AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan tuzilayotgan kelishuv jarayoni ikkinchi bosqichga o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda u Qatar Amiri bilan uchrashuv chog‘ida jurnalistlar bilan muloqotda aytdi.
“Bizda Eron bilan kelishuv bor. U muvaffaqiyatli bo‘lishi kerak”, dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvni imzolashning keyingi bosqichi nisbatan oson kechishi kutilmoqda.
Shuningdek, Tramp AQSh Eronni tiklash uchun 300 milliard dollar ajratishi haqida tarqalgan ma’lumotlarni yana bir bor rad etdi. U Vashington Eron infratuzilmasiga mablag‘ kiritish bo‘yicha hech qanday majburiyat olmaganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar 19 iyun kuni Shveytsariyada yakuniy kelishuvni imzolashi kutilmoqda. Shundan so‘ng Tehron va Vashington o‘rtasida qolgan bahsli masalalar bo‘yicha 60 kunlik muzokaralar jarayoni boshlanadi.
Qayd etilishicha, kelishuvning elektron versiyasi tomonlar tomonidan bir kun avval imzolangan.






