Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki valyuta muomalasi bilan bog‘liq holat aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Yangiqo‘rg‘on va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida yashovchi uch nafar fuqaro qalbaki 100 dollarlik kupyuralardan iborat jami 100 ming AQSh dollarini 40 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ushbu shaxslar qalbaki 80 ming AQSh dollarini haqiqiy 40 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvlarda mazkur qalbaki pullar xorijda tayyorlangani va aylanma yo‘llar orqali mamlakatga olib kirilgani maʼlum bo‘ldi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.






