Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda "Qo‘qon – Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotgan "Voyah" rusumli avtomobil to‘xtatilgan.
Toshkent shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan mazkur transport vositasi Namangan viloyati Pop tumanidagi "Namangan" YPH maskanida xolislar ishtirokida tekshirilgan.
Tekshiruv davomida avtomobil salonidagi o‘rindiq ostiga yashirilgan qora rangli sellofan paket aniqlangan. Uning ichida sof og‘irligi 1 kilogramm 178 gramm bo‘lgan gashish giyohvandlik vositasi hamda 8 dona "Regapen" kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu narkotik moddalar Toshkent shahridagi xaridorlarga sotish maqsadida olib ketilayotgan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni paytda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan taqdirda, DXHning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishni so‘radi. Ma’lum qilinishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.






