shunday holatlar ham oilalarning buzilib ketishiga sababchi bo`lyapti. O`sha man-manlik ortida erkakni hurmat qilishni unutib qo`ygan ayollarni nazarda tutayapman. Yana erkaklar bilan o`zini teng tutadigan ayollarni xush ko`rmayman.

Shohid Shoabsarov, oliy toifali shifokor:

— Ayollarning qo`polligi, betgachoparligi, erini behurmat qilishi, ochiq-sochiq kiyinishi ayolning husnini buzadi. Masalan, o`zimning ayolimni ham betgachoparligini yoqtirmayman. U ham shifokor bo`lgani uchun kasb doirasida tez-tez tortishamiz. Shunda uning betgachoparligidan dilim ranjiydi. To`g`ri, biz kasbimiz tufayli tortishamiz. Ammo baribir ayol o`z o`rnini bilishi kerak.

Ismoil Mingdiyozov, fermer:

— Rafikam ko`p gapirsa yomon ko`raman. Ba`zida hayron qolaman, ayollar erkaklarga gapiraverib, biron narsani tushuntirishi mumkin deb o`ylashsa kerak-da. Ayolim gapirishni boshlashi bilan “kam gapir” deyman. Ayol kishi har doim o`ziga qarab yurishi kerak. O`ziga bee`tibor ayolni hurmat qilmayman. Ayolimga ham doim shu xususida tanbeh beraman. Hech bo`lmasa, qoshingga o`sma qo`yib ol, deyman.

Davron Ermatov, shofyor:

— Telefon orqali tez-tez bezovta qilishi. Doim bitta savolni beradi: “Qaerdasiz?” Yuldaman, kaerda yana bulaman deb bakiraman xam ba`zan. Shu savolni kun davomida yigirma martalab eshitaman.

Kamol Po`latov, hisobchi:

— Agarda tanovvul qilayotgan ovkat ichidan mabodo soch tolasi chiqib qolsa bormi, o`sha taomni emayman. Ayollarning aynan ana shunga e`tiborsizligidan ko`nglim to`lmaydi. Hattoki xotinimni xam ro`mol o`ramasdan ovqat tayyorlagani uchun koyib beraman. Shu narsa bilan yigirma yildan beri kurashyapman. Xotinim esa doim injiqsiz-da, deb mendan xafa bo`ladi.

Botir Sattorov, tadbirkor:

— Bironta ayol yo`limni kesib o`tsa, o`sha kuni ishim yurishmaydi. Buni shunchaki irim deyishingiz mumkin. Xotinimga ham ming marta oldimni kesib o`tma deb tayinlayman. Ba`zida yodidan ko`tarilib  shunday qilsa, jahlimni zo`rg`a bosaman.

Begzod Botirjonov, tadbirkor:

— Erkakka tirjayib qarab turgan ayolni xushlamayman. Bu ayoldagi eng yomon xislat. Nega, kulmasligi kerak, deyishingiz mumkin. Ammo kulishning ham turlari bor.

Erkin Ro`zmetov, arxitektor:

— Shaxsan o`zimning xotinimni pul yo`q paytida bozorga borishi, onasini tez sog`inib, uyiga ketib kolishi yoqmaydi. Bozor masalasini endi mayli, qarz-qurz olib to`g`irlarmish, ammo onasining uyi yaqin bulsa bir narsa demasdim, ming kilometr uzoqlikda-ya. Unaqamas-da endi!

Yo`ldosh Otashev, qurilish ishlari bo`yicha mutaxassis:

— Menga to`ylarda yoshlarning orasiga kirib, jilpanglab o`ynaydigan ayollar yoqmaydi. To`y deganda har xil mast-alast bo`ladi. Shuningdek, bor ovozini chiqarib vaholab kuladiganlari asabimga o`ynaydi. Ayol unga zeb beruvchi odobini yukotmasin.

Jasur Jumaniyozov, xususiy tadbirkor:

— “Bozorchi”, “razborshik” deb ta`riflanadigan, har bir masalani janjal bilan hal qilishga odat kilgan, baqiroq ayollar yoqmaydi. Eng achinarlisi, ular bu ta`rif bilan gururlanishadi. Ayol nazokatini har doim saqlashi kerak, shu jihati bilan erkaklardan farqlanishi lozim. Qaynota va qaynonasiga tuzuk xizmat qilmay, ikki kunning birida arazlab, onasinikiga ketadigan ayollarni ham xushlamayman.

Nuriddin Saparboev, shirkat rahbari:

— Ayoldagi engiltaklikni hazm qilolmayman. Xotinimning ovqati bemaza chiqsa ham chidayman. Hattoki yoqmaganligini aytmayman ham. Negaki, u ham mening hamma qusurlarimga chidaydi-da. Kiyimni dazmollay olmasligi yoki ozodalikka beparvoligi bularnig hammasi oiladagi arzimagan kamchiliklar. Yoshligimda uchrashuvda xotinimni kutishni yomon ko`rganman. Hozir ham xotinimning kuttirishini yomon ko`raman. Men chaqirishim bilan labbay deyishi shart.

Farhod Adilov, usta:

— Yoshiga nomunosib libos kiyishini yoqtirmayman. Doim o`zimning xotinimga ham shu haqda ta`kidlayman. Shular hozir moda deyishiga qaramay, ayrim liboslarni kiyishiga qarshilik qilaman. Birinchi navbattda kalta libos kiyishini yomon ko`raman. Ba`zilar kiyim borasida me`yordan chiqib ketadi. Judayam ochiq-sochiq kiyinishadi. Ayol o`zini kiyim orqali ko`z-ko`z qilishi shart emas.

Zafar Tursunov, yurist:

— Ayollarni yomonlab bo`lmaydi. Xotinimga sevib uylanganman. Uning birdan-bir xususiyati xurrak otishinini yomon ko`raman. Kechasi xurrak otib uxlatmaydi. Chidolmay boshqa xonaga o`tib uxlashimga to`g`ri keladi ba`zan. Qolganlariga chidasa bo`ladi.

Nilufar Yunusova tayyorladi.

Boshqa yangiliklar