Mana uzoq kutilgan onlar etib kelib, yangi mehmonni qo`lga oldingiz. Shifokor aytishicha, farzandingiz sog`lom. Ammo ertasi kuniyoq uning terisi sarg`aya boshladi. Sariqlik butun badaniga tarqaldi. Lekin xavotirga o`rin yo`q. Bu chaqaloqlik davrida uchrab turadigan holat. Shu tariqa farzandingiz yangi sharoitga moslashayapti. Lekin ayrim hollarda go`dakdagi sariqlik bir qator kasalliklarning belgisi sifatida onani sergaklantirishi zarur. Bunday paytda qanday yo`l tutish kerak? Bu haqda neonatolog Umida AZIMOVA batafsil ma`lumot beradi.
BU TABIIY HOLMI?
Kichkintoy ona qornida ekanligida kislorodni yo`ldosh orqali olgan.Tug`ilgach, homila kislorodi havodagi kislorod bilan almashindi. Eski qon tanachalari parchalanishga ulgurmay, bola jigarida bilirubin nomli modda sifatida yig`iladi. Aynan shu modda bola terisini sariq rangga bo`yaydi.
Bilirubin qonda ko`paygani sayin bolaning bosh terisi, bo`yni, ko`krak va qorin sohasidagi teri sarg`ayib boradi. Sariqlikni aniqlash uchun:
*bolaning peshona terisiga ko`rsatkich barmoq bilan engil bosiladi. Agar bosgan joy qizarmay, sariqlik saqlansa, albatta, shifokorga xabar beriladi.
* sariqlik qo`l va oyoq kaftlariga tarqalishi xavfli.
Agar bola muddatiga etib tug`ilib, tana vazni me`yorida bo`lsa, teridagi sariqlik ilk haftaning oxirlaridayoq o`z-o`zidan o`tib ketadi. Bu tabiiy (fiziologik) sariqlik hisoblanadi. Ammo sog`lom, tana vazni me`yorida tug`ilgan, kun sayin vazn qo`shib borsa-da, sariqlik 2 haftadan keyin ham yo`qolmasa, albatta, bolalar shifokoriga murojaat etish kerak. Muddatdan ilgari tug`ilgan bolalarda sariqlik 12-14 kunlik bo`lgunicha davom etishi mumkin. Negaki, ularning jigari to`la etilmagani sabab,bilirubinni organizmdan chiqarishga biroz ojiz. Bordi-yu, ulardagi sariqlik 3 haftadan ortiq saqlansa, shu bilan birga bola injiq, emishdan bosh tortsa, bu haqda albatta, bolalar shifokorini xabardor qilish lozim.
Aslida, yangi tug`ilgan chaqaloqlarning har 10 tadan 5-6 tasida sariqlik kuzatiladi. Qolganlarida esa bu jarayon me`yorda kechib, bola rangiga urmaydi.
TEZ-TEZ EMIZING
Bola sarg`ayishining yana bir sabablariga:
*tug`ilgach, sovuqqotishi,
*onaning to`g`ri emizishni bilmagani sabab, bolaning och qolishi,
*kam emgani sabab, ichi qotishi kabilar kiradi.
Aynan shuning uchun chaqaloq tug`ilishi bilanoq unga ko`krak tutiladi. Tez-tez emizish bolaning jigari, ichaklarining faol ishlashiga va ortiqcha bilirubinni tezroq organizmdan chiqarishiga xizmat qiladi. Qarabsiz-ki, 3-4 kun ichida boladagi sariqlik o`z-o`zidan yo`qoladi.
ONANING O`ZI AYBDOR?
Ba`zan boladagi sariqlikka ona suti sabab bo`ladi. Gap shundaki, tug`ruqdan keyin ayrim ayollarning sutida bola terisini sarg`aytiruvchi modda topiladi. Lekin shunda ham bolani ona sutidan ayirish noto`g`ri. Shifokor bilan maslahatlashgan holda, emizishda davom etilaveradi, faqat ona-bola tegishli davo choralaridan o`tishi kerak.
SARIQLIK KASALLIK BELGISI BO`LSA...
Ayrim hollarda chaqaloqdagi sariqlik ayrim kasalliklarning belgisi bo`lishi mumkin.U holda gap patologik sariqlik haqida ketmoqda. Uning sabablari turlicha:
*ona-bola qonining bir-biriga to`g`ri kelmasligi. Misol uchun, onaning qoni I-chi, bolada esaII-chi, kamdan-kam holatlarda III-chi guruh bo`lishi mumkin. Yoki onaning rezus-faktori manfiy, bolada esa musbat bo`lib qolishi mumkin. Ana shunda chaqaloqning rangi keskin sarg`ayib ketadi. U emishdan bosh tortadi, behol va injiq bo`lib qoladi.
*tug`ruqning shiddatli kechishi ham boladagi sariqlikka sabab bo`lishi mumkin.
* onasida qandli diabet kuzatilgan chaqaloqlarda patologik sariqlik kuzatiladi.
*chaqaloqlardagi sariqlik bolaning biron kasallik bilan tug`ilishiga ishora bo`lishi mumkin. Misol uchun, jigar etarlicha rivojlanmagan bo`lib, o`z vazifalarini etarlicha bajarmaydi. Bunda gap irsiy yo`l bilan o`tgan sariq kasali haqida ketmoqda.
*Ba`zan bolada o`t yo`llari o`tmasligi kuzatiladi. Bu ham ota-onani sergaklantirishi lozim.
* Yuqumli kasalliklar ham go`dak terisini sarg`aytiradi. Patologik sariqlik borgan sayin kuchayishi, ba`zan bir oygacha saqlanishi yoki yo`qolib yana paydo bo`lishi bilan kechadi. Bolaning peshobining rangi to`qlashadi, axlati esa aksincha och tus oladi.
NIMA QILAMIZ?
Avvalo, shifokor ko`rsatmalariga quloq tutamiz. Chunki to`g`ri tashhisni faqat u qo`ya oladi. Oddiy (fiziologik) sariqlik maxsus davolanishni talab qilmaydi. Aytilganidek, bolani tez-tez, kerak bo`lsa, uyg`otib emizish lozim.
Bu davrda chaqaloq uchun havo vannalari foydali. Ertalabki soat 10-11 gacha har kuni 3-5 daqiqaga ustini ochib, karavotchani deraza yoniga suriladi. Derazadan tushib turuvchi yorug`lik nurlari bola terisi uchun shifobaxsh bo`lib, sariqlikning yo`qolishiga xizmat qiladi.
Boladagi sariqlik me`yordan oshadigan bo`lsa, shifokorlar fotodavolash yo`li bilan bu muammoni hal qilishadi. Bunda kichkintoyingiz maxsus oynaband bo`limga solinib, ko`zlari himoyalovchi niqob bilan to`siladi. Davolovchi chiroqlar yoqilib, o`zidan yoqimli issiqlik taratuvchi muhitda bola maza qilib uxlaydi, shu bilan birga terisidagi ortiqcha sariqlikdan xalos bo`ladi. Maxsus fotochiroqlardan taralayotgan ultrabinafsha nurlarbola organizmidagi bilirubinni parchalab, peshob va najas orqali chiqishini tezlashtiradi.
Belgilangan choralardan keyin ham sariqlik ketmasa, qayta tekshiruv o`tkaziladi. Sariqlik gemolitik kasallik(ona-bolaning qoni bir-biriga to`g`ri kelmasligi) bilan bog`liq bo`lsa, qon almashtirish choralari qo`llanadi. Og`ir hollarda chaqaloqni maxsus stasionarga o`tkaziladi. Ayniqsa, sariqlik ancha kech (7-8 kunligida, ba`zan esa 14 kunligida) aniqlansa, buning sababini aniqlash shart.Chunki bunda sariqlik bolaning bosh miyasiga tarqalish xavfi bor. Bunga qarshi jiddiy choralar ko`riladi, qon zardobi, quvvatlovchi eritmalar yuborilib, bolada aniqlangan asosiy kasallik belgilari bilan kurashiladi. Sariqlik yuqumli kasalliklar belgisi bo`lsa, davolashda virus-bakteriyalarga qarshi, o`t haydovchi, jigarni tozalovchi dori vositalar qo`llanadi.
PROFILAKTIKA ZARUR
Bo`lajak ona salomatligiga jiddiy e`tibor berishi, homiladorlik paytida yuqumli kasalliklardan saqlanishi, mavjud surunkali kasalliklarni o`z vaqtida davolashi muhim.Sariqlikni engish uchun hazmi og`ir mahsulotlardan parhez qilib, yumshoq bo`tqalar, suyuq taomlar iste`mol qilish, ko`proq suyuqlik ichish maqsadga muvofiq. Yodingizda bo`lsin, chaqaloqlardagi sariqlik kasallik emas, lekin biron jiddiy kasallik belgisi bo`lmasligi uchun bu holatga beparvo bo`lmaslik juda muhim.
Barno Hojimirzaeva
Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi