1

ChAQALOQLARDAGI QORIN OG`RIG`INI TO`XTATIShNING 6 USULI

SUG'DIYONA 16.10.2017, 12:58
Teglar: Salomatlik
ChAQALOQLARDAGI QORIN OG`RIG`INI TO`XTATIShNING 6 USULI

Ko`pincha to`rt oylikkacha bo`lgan chaqaloqlarni qorindagi sanchiqlar bezovta qiladi. Xo`sh, qorni og`riyotgan kichkintoyga qanday yordam berish mumkin? Qorin sanchiqlari — bolaning qornida ortiqcha gaz yig`ilishi va chiqib ketmasligi oqibatida ro`y beradigan va kichkintoyni juda bezovta qiladigan og`riqlar xuruji.

Yangi tug`ilgan chaqalog`ingizning mazza qilib emib, keyin pishillab uxlab qolishiga termulib to`ymaysiz. Ammo ko`p o`tmay, sizni xavotir va qo`rquv egallab oladi. Chunki kichkintoy birdaniga qattiq chinqirib yig`lab, qo`lchalarini musht qiladi, oyoqchalarini esa tarang bo`lib qolgan qorni tomon bukib oladi. Uning qorni og`riyapti. Zudlik bilan choralar qo`llash kerak!

Nima bo`ldi o`zi?

Odatda chaqaloq hayotining uchinchi haftasida qornida og`riqlar paydo bo`ladi. Ko`pincha sanchiqlar kechqurun yoki erta tongda yuzaga kelib, har kuni deyarli bir vaqtda takrorlanadi, davomiyligi ham bir xil bo`ladi. 6-8-haftada og`riqlar avj nuqtasiga chiqadi, keyin susaya boshlaydi. 3-oyning oxiri va 4-oy boshlariga kelib yo`qoladi.

Og`riqlarni gazlar keltirib chiqaradi. Ular bolakayning hali yaxshi rivojlanmagan oshqozon-ichak tizimi mahsulidir. Axir ona qornidagi 9 oy davomida bola kindik orqali oziqlangan edi-da! Jajji organizm hosil bo`lgan gazlarni darhol chiqarib yubora olmaydi. Gazlar esa o`z navbatida ichaklar devorlariga bosim o`tkazib, og`riq yuzaga keltiradi. Oshqozon-ichak yo`lining etarlicha rivojlanishi, fermentlar va ichaklarda zaruriy mikrofloraning shakllanishi uchun vaqt kerak. Ungacha ota-onalar bolaga ortiqcha gazlardan xalos bo`lishida yordam berib turishlari lozim.

Qanday ovqatlantirayotganingizga e`tibor bering!

1. Ko`krakni to`g`ri berish.

Bola ko`krakni to`g`ri olishi va emishi juda muhim. To`g`ri emizilsa, chaqaloq ortiqcha havo yutmaydi va qorinda gazlar kamayadi. Odatda, qoidaga muvofiq emizilsa, hech qanday «cho`qillagan» ovozlar chiqmaydi. Emizayotganda ko`krakda og`riq sezish ham bolaning noto`g`ri emayotganidan darak. Chaqaloqni sun`iy ovqatlantirsangiz, butilkani to`g`ri ushlash juda muhim.

2. Maxsus butilkalar

Sun`iy ovqatlantirish uchun ichida havo yaxshi aylanadigan maxsus butilkalar ishlab chiqarilgan. Ular ichidagi sutda pufakchalar hosil qilmaydi, demak, chaqaloqning ichiga ortiqcha havo kirmaydi. Shuningdek, so`rg`ichning teshigi juda keng bo`lmasligi lozim. Aks holda bola qalqib ketib, ko`p havo yutib qo`yadi.

3. Onalar parhezi

Emizikli ona nimalar iste`mol qilayotganiga ahamiyatli bo`lishi kerak. Ayniqsa, qornida ortiqcha gaz to`planayotgan bolaning onasi qat`iy parhez tutishi lozim. Go`dakning qornida gaz hosil qilishi mumkin bo`lgan mahsulotlardan o`zingizni tiying. Ko`proq qatiq iching, go`shtni esa gaz pechida pishiring yoki dimlang (qovurilgan go`sht emang!)

Hayotbaxsh iliqlik

4. Grelka

Og`riq bezovta qilganda go`dakning qorni issiq bo`lishiga e`tibor bering. Emizayotganda yoki emizib bo`lishingiz bilan farzandingizning qorniga iliq choyshab, ichiga iliq suv to`ldirilgan butilka yoki olcha danaklari solingan grelka tuting. Olcha danakli grelka uchun qalinroq mato olib, xaltacha tikasiz. Bir chetini ochiq qoldirib, unga olcha danaklaridan to`ldirib solasiz. Keyin xaltachaning ochiq uchini ham tikib qo`yasiz. Chaqaloqda qorin og`riqlari boshlanganda, xaltachani mikroto`lqinli pechga qo`yib, isitasiz va bolaning qorniga bosasiz. Dananaklar o`zida uzoq muddat issiqlikni ushlab turadi.

  • Go`dakning choyshabini dazmol bilan isiting (faqat qaynoq qilib yubormang, bolani kuydirib qo`yishingiz mumkin) va qorniga qo`ying.
  • Ichiga iliq suv solingan butilkaning ta`siri uzoqroq cho`ziladi. Butilkani bolaning qorniga qo`yishdan avval sochiqqa o`rang.
  • Xaltacha tikib, ichiga olcha danaklari soling va uni mikroto`lqinli pechda ilitib, bolakayning qorniga qo`ying.

5. Ona ko`ksining iliqligi

Kichkintoy sizning bag`ringizda yaxshi isiydi va og`riqlar o`tib ketadi. Bolangizni ko`ksingizga yotqizing. Bunda ham taftingiz kichkintoyingizning qorin og`rig`ini bosadi, ham siz bilan jismoniy yaqinlik uni tinchlantiradi. Ko`pincha chaqaloqlar qorin og`rig`i o`tib ketgandan keyin shu holatda onasining ko`ksiga boshini qo`ygancha uxlab ham qolishadi.

6. Iliq vanna

Agar imkon bo`lsa, og`riqlar bezovta qilgan payt kichkintoyni iliq suvli vannaga tushiring. Mazkur tadbir bolakayni tinchlantiradi, iliqlik esa og`riqlarga barham beradi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1