AsosiySUG'DIYONA

​Oilaviy portret: juftliklar uchun maxsus test

'​Oilaviy portret: juftliklar uchun maxsus test'ning rasmi

Juftingiz bilan birga tushgan suratlaringiz oz bo`lmasa kerak. Quyidagi test yordamida suratga tushgan damlaringizda munosabatlaringiz qanday bo`lganini aniqlash mumkin. Buning uchun fotosuratlar joylangan albomni yana bir karra qo`lingizga olib, ko`zdan kechirib chiqing.

— Kulib turing. Yaqinroq, yana yaqinroq... Ana-a-a...

— Qani, qanaqa tushibman? Eh, yoqmadi. Qaytadan tushiring-chi!

Bu gaplarni aytishdan avval tushgan suratingizni sinchkovlik bilan ko`zdan kechirib ko`ring. Sizga qaysi holatda suratga tushish qulayroq? O`zingizga yoqqan holatda tushgan suratingiz aslida nimani anglatishini bilasizmi? Unday bo`lsa, suratingiz tahliliga tayyor turing. Hozir maxsus test yordamida buni birgalikda bilib olamiz.

1. Bir-biringiz tomon boshingizni egib o`tirgan (turgan) holat…

Ota-onalarimizning ilgari tushgan suratlariga nazar solib ko`ring. Boshlarini bir-biriga eggancha mayin jilmayib turishibdi. Bu fotosuratchining gavda holati mukammal ko`rinishi uchun qilgan harakati natijasi bo`lishi ham mumkin. Aslida-chi? Sizga bu haqda biron-bir odam chetdan o`rgatib turmasa, holat turlicha bo`ladi. Kimdir albatta boshini juftiga yaqinroq egsa, boshqasi o`zi bilmagan holda qarama-qarshi tomonga egib suratga tushadi. Suratda boshini yaqinroq tutishga uringan kimsa sevgilisining izhorlariga ehtiyoj sezadi: maktublar, yoqimli so`zlar, e`tibor… Agar bular amalga oshmasa, vaqt o`tishi bilan juftlik o`rtasida nizo tug`ila boshlaydi.

2. Yonma-yon, ammo bir-biringizga tegmagan holat…

  • Odatda uzoq vaqt mobaynida birga yashayotgan, ammo o`tgan umri biroz armonli juftliklar o`zlari bilmagan holda shunday suratga tushishadi. Ular turmushlari haqida faqat yaxshi fikr bildirishadi. Ammo, afsuski, «muhabbat» so`zini tilga ko`chirishdan iymanishadi. E`tibor bering, bu kabi suratning fotoalbomingizda bittagina ekani — yaxshi belgi. Demak, bu vaziyat aynan suratga tushayotgan paytingizga to`g`ri kelgan ekan. Balki o`sha paytda bir-biringiz bilan arazlashib qolgandirsiz, har biringiz qarama-qarshi tomonni aybdor hisoblagandirsiz.
  • Qo`llarni orqa tomonga qilib suratga tushish esa «hech qanday qaror qabul qilish istagim yo`q», degani. Qo`llar ko`krak ustida chalishtirib olingan bo`lsa, bu odam o`zini tahqirlangan hisoblaydi. Shuning uchun ham u yonida turgan odamdan o`zini himoyalamoqchi.
  • Erkak yoki ayol nimagadir tayanib (tizza yoki kursiga), bamisoli o`rnidan turmoqchi bo`layotgandek suratga tushgan bo`lsa, bu o`sha odamning barchasiga qo`l siltab, oilani tark etmoqchiligining dalolati.
  • Bu kabi tashqaridan oddiy bo`lib ko`ringan xatti-harakatlarni ko`zdan qochirmaslik kerak. Negaki yashirin muammolar munosabatlaringizga putur etkazishi mumkin.

    3. Juftingizni qo`ltiqlab yoki qo`lidan ushlab o`tirgan bo`lsangiz…

  • Bir-birining qo`lidan ushlab suratga tushish odatda munosabatlari endi boshlangan juftliklarda kuzatiladi. Bu emosional yaqinlashuvning ilk qadami. Vaqt o`tib ham bu holatda suratga tushayotgan bo`lsangiz, demak, sizga romantika etishmayapti. Bu o`ziga xoslik emosional va ta`sirchan insonlarga xos xislat. Ular doim o`tgan vaqtlarni afsus bilan eslashadi.
  • Modomiki bir kishi boshqasini qo`ltiqlab olgan bo`lsa, demak, oiladagi munosabatlarni bemalol tahlil qilish mumkin. Ya`ni boshqaruvchi qo`l ostiga bo`ysunuvchini olgan tarzda suratga tushadi.
  • Suratda turmush o`rtog`ingizning qo`lini ushlab turgan bo`lsangiz, demak, oilada boshqaruvchisiz. Qo`lingizni juftingiz ushlab tushgan bo`lsa, siz uning boshqaruvini tan olasiz.
  • 4. Yonma-yon va quchoqlashgan holat…
    • Bir-biringizni quchoqlab suratga tushgan bo`lsangiz, munosabatlaringiz juda yaqin va yoqimli. Bir-biringizni juda sevasiz, o`zaro ishonchni ham muhim o`ringa qo`ygansiz. O`rtada biroz tushunmovchiliklar ham yo`q emas, ammo bular o`tkinchi, qisqa muddatli bahslar. Odatda ular tezda yakun topadi. Har ikkingiz munosib juftingizni topganingizga ishonchingiz komil.
    • Agar suratga tushganlardan biri quchoqlayotgan bo`lsa, demak, u juftini ko`proq sevadi va munosabatlardagi uyg`unlik u uchun ko`proq qadrli. Agar ular o`rtasida bir tomonlama muhabbat kuzatilmasa, buning yomon tomoni yo`q. Vaqt o`tib, rollar almashib qolishining ham hech hayratlanarli tomoni yo`q. Faqat bir narsani yoddan chiqarmang: juda mahkam bag`riga bosishning o`ziga yarasha salbiy tomonlari bor. Bunda quchog`ingizdagi odam erkinlik istab, quchoqdan tezroq qutulishni istab qolish mumkin.

    5. Bir-biriga ketma-ket holatda o`tirish (turish)
    Ortda turgan odam oldinda turganini himoyalayapti. Rostdan ham e`tibor bering, bu holatda suratga tushayotganimizda old tarafga himoyaga muhtojlarni o`tqazamiz. Aytaylik, bolakay yoki qariyalarni. Bu kabi holat juftlikda kuzatilsa, ikkisidan birining rosmana yohud soxta zaifligidan dalolat beradi.
    6. Biri orqa tarafda qattiq quchsa…
    Bunday suratda ikki xil ma`no bor:
    1. «Bu meniki, hech kimga bermayman!»
    2. «Tipirchilama, tek qotsang hammasi yaxshi bo`ladi!»
    Bu kabi suratni ko`rgach o`z mulkini birovga berib qo`ymaydigan rashkchilarni ko`z oldingizga keltiring. Suratning ikkinchi ma`nosidagi xitob esa rashkchining qurboniga qaratilgan. Ko`p hollarda u bunga qarshilik qilmaydi, ba`zida hatto qattiqqo`llik bilan berilayotgan e`tibordan quvonadi ham. Shunisi bilan u o`zini qadrli sezadi-da! Mabodo qattiq quchuvchi ayol bo`lsa, munosabatlarda u har tomonlama boshqaruvni qo`lga olgan.
    Qiziqarli holatda suratga tushsangiz…
    Ba`zilar qimirlamay turib emas, qiziqarli yoki kulgili holatda suratga tushishni ko`proq yoqtirishadi. Ular tashqaridagilarni kuldirish uchun yo aftini bujmaytiradi, yo juftining boshi tepasidan barmoqlari bilan shoxcha yasaydi yoki tilini chiqarib turadi. Vaholanki yonidagi juftiga bu holat yoqmasligi mumkin. Bahslashish befoyda. Negadir ular oddiygina quchoqlashib suratga tushishni o`zlariga ep bilishmaydi. Balki bundan iymanishar. Bunday odamlar umri davomida biror marta ham juftiga «seni sevaman» deb aytmasligi ham tabiiy holat. Odatda bunday insonlar o`zlariga o`xshagan uyatchan emas, his-tuyg`ularini ochiqcha izhor qila oladiganlar bilan turmush qurishadi. Shu holatdagina ushbu juftlikdagi muvozanat saqlanib, o`zaro ginaga hojat qolmaydi. Shu juftlikning sevgilisiga o`xshash jihatlarni o`zingizda ko`rdingizmi? Unga ibrat ko`rsating, uni ko`proq quchib, yoqimli izhorlar bilan siylang.
    Nigora tayyorladi
  • Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar