Mushtariylarni qiziqtirgan, biroq yaqin insoniga ham oshkor qilishdan uyalgan ayrim savollariga aynan mana shu sahifada javob topishga urinamiz. Bunda bizga oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Nilufar BO`STONOVA ko`mak beradi.
«Spiralni uyda olib tashlasa bo`ladimi?»
— Farzandim dunyoga kelgach, tug`ruqxonaning o`zidayoq rejalashtirilmagan homiladorlikdan saqlanish uchun spiral qo`ydirdim. Ammo noqulaylik sezilayapti. Shifokorga boray desam, ginekologik tekshiruvdan qo`rqaman. Uy sharoitida spiralni o`zim olib tashlasam bo`ladimi?
Fozila, 24 yosh
— Homiladorlikdan saqlovchi bachadon ichi vositasini zinhor uy sharoitida, bundan tashqari malakali shifokordan boshqa odam olmasligi lozim. Bu ish sterillangan asboblar yordamida shifoxonada amalga oshiriladi. Spiralni olib tashlash odatda hayz siklining 2-3 kunlarida bajariladi. Spiral bachadon va bachadon bo`ynidan o`tib tashqariga chiqarilayotganda yoqimsiz og`riq seziladi, shuning uchun bu ishni ayolning o`zi bajara olmasligi aniq. Faqatgina bachadon ichi spirali o`z joyidan ko`chib, qinga yaqin joyda joylashib qolgandagina ayolning o`zi uni olib tashlashi mumkin. Bachadon organizmning ichki a`zosi bo`lib, u tanamizdagi boshqa ichki a`zolar kabi steril muhitda bo`ladi. Hayot uchun zaruriy organ sanlamasada, uning yordamidagini ayol o`zidan zurriyod qoldirishi mumkin.
«Erkakni bezovta qilishi rostmi?»
— Uch farzandim bor. Homiladorlikdan saqlanish uchun doim bachadon ichi spiralidan foydalanganman. So`nggi jinsiy yaqinlikdan keyin turmush o`rtog`im o`sha vosita unga halaqit berayotgani haqida aytdi. Ilgari bunday holat kuzatilmagan. Spiral joyidan qo`zg`algan bo`lishi mumkinmi?
Nargiza, 36 yosh
— Homiladorlikdan saqlovchi bu vosita bachadon ichida joylashib, spiralning ipchasi esa bachadon bo`yniga tushib turadi. Ayrim holatlarda spiralning ipchasi uzun bo`ladi va jinsiy yaqinlik davrida erkakka sezilishi mumkin. Taxminimcha, ilgari qo`yidirilgan spiralning ipi kalta bo`lgani uchun muammo kuzatilmagan. Maslahatim, akusher-ginekolog ko`rigiga borsangiz, spiralning ipchasini kaltalatib beradi. Uning joyidan qo`zg`alganini faqatgina UTT tahlil natijasiga yordamida bilish mumkin. Agar bachadon ichi spirali qo`yilgan joyidan qo`zg`alib, bachadon bo`yniga tushib qolsa ayol haraqat qilganida, o`tirib turganida og`riq, qorinning pastki sohasida nimadir botayotganini his qiladi. Spiral joyidan siljisa, hayz og`riq bilan kuzatiladi hamda miqdori va davomiyligi ortadi.«Kumushi yaxshimi yoki tillasi?»
— Yaqinda ona bo`ldim. Chillaning 37-38 kunlari bachadon ichi spiralini qo`ydirishni taklif qilishdi. Shifokorning aytishiga qaraganda, homiladorlikdan saqlovchi bu vositaning turli xil metalldan tayyorlanganlari bo`lar ekan. Ular bir-biridan nimasi bilan farqlanadi? Shunda tilla suvi yurgizilgani eng yaxshisimi?
Gulbahor, 22 yosh
— Homiladorlikdan saqlovchi bachadon ichi vositasi T hamda O harfi shaklida bo`ladi, tayyorlangan metalliga qarab esa mis, kumush va tilla spirallarga bo`linadi. Ular foyda jihatidan bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Organizm begona buyumni qabul qilish xususiyatini inobatga olgan holda shifokor spiralning u yoki bu turini taklif qilishi mumkin. hududiy oilaviy poliklinikalarning ginekologik tekshiruv xonalarida ayollarga misdan tayyorlangan spirallar bepul qo`yiladi. Ayol o`zining xohishiga ko`ra, dorixonadan mazkur vositaning kumush yoki tilladan tayyorlanganini xarid qilishi mumkin. Organizm sog`lom bo`lsa unda har qaysi turdagi vosita yaxshi joylashadi. Spiral qo`ydirilganidan so`ng ayolga ikki hayz siklini e`tibor bilan kuzatish tavsiya etiladi. Agar hayz miqdori va davomiyligi ortsa, og`riqlar bo`lsa bachadon ichi spirali olinib, uning o`rniga boshqa turdagi homiladorlikdan saqlovchi vositadan foydalanish buyuriladi.
«Muddati qancha?»
— Eshitishimga qaraganda, ona va qizning reproduktiv a`zolaring faoliyati o`xshash bo`lar ekan. Onam homiladorlikdan himoyalanish uchun bachadon ichi spiralidan foydalanadi, hozirgi spiralini bundan 16 yil avval qo`ydirgan ekan. Farzandim 3 yoshga etguniga qadar menga ham spiral qo`ydirishni tavsiya qilyapti. Axir onamning organizmi yaxshi qabul qilgan vosita, menga ham zarar keltirmasa kerak, deb o`ylayapman.
Sadoqat, 21 yosh
— Har bir organizm individual bo`lishini unutmaslikni maslahat beraman. Homiladorlikdan himoyalovchi vositalarni ishlatish haqida so`z borganda nasl haqidagi ma`lumotlar ahamiyatga ega emas. Shu sababli shifokorning maslahatiga amal qilishingizni so`rayman. Amaliyotim davomida 18 yil, 20 yil davomida spiral yordamida homiladorlikdan saqlanib kelgan ayollarni ko`rganman. Ularning aksariyatida spiral atrofiga et o`sib ketgan bo`lib, spiral ipchasining sifati buzilgan yoki umuman yo`q bo`ladi. Bunday holatlarda bachadon ichi vositasini olib tashlash jarayonida qiyinchiliklar kuzatiladi. Har qaysi homiladorlikdan saqlovchi bachadon ichi spiralining foydalanish muddati 5-6 yilni tashkil etadi, uni qo`ydirgandan so`ng har olti oyda UTT dan o`tib, uning joylashuvini kuzatib turish tavsiya etiladi.
«Gormon dorilar hissiyotni so`ndiradimi?»
— Oral kontraseptivlar qabul qilishni boshlaganimga taxminan 4 oy bo`lyapti. Mana shu davr orasida jinsiy yaqinlikka bo`lgan xohishim borgan sari so`nib borayotganini his qilyapman. Bu esa turmush o`rtog`im bilan o`rtamizdagi munosabatlarga salbiy ta`sir ko`rsata boshladi. Aytingchi, bu dorining ta`siridanmi? Boshqa preparatga almashtirsam hammasi iziga tusharmikan?
Zarifa, 29 yosh
— Oral kontraseptiv vositalar homiladorlikdan saqlash bilan birga, ayolni hayz siklida kuzatiladigan og`riqlar, ko`krak va bachadon bo`yni saratoni xavfidan himoya qiladi. Tibbiy amaliyot davomida bu dorilar ayolning libidosi (jinsiy yaqinlikka xohish-istagi)ga salbiy ta`sir ko`rsatgani yoki uni so`ndirgani haqida aniq va tasdiqlangan ma`lumotlar mavjud emas. Surunkali charchoq, organizmning toliqishi, uyquning normada bo`lmasligi, ruhiy tushkunlik kabi sabablarni bartaraf etishga harakat qiling. Agar rostdan ham homiladorlikdan saqlovchi dorilar yoqmayotgan bo`lsa, shifokor bilan maslahatlashib, ularni boshqa bir turdagisiga almashtirishingiz mumkin. Shuningdek, endokrinolog shifokor qabulidan o`tish ham zarar qilmaydi.
«Homiladorlikdan saqlovchi in`eksiya og`ritsa...»
— Shifokorning tavsiyasiga ko`ra homiladorlikdan saqlanish uchun in`eksiya ko`rinishidagi kontraseptivdan foydalanyapman. Bir oyda bir marta shifokor qabuliga chiqib, ukol olib kelaman. Umumiy hisobda 6 marta ukol qildirdim. Mana taxminan bir oydan beri bachadonimda simillagan og`riq seziladi. Bu o`sha dorining ta`sirimasmikan?
Farida, 27 yosh
— Bachadondagi og`riqqa bu kabi dorilar sabab bo`lmaydi. Ayolning umumiy holati yomonlashgani yoki biror infeksiya yuqtirib olgani hisobidan bezovtaliklar kuzatilayotgan bo`lishi ham mumkin. In`eksiya ko`rinishidagi kontraseptivlarning 2 oyda bir, 3 oyda bir marta qabul qilinadiganlari ham bor. Aksariyat hollarda homiladorlikdan himoyalovchi bunday vositani muntazam qo`llash jarayonida ayol oy ko`rishdan qolishi mumkin. Biroq buni erta klimaks siftida qabul qilmaslik lozim, shuningdek beparvo ham bo`lmaslik tavsiya etiladi. Maslahatim, shifokor ko`rigidan o`ting hamda homiladorlikndan asrovchi vositaning turini almashtirish haqida so`rab ko`ring.
Dilnoza Shuhrat qizi tayyorladi.