Pokiston nazorati ostidagi Kashmir hududida ommaviy ish tashlash eʼlon qilinib, mintaqada hayot deyarli toʻxtab qoldi. Soʻnggi ikki haftadan buyon davom etayotgan namoyishlar va toʻqnashuvlarda kamida 24 nafar kishi halok boʻlgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mojaro mahalliy hukumat va faoliyati yaqinda taqiqlangan “Birlashgan Avomi Harakat Qoʻmitasi” (JAAC) tarafdorlari oʻrtasida yuzaga kelgan. Vaziyat Islomobod uchun siyosiy jihatdan nozik masalaga aylangan. Chunki Pokiston rasmiylari yillar davomida Hindiston nazoratidagi Kashmirda namoyishchilarga nisbatan qoʻllanilayotgan choralarni tanqid qilib kelgan.
Norozilik namoyishlari 27 iyul kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan qonunchilik assambleyasi saylovlari arafasida boshlangan. Namoyishchilar hukumatning assambleyadagi 45 oʻrindan 12 tasini Hindiston nazoratidagi Kashmirdan koʻchib kelgan qochqinlar uchun ajratish qaroriga qarshi chiqmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 6 iyundan 14 iyunga qadar boʻlgan davrda kamida 20 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan. Mintaqa politsiyasi rahbari Liyoqat Ali Malikning bildirishicha, toʻqnashuvlarda yana toʻrt nafar politsiya xodimi halok boʻlgan, 97 nafari jarohatlangan. Shuningdek, 515 nafar shaxs qoʻlga olingan.
Hozirda JAAC tarafdorlarining minglab aʼzolari Ravalakot shahri yaqinida lager tashkil qilgan. Bunga javoban hukumat asosiy avtomobil yoʻllarini yopgan, internet aloqasini oʻchirgan va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga cheklovlar joriy etgan.
Shutdaun oqibatida iqtisodiy faollik ham izdan chiqqan. Muzaffarobod shahridagi savdo nuqtalarining aksariyati yopilgan, bank xizmatlari toʻxtatilgan va yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyati cheklangan.






