Hozirda tug`ilajak farzandingizning o`g`il yo qiz ekanligini bilish muammo emas. Hatto uning nimalar bilan band ekanligi-yu, ilk fotosuratiga ham ega bo`lishingiz mumkin.Istagingizga ko`ra kichkintoyning ona qornidagi harakatlarini video tasviriga muxrlab albom yaratish imkoniyati ham yo`q emas. Yagona sharti mazkur tekshiruvlarning farqi-yu, qachon o`tkazilishini bilsangiz kifoya.
Ultratovush tekshiruvi nima?
Ultratovush to`lqinlari yordamida amalga oshiriladigan tekshiruv bo`lib, oq qora tasvirda homila ko`rinishi, joylashishi va jinsini aniqlash imkonini beradi.Tavsir aks etgan monitordagi yozuvlar yordamida homila haqida kerakli ma`lumotlar tahlil qilinadi.
Necha marta ultratovush tekshiruvidan o`tish mumkin?
Normal kechayotgan homiladorlik davrida 5-6 martagacha ultratovush tekshiruvidan o`tish mumkin. To`g`ri ba`zida ultrato`lqinlar homilaga ziyon degan gapni eshitamiz. Ammo to`g`ri va tartibli bajarilgan tekshiruvning onaga ham bolaga ham nojo`ya ta`siri yo`q. Qolaversa, UTT tekshiruvi yordamida homilaning rivojlanishi, ichki a`zolarining joylashuvi, tug`ma nuqsonlar,qo`g`anoq suvining tozalik darajasi kabi holatlar ham baxonaladi.
Birinchi tekshiruv
Homiladorlikning 12 xaftasida o`tkazilib,2D o`lchamdagi ultratovush tekshiruvi tasviri yordamida homiladagi ichki a`zolarning shakllanishi, oyoq-qo`llar, bosh chanog`ining holati haqida ma`lumot olinadi. Birinchi tekshiruvda homilaning aniq muddati va taxminiy tug`ruq davri hisoblanadi.
Ikkinchi tekshiruv
Qoidaga ko`ra homilaning 18-21 xaftaligida bajarilib, yo`ldosh joylashuvi, qo`g`anoq suvining miqdori va holati, shuningdek yurak urishi tezligining takrorlanish darajasi aniqlanadi.
Uchinchi tekshiruv
Bu vaqtga kelib homila ancha kattalashgan bo`ladi. Uchinchi tekshiruv turi tug`ruq oldi holatida bo`lgani bois homilanin joylashuvi, yo`ldosh o`qining kindik soxasidagi holati, bachadon bo`yni devoridagi tug`ruq oldi o`zgarishlarini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Shifokorlar uchun mazkur tekshiruv bosqichi ayolning tug`ruqqa tayyorgarlik holatni aniqlash uchun muhim sanalsa, ota-onalikka tayyorlanayotgan juftliklar uchun qo`l-oyoqlarini harakatlantirayotgan kichkinitoyni tomosha qilib zavqlanish onlarini taqdim etishi bilan ham qiziq.
Tezkor UTT tekshiruvi nima?
Qovuq va bel sohasidagi kuchli og`riq, ajralmalardagi o`zgarishlar, qon ketishi, muddatdan avval to`lg`oq tutishi yoki qo`g`anoq suvining yorilishi holatlarida tezkor ravishda ultratovushli tekshiruv amalga oshiriladi. Bunda homilaning yurak tezligi va o`zgarishlar sababini aniqlash muhimdir. Tezkor tekshiruv amaliyoti ayol keltirilgan tug`ruq komplekslarida amalga oshiriladi.
Skrinigga tushish shartmi?
Homilada yuzaga kelishi mumkin bo`lgan irsiy kasalliklar extimolini aniqlash, rivojlanishdan ortda qolish va tug`ma nuqsonlar shakllanishini bartaraf etish maqsadida skrining tekshiruvidan o`tish sog`lom ayollarga ham tavsiya etiladi. Mazkur tekshiruv usulida nafaqat homiladagi potologik o`zgarishlar bor-yo`qligi balki qonning biokimyoviy tahlili ham aniqlanib, yashirin turdagi ayrim kasalliklar haqida aniq ma`lumot olish imkoni beradi. Skrining tekshiruvi homiladorlikning kechishiga qarab uch davrdan birida o`tkazilib, faqat bir martalik amaliyot sanaladi. Unga ko`ra:
- Homiladorlikning 10-14 xaftasidagi erta tekshiruv – nasliy kasalliklar extimolini aniqlash, xromosom o`zgarishlarni baxolash uchun o`tkaziladi. Bunda homilaning biokimyoviy qon tahlili ham bajariladi.
- Homilada yuzaga kelishi mumkin bo`lgan tug`ma nuqsonlarni aniqlash maqsadida 16-20 xaftalikda o`tkaziladi.
- Homila rivojlanishinng kechki davrida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan o`zgarishlar va bir qancha kasalliklarni aniqlash uchun 32-34 xaftalikdagi tekshiruv.
Skrining tekshiruviga yo`llanmani tuman oilaviy poliklinikasidagi davolovchi shifokoringiz tomonidan olishingiz mumkin. Agar homiladorlik normal kechayotgan bo`lib, jiddiy havotirlanish uchun asos bo`lmasa bu tekshiruv usuliga murojaat qilish shart emas.
Dopler tekshiruviga qachon boriladi?
Homiladorlik normal holatda kechayotgan bo`lsada 24 xaftalik muddatdan so`ng yuzaga kelishi mumkin bo`lgan holatlarning oldini olish maqsadida dopler tekshiruvidan o`tish barcha ayollarga tavsiya etiladi. Bundan tashqari agar homiladorlik vaqti quyidagi holatlar aniqlansa, doplerometriya tekshiruvi bir necha marotaba belgilanishi ham mumkin. Jumladan:
- Qandli diabet, buyrak faoliyati bilan bog`liq kasalliklar
- Ko`p yoki bir necha homilali homiladorlik
- Gestoz
- Avvalgi homiladorlik vaqti kuzatilgan o`zgarishlarlarning takroriy holati
- Kardiotokografiya natijalarining qoniqarli emasligi.
Bu tekshiruv usulida maxsus datchiklar yordamida homiladagi o`zgarishlarni ko`rish mumkin. Dopler usuli “ona-yo`ldosh-homila” tizimi asosida yo`lga qo`yilgan bo`lib, homiladagi qizil tanachalar tasvirini aniqlash imkoni mavjud. Shuningdek juftliklar o`z hoxishlariga ko`ra dopler tekshiruviga murojaat qilsalar ham bo`ladi. Doplerometriya tekshiruvida aniqlangan holatlar yuzasidan UTT tahlilchisining tibbiy xulosasi tayyorlanib,zarur hollarda davolovchi shifokorga yo`llanma beriladi.
3D , 4D o`lchamli UTT ga zaruriyat bormi?
Agar davolovchi shifokoringiz homilada yuzaga kelishi mumkin bo`lgan noqisliklarni baxolash yoki kechki muddatdagi biror o`zgarishga taxmin qilsa, kattalashtirilgan o`lchamdagi tekshiruv usuliga yo`llanma berishi mumkin. Biroq shuni unutmangki, siz uchun ko`ksingizda rivojlanayotgan dilbandingizning mitti harakatlarini kuzatish qanchalik zavq bag`ishmasin shifokorlar uchun mazkur tekshiruvlar homilaning 2D o`lchamida ko`rish mumkin bo`lmagan tasvirni ifodalash va kerakli xulosalarni aniqlash uchun muxim sanaladi. 3D va 4D o`lchamli ultratovush tekshiruvini homiladorilkning 6-7 xaftaligidan 40 xaftalik muddatgacha o`tkazish mumkin.
Bir-biridan farqi nimada?
3D – odatiy 2D ultratovush tekshiruvidan farqli ravishda uchta kesimda tasvirni ulashadi. Rangli tasvirda nafaqat bolaning yuz tuzilishi va aniq qiyofasini ko`rish mumkin balki terining yumshoq to`qima mushaklarini baxolash imkoniyati ham mavjud. Qolaversa, homila qiyofasidagi ayrim noqisliklar masalan yuqori lab va tanglay kemtikligini kattalashtirilgan tasvirda aniqlash va tibbiy xulosani aniq izoxlash imkoniyatini beradi.3D o`lchamli tekshiruvda homilaning holati bir qancha tasvirga tushirilgan suratlar orqali namoyish etiladi.
4 D – 3D o`lchamdagi tekshiruv turidan onlayn tasvir harakatlarini ifodalashi bilan farqlanadi. Tekshiruv jarayonida huddi kichik videokamera homila ichida harakatlanib, tasvirni monitor ekranida aks etayotganidek tasavvur hosil bo`ladi. Bu usul maxsus moslama yordamida amalga oshiriladi. 4D o`lchamli tekshiruv homiladagi tug`ma nuqsonlar, turli harakterdagi shish, tananing ma`lum qismlarida suv to`planishi kabi holatlarni aniqlash uchun qo`llaniladi. 4D tekshiruvi ikki xil ko`rinishda: homila harakatlarini suratlar orqali izoxlash va 4D LIVE ayni damdagi bolaning harakatlarini videotasvir orqali ko`rish turlari bilan ajratiladi. Hoxishingizga ko`ra u yoki bu turini tanlab, barcha tekshiruv jarayonini diskka yozib olishingiz mumkin.
Kimlarga mumkin emas?
Ba`zi tushunchalarga ko`ra ultratovush to`lqinlari o`zidan issiqlik nurini ajratib homilaning rivojlanishi uchun ziyon qilishi mumkin deyiladi. Ammo bu noto`g`ri! Ultratovushli to`lqinlarning tebranish holati homila uchun mutlaqo beziyon. Ammo shifokorlar bu kabi tekshiruvga kelayotgan ayollarga qorinda mushaklar tonusi taranglashmagan bo`lishi maqbul ekanligini ta`qidlashadi. Faqat mana shu holatda homila holatini aniqlash biroz mushkul. Qolgan vaqtlarda utt tekshiruvi uchun qarshi ko`rsatmalar mavjud emas.
Oliy toifali akusher ginekolog Shaxnoza Baxodirova, UTT tashhisi shifokori Liliya Sabirova tavsiyalari asosida Dildora Yusufbekova tayyorladi