AsosiySUG'DIYONA

​Yoshga qarab parhez tutish foyda keltiradimi?

'​Yoshga qarab parhez tutish foyda keltiradimi?'ning rasmi

— To`lishibsizmi? – Dugonalaringizning ko`cha ko`yda, to`y-hashamda beradigan bu savolidan qanchalar yuragingiz bezillab turishini bilamiz!

– Nahotki? Menga sezilmadi, yosh o`tgandan keyin shunday bo`lishi kerak-da, – deya o`zingizni oqlagan bo`lasiz, siz ham.

Achinarlisi esa bir-ikki takrorlaganingizdan so`ng shu cho`pchagingizga o`zingiz ham ishonib qolasiz. Aslida, ortiqcha vaznga yoshning qanchalik aloqasi bor? Yoshga qarab parhez tutish foyda keltiradimi? Bu savollarga oydinlik kiritishga urinib ko`ramiz!

15-25 yoshda parhezga ehtiyoj yo`q

Bu davrda yoshlik, salomatlik va go`zallik doim hamrohlik qiladigandek tuyuladi. Biroq o`qish, ish, oila, farzandlar, va nihoyat, o`zimizga anchagina kuch-quvvat talab qilinadi. Buning uchun temir, kalsiy va foliy kislotasiga boy mahsulotlardan ko`proq tanovul qilishimiz darkor. 25 yoshgacha organizmimizning 40 foizini mushak massasi, 10 foizini esa yog`lar tashkil etadi. Bu vaqtda qomatni turli parhezlardan ko`ra, jismoniy mashqlar bilan ko`rkamlashtirsa ham bo`ladi.

25-35 yoshda parhez shart emas, “engil tamaddi” kunlari

Farzandli bo`lgach, onaning suyaklari mo`rtlashishi mumkin. Buning oldini olish uchun taomnomaga sut mahsulotlari, tvorog, qatiqni kiritish darkor. Shunindek, kraxmalga boy kartoshka va makaronni sabzavotlarga almashtirgan ma`qul. Bu yoshda organizmning oqsilga bo`lgan talabi ortadi. Taomlar mazasini mayonez yoki ketchup bilan yaxshilashga urinmang, qomatga zarar etkazadi. Non mahsulotlarini kamroq tanovul qiling. To`yib ovqatlanishga to`g`ri kelgan kunlarning ertasigayoq organizmga biroz dam berib, “qatiqli”, “guruchli” yoki “olmali” kunlar uyushtirish ham foydali. Qizil sabzini ko`proq iste`mol qiling, unda terining yosh ko`rinishiga sabab bo`ladigan karotin moddasi bisyor.

35-45 yoshda serotonin kerak!

Bu davrga kelib, organizmda moddalar almashinuvi sekinlashgani bois ateroskleroz xasatligi xavfi ortadi. Shu sabab, xolesterin miqdorini kamaytirish lozim. Buning uchun taomnomadan dumba yog`i, saryog`, jigar, tuxum kabi mahsulotlarni chegaralash zarur. Psixoterapevtlar bu yoshni keskin o`zgarish(krizis)lar davri ham deyishadi. Serotonin (quvonch) gormoni ko`payishi uchun magniyga boy eguliklarga ixtiyor bergan afzal. Biroq serotonin serob deb, shokoladga ruju qo`yish yaramaydi. Kurka go`shti, qizil bulg`or qalampiri va suli yormasi serotonin ishlab chiqarishni rag`batlantiradi. Xotira susaymasligiga turli yong`oqlar foyda beradi.

45 – 50 yoshda ruh moddasi talab qilinadi!

Bu yoshda ayol organizmida gormonal o`zgarishlar kuzatiladi. Tanamizda suv yig`iladi. Bu esa qomatga o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Shu bois suvni o`ziga yaxshi singdirib oladigan mahsulotlar, masalan, guruchni ko`proq eyish maqsadga muvofiq. Yana hujayralar qarishini sekinlashtirish uchun ruh moddasiga boy dengiz mahsulotlaridan ko`proq tanovul qilgan ma`qul. U nafaqat immun tizimini yaxshilaydi, balki asabni ham tinchlantiradi.

50 yoshdan keyin ...

50 yoshga kelib, moddalar almashinuvi yanada sekinlashadi. Organizmda ayollik gormoni — estrogen ishlab chiqarilishi deyarli to`xtaydi. Bu esa yog` ishlab chiqarilishiga turtki bo`ladi. Natijada teri ostidagi yog` qatlami qalinlashadi. Demak, fitoestrogen o`simliklar: jo`xori, olma, loviya, ismaloq va sabzi kabi mahsulotlarni ko`proq tanovvul qilish lozim. 50 yoshdan so`ng har qanday parhez, ayniqsa, kam kalloriyalilari salomatlik uchun havfli. Yog`li taomlarni emas, oqsilga boy bo`lgan dukkakli o`simliklarni taomnomaga qo`shgan ma`qul.

Saodat tayyorladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar