Er-xotinning bir-biriga ishonchi oila mustahkamligini ta`minlaydigan omillardan biri. Oilaviy munosabatlarda yolg`on ishlatish qanchalik og`ir vaziyatlarni keltirib chiqarishi sir emas. Bir-biriga elkadosh bo`lgan ikki inson o`rtasidagi ishonchsizlik er-xotin munosabatlarining darz ketishiga olib kelishi mumkin… Bu galgi maktublar ana shu mavzuda.
«O`RTAMIZDA SIR YO`Q DEGANDI…»
Anzirat, 26 yosh, Buxoro:
— Birinchi turmushidan ajrashgan yigit bilan ancha payt do`stona gaplashib yurdim.
— Xotinim bilan qayta yarashmayman. Agar oldingi hayotimni yuzimga solmasang, senga uylanaman, — dedi u bir kuni.
Avvaliga ikkilandim. Lekin yuragim u tomon talpinaverdi.
— Ota-onamni ko`ndirishga o`zim harakat qilaman. Sovchilaringizni jo`nating, — dedim oxiri. Qishloqdan opalarini chaqirib, uyimizga yubordi.
— Qizingizni qishloqqa olib ketmaymiz, shaharda yashashadi, to`yni ham shu erda qilamiz, — deb ular uyimdagilarni ko`ndirishdi.
Shunday qilib, to`yimiz bo`lib o`tdi. Mana, birga yashayotganimizga ham bir yildan oshayapti. Erim birinchisidan kuygani uchunmi, menga qattiq gapirmaydi, mehribon. Bundan juda xursand edim. Lekin yaqinda uning birinchi xotini qo`ng`iroq qildi:
— Erimni yo`ldan urib tegib olgansan, seni baribir u bilan birga yashattirmayman. O`rtada bolamiz ham bor, u baribir farzandidan voz kechib ketmaydi…
Erim menga to`ydan oldin ham, turmush qurganimizdan so`ng ham farzandi haqida gapirmagandi.
— Farzandim borligini aytsam, menga tegmaysan, deb qo`rqqandim, — deb o`zini oqlamoqchi bo`ldi.
Hayotim yolg`on ustiga qurilganini bilib, juda xafa bo`ldim.
— Men u bilan yarashmayman, ko`ngling to`q bo`lsin, faqat bolam uchun xabar olib turaman. Seni hech qachon tashlab ketmayman, — deb takrorlaydi tinmay. Lekin unga ishonchim qolmadi. Shu paytgacha ham bolasidan xabar olib turgan ekan. Endi hayotim qanday kechadi, degan o`y tinchlik bermayapti…
Maslahat:
— Siz avvalo eringiz bilan qat`iy gaplashib oling. Oldingi turmushi qanday bo`lganini bilmaysiz-ku. U sizga xotinini yomonlab gapirgani bilan, balki turmushi buzilishida o`zining µam aybi bo`lgandir? Sobiq xotinining maqsadi sizlarning turmushingizni buzish bo`lsa, u eringizni yomonlashdan charchamaydi. Eringiz siz bilan yashashga qat`iy aµd qilgan bo`lsa, yolg`on ishlatganini tan olib, kechirim so`ragan bo`lsa, unga ishoning. Lekin farzandidan ajratish noto`g`ri. Farzandidan xabar olib turganini ham ijobiy qabul qiling. Oilangizni saqlab qolish o`z qo`lingizda.
«MENGA IShONMAYDI…»
Gulchehra, Surxondaryo, 44 yosh:
— Turmush o`rtog`im bilan yashayotganimga yigirma yildan oshdi. Boshqa oilalarda bo`lganidek bizning oilada ham turli tortishuvlar, mayda-chuydalar bo`lib turadi. Yaqinda qaynsinglimni uzatdik. To`y kuni ovsinim meni chetga tortib gap boshladi:
— Yanga, sizlar tilla zirak bilan uzuk sovg`a qilmoqchiligingizni eshitib, qaynonam bizga «chaqirdi»da qizimga tilla zanjir taqasizlar, deb turib olgan. Eringiz yaxshi topadi. Bizning qurbimiz etmay turibdi-da. Bilasiz, qizimiz shartnoma asosida o`qishga kirdi. Hamma pulimiz o`shanga ketdi. Qayningizning ham boshi qotgan. Akamdan qarz so`rab tursammi, bittayu bitta singlim, aytgan narsasini olib bermasam bo`lmaydi, deyapti, — dedi ovsinim.
Men hech narsadan bexabar edim, nima deyishni bilmay, kalovlanib qoldim. Chunki erim singlisiga yaxshiroq narsa to`yona qilolmayotganini aytib, siqilgan, uydagi qizimga deb atalgan yaxshi gilamni olib borishga meni ko`ndirgandi.
Avval ham erim onasi bilan til biriktirib, mendan pul yashirgandi. Erimdan so`rasam, u hech qanaqa tilla olmaganini aytib, ko`zlarini olib qochdi. Yolg`on gapirgani, men bilan bir og`iz maslahatlashmagani alam qildi. Singlisiga tilla olishiga qarshilik qilarmidim? Sodda bo`lib shuncha yildan buyon unga ishonib yurganim o`zimga juda alam qildi. Uning boshqa ishlari ham menga yolg`ondek tuyulaveradi.
Maslahat:
— Turmush o`rtog`ingizni ayblashdan oldin o`zingizning harakatlaringizni ham bir tahlil qilib ko`ring. Balki turmush o`rtog`ingizni ortiqcha so`roqqa tutib, tergaydigan odatingiz bo`lishi mumkin. Natijada u sizdan pullarini yashiradigan bo`lgan. Yoki bo`lar-bo`lmas narsalarga ko`p pul sarflashingiz yoqmasa kerak. Onasiga, uka-singillariga yordam berishini yoqtirmasligingizni sezib, shunday yo`l tutayotgan bo`lishi ham mumkin. Aksincha bo`lsa, buning uchun qattiq kuyunmang, begona emas, o`z yaqinlariga sarflayapti-ku. Baribir maslahatlashib qilingan ish yaxshi. Turmush o`rtog`ingizning ishonchini qozonishga harakat qiling.
«BOLALARIMNING GUNOHI NIMA?»
Muhayyo, Samarqand, 37 yosh:
— Turmush o`rtog`im bilan maktabda bir sinfda o`qiganmiz. U oldin zavodda ishlardi. Ish o`rni qisqarib, ishsiz qoldi. Bu orada men ancha paytdan buyon savdo bilan shug`ullanadigan qo`shnimning gapi bilan bozorga chiqib, meva-cheva sota boshladim.
— Nega shu paytgacha savdo bilan shug`ullanmagansiz, juda qo`lingiz engil ekan-ku, birpasda narsalaringizni sotib bo`layapsiz. Men hech bunaqa savdo qilolmayman, — dedi qo`shnim.
Ishim o`ngidan kelayotganidan quvonib, savdoga berilib ketdim. Katta qizim qo`limdan ro`zg`or ishlarini olgan, ukalariga o`zi yaxshi qarardi. Erim ham xursand. Lekin uning ishi hech o`nglanay demasdi. Bir necha joyga ish so`rab borib, noumid qaytdi. Men bilan bozorga chiqing, desam ko`nmadi. Bir kuni bozorda eshitgan gapimdan ko`z oldim qorong`ilashib, hushimdan ketay dedim.
— Ering nima ishlar qilib yurganidan xabaring bormi? Nega uni qaytarishga harakat qilmaysan. Bir-ikki oydan beri sinfdoshlaring Hafizanikida ko`raman. Uning eri chetga ishlashga ketganmish. Hammaning og`zida pichir-pichir gap. Ikkalasi hamma joyda etaklashib yurarmish. Bulardan xabaring bormi?
Narsalarimni tashlab, uyga borsam, katta qizim yig`lab o`tiribdi:
— Dugonam aytdi, dadam har kuni ularning qo`shnisi Hafiza opanikiga borarmish. Ularning hovlisida hamma ishini qilar ekan. Ayting, ularnikiga bormasin, hamma gapirayapti, — dedi yig`lamsirab qizim.
To`g`ri dugonam Hafizanikiga bordim. Uning oshxonasida yonboshlab yotgan erim meni ko`rib qotib qoldi. Hafiza bir-ikki yumushini bajarishga yordam so`raganini, endi unikiga qadam bosmasligini aytib, qasam ichdi. Lekin bolalarimni ham, meni ham aldab, unikiga yashirincha borib yuribdi. Bir gal kechasi o`zim unikidan chaqirib keldim. Ajrashaylik desam, menga hech qachon xiyonat qilmaganini aytib, qasam ichadi. Unga ishonchim qolmadi.
Maslahat:
— Ortiqcha fidoiylik qilib yuborganingiz o`zingizga qimmatga tushayapti. Oilani moddiy tomondan ta`minlay boshlaganingizdan keyin eringiz o`ziga yaxshigina ovunchoq topib olgan ko`rinadi. Asosiy e`tiboringiz pul topishga qaratilgani uchun eringizga, bolalaringizga e`tibor baribir pasayadi. O`zini o`zi eplayapti-ku, deganingiz bilan bolalaringizga ham baribir mehr, e`tibor kerak. Pul topish vazifasini erkakning o`ziga qoldiring. Turmush o`rtog`ingizni aybsiz, demoqchi emasmiz. Siz baribir uni yo`lga solib, oilangizga qaytaring. Ajrashib ketib, bolalaringizni ham otasiz qoldirolmaysiz. Farzandlaringizning otasini ketishga qo`ymang.
Mohitobon BUZRUKOVA yozib oldi