Amerika Qo`shma Shtatlari va O`zbekiston Prezidentlari bir-birlariga maktub yubordilar. Mazkur maktublarni O`zA chop etdi.
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Amerika xalqi nomidan Sizni, oilangizni va butun O`zbekiston xalqini Navro`z bayrami bilan tabriklash, baxt-saodat va farovonlik tilash menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi. Ushbu yangilanish va uyg`onish ayyomini Sizlar bilan birga ko`plab amerikaliklar ham nishonlaydi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingizdan so`ng Sizning rahbarligingizda mamlakatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va taraqqiyot jarayoni bizni ham mamnun etmoqda.
Amerika xalqi va biznes vakillari O`zbekiston bilan hamkorligimizni yanada rivojlantirishning yangi yo`nalishlari bo`yicha izlanmoqda. Navro`z muborak !
Samimiyat bilan,
Donald Tramp,
Amerika Qo`shma
Shtatlari Prezidenti
Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Jon Tramp Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Sizga va Sizning timsolingizda butun Amerika xalqiga yangilanish, farovonlik va uyg`onish fasli bo`lgan Navro`z bayrami munosabati bilan yo`llagan samimiy tabrik va ezgu tilaklaringiz uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman.
Sizning shaxsiy munosabatingizni yuksak qadrlayman, O`zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasidagi har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, xususan, mamlakatlarimiz biznes doiralarining yaqin aloqalarini to`liq qo`llab-quvvatlayman.
O`zbekiston bilan Amerikaning strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ayniqsa, mintaqaviy va xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta`minlash borasidagi dolzarb masalalar bo`yicha yondashuvlarimizning mushtarakligi mamlakatlarimiz o`rtasidagi keng qamrovli munosabatlarni izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qilishiga ishonaman.
Biz amalga oshirayotgan chuqur va keng ko`lamli islohotlarni yuksak e`tirof etganingiz uchun Sizdan minnatdorman. Biz fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, bozor islohotlarini chuqurlashtirish va aholi hayot darajasini tubdan oshirish bo`yicha tanlagan yo`limizni qat`iy va izchil davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janob Prezidentga mustahkam sihat-salomatlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar, Amerika Qo`shma Shtatlari xalqiga tinchlik, xotirjamlik va farovonlik tilayman.
Samimiy hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
13.09.2023, 11:02
Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol o`tkazib...24.01.2023, 10:47
Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston va Qirg`iziston hamkorlikda 19 turdagi engil avtomobillar, jumladan mikroavtobus, pikap, sedan va boshqalarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi 13...18.01.2023, 11:45
Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy masalalar bo`yicha yig`ilish o`tkazdi va unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sovuqlar haqida fikr bildirdi. Rossiya rahbari bosh vazir Mixail Mishustindan agrosanoat majmuasida...27.12.2022, 10:08
AQShda qishki bo`ron tufayli kamida 50 kishi halok bo`ldi, deb xabar bergan NBC News. Telekanalning aniqlik kiritishicha, qurbonlarning aksariyati - kamida 14 nafari Nyu-York shtati...