— Turmush o`rtog`im uyimizdagi yong`in sababli vafot etgan. Hozirda ota-onamning uyida yashayman, shu mahallada ro`yxatda turaman. Bir nafar farzandim bor. Mahalladan moddiy yordam so`rasam, men oladigan boquvchisini yo`qotganlik nafaqasining miqdorini so`rashdi. Shu to`g`rimi?
Maftuna Samieva, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri
A`zamjon MIRZAJONOV, Fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi raisining o`rinbosari:
— O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning V-bob, 22-bandiga asosan oilaning o`rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a`zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
- mehnatga haq to`lash shaklidagi daromadlar;
- mulkiy daromadlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
- chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a`zolaridan pul tushumlari summasi;
- pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar (ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda oila olayotgan nafaqa yoki moddiy yordamdan tashqari);
- shaxsiy yordamchi (dehqon) xo`jaligini yuritishdan olingan daromad;
- O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.
Mehnatga haq to`lash shaklidagi daromadlar hisoblangan summa bo`yicha hisobga olinadi (soliq to`g`risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar chegirib tashlangunga qadar).
Oilaning o`rtacha oylik jami daromadi fuqarolar tomonidan ushbu Nizomning 13-bandiga muvofiq taqdim etiladigan oilaning tarkibi va oila a`zolarining daromadlari to`g`risidagi ma`lumotlar asosida aniqlanadi.
Bundan tashqari Nizomning 6-bandiga ko`ra, Fuqarolar yig`ini tomonidan ehtiyojmand deb e`tirof etilgan oila nafaqa va moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.






