AsosiySUG'DIYONA

SOCh O`STIRIShNING 8 USULI

'SOCh O`STIRIShNING 8 USULI'ning rasmi

Sochning o`sish tezligi bizning genimiz va turmush tarzimiz bilan bevosita bog`liqligini unutmaslik kerak. «Sochim nega sekin o`sayapti?» degan savolni berishdan avval taomnomangiz va parvarishlovchi vositalaringizni ko`zdan kechiring... Asosiysi, muammoga har tomonlama yondashing!

1. To`g`ri ovqatlaning!

Tabiiy va sifatli mahsulotlar (meva, sabzavot va yormalar)ni iste`mol qiling. Ana shunda organizm soch o`sishi uchun kerakli vitaminlarni ovqat orqali qabul qiladi.

2. Ehtiyot bo`ling!

Kimyoviy jingalak yoki vodorod peroksidi bilan «yuvilgan» sochlar sekin o`sishi tabiiy hol. Bundan tashqari, soch bo`yog`i, laki va mussidan hamda fen, dazmol kabi vositalardan tez-tez foydalanish ham jarayonni sekinlashtiradi.

3. Soch «gullamasin»

Sochlarni uchidan bir yarim-ikki oyda qirqtirib turish ham ularning tezroq o`sishiga ta`sir ko`rsatadi. Chunki soch uchidan gullab borsa, uch qismi sinuvchan bo`lib qoladi. Natijada sochning o`sgani aslo sezilmaydi.

4. Boshingizni uqalang!

Har kuni kamida 10 daqiqa vaqtingizni boshni uqalash uchun ajratishga odatlaning. Bu bilan boshda qon aylanish jarayoni tezlashib, soch follikula (ildiz)lari kerakli miqdorda foydali moddalar bilan ta`minlanib, soch o`sishiga sabab bo`ladi.

5. Xantalli niqob

Quruq xantal kukunidan 2 osh qoshiq olib, 2 choy qoshiq shakar, bitta tuxum sarig`i va 2 osh qoshiq qaynoq suvni aralashtirib, tayyor niqobni quruq soch ildiziga surtib chiqiladi. Sochning qolgan qismiga esa kungaboqar moyidan surtish lozim. Agar niqob bosh terisini achishtirayotgan bo`lsa, iliq suvda yuvib tashlang. Keyingi safar niqobni tayyorlayotganingizda kamroq shakar solib, kungaboqar moyidan qo`shing. Bu muolajani haftasiga 1 marta 30 daqiqadan oshirmasdan bajarish lozim. Aks holda soch quruqlashib, qazg`oq paydo bo`lish ehtimoli bor.

6. Nikotin kislotasi

Nikotin kislotasini tamaki tarkibidagi zaharli nikotin moddasi bilan aslo adashtirmang. Bosh terisida qon aylanishini yaxshilash va soch ildizini mustahkamlab, o`sishi uchun 2 dona nikotin kislotasi ampulasi (dorixonalardan topish mumkin) va 1 osh qoshiq aloe o`simligining sharbati aralashtiring. Niqobni nam sochlarning ildiziga surting. 1,5 soatdan keyin iliq suvda yuving. Bu niqobdan haftasiga bir marotaba foydalangan ma`qul.

7. Qalampir damlamasi

1 osh qoshiqdan qalampir damlamasi (istalgan dorixonadan topish mumkin), chakamug` moyi (repeynoe maslo), limon sharbati va asalni aralashtirib, bitta tuxum sarig`i qo`shing. Niqobni soch ildizidan boshlab uchiga qadar surting. Polietilen qalpoq kiyib, ustidan sochiq o`rab oling va 1 soat davomida mana shu holatda yuring. Iliq suvda shampun bilan yuvgan ma`qul.

8. Kanakunjut moyi

Bu moy tarkibida yog`li kislotalar mavjud bo`lib, soch ildizi va tolasini oziqlantirish uchun foydali hisoblanadi. Buning uchun bir haftada bir marotaba moyni quruq sochlarga ildizidan to uchigacha surtib, 30 daqiqa davomida boshda ushlab turiladi. Moy sochdan tez yuvilishi uchun iliq suvda birinchi kondisioner, undan so`ng esa shampun bilan yuvgan yaxshi.

Kalonka

Fakt

Inson soch tolasi bir oyda o`rtacha 1,25 sm.ga o`sadi. Biroq organizmning turfa xilligini inobatga olinganda kimnikidir 3 sm.ga, kimnikidir esa 1 sm.ga o`sishi mumkin. Bolalarning sochi bir oyda 13 mm. o`sadi. Yosh ulg`aygani sari soch o`sish jarayoni sekinlashib boradi va ko`rsatkich bir oyda 1 sm.ni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib, soch o`sishi bevosita yosh bilan bog`liq degan xulosa kelib chiqadi. Bundan tashqari, irq ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, mongoloid irqidagi insonlarning sochi uzunroq, qalin va sog`lomroq bo`lishi isbotlangan.

Soch o`sish tezligiga ta`sir ko`rsatish uchun avvalo o`sish jarayonini o`rganish zarur. Tunga nisbatan kunduzi sochlar tezroq o`sadi. Yilning issiq fasllariga qaraganda, kuz va qish fasllarida sekinroq o`sishi kuzatilgan. Sutkaning 14-16- soatlarida ayniqsa soch tolasining doimgidan tez o`sishi ma`lum bo`lgan.

Gazetamizning keyingi sonlarida soch o`stirishning zamonaviy kosmetologik usullari — mezoterapiya, krio uqalash, lazerli terapiya, termosauna kabi muolajalar haqida ma`lumotga ega bo`lishingiz mumkin. O`tkazib yubormang!

Dermatolog-trixolog shifokor Sherzod MAHMUDOV tavsiyalari asosida Dilnoza ShUHRAT qizi tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar