AsosiySUG'DIYONA

HOMILADORLIKDAGI REZUS ZIDDIYaT: EChIMI BORMI?

'HOMILADORLIKDAGI REZUS ZIDDIYaT: EChIMI BORMI? 'ning rasmi

Ko`pchilik qonning rezus faktori nima ekanini biladi (ya`ni musbat va manfiy qon guruhi), garchi kundalik turmushimizda bu narsaning bor-yo`qligi bizga sezilmasa-da. Ammo homiladorlik paytida «rezus ziddiyat» degan bir masala ko`ndalang chiqadi. Chunki ota-ona va bolaning qon rezus faktorlari mos kelmasligi oqibatida ko`plab muammolar yuzaga kelishi mumkin. Bugun ana shu masalani muhokama qilamiz.

Sabablar

Rezus-faktor – bu antigen (oqsil) bo`lib, u qizil qon tanachalari – eritrositlarning ustida joylashgan bo`ladi. U bor bo`lishi (musbat) va yo`q bo`lishi (manfiy) mumkin. Tibbiy statistikaga binoan, 85 foiz insonlarda qon rezus-faktori musbat, ya`ni qizil qon tanachalari ustida o`sha biz aytgan antigen (oqsil) mavjud (musbat rezus faktorli qon), 15 foiz insonlarda esa u mavjud emas (manfiy rezus faktorli qon).

Xavf nimada?

Homiladorlik paytida ona manfiy, homila esa musbat rezus faktorga ega bo`lsa, onaning manfiy rezus faktorli qoni tarkibiga bolaning musbat rezus faktorli eritrositlari tushadi. Shunda onaning qoni bolaning qonini begona narsadek qabul qilib, unga qarshi kurashish uchun antitanachalar ishlab chiqara boshlaydi. Bu antitanachalar bolaning eritrositlarini yo`qotib yuborishga kirishib ketadi. Bu jarayon davomida homila qoni tarkibida ko`p miqdorda bilirubin moddasi paydo bo`ladi, u esa bo`lajak farzandning miyasini emiradi. Shuningdek, homila eritrositlari to`xtovsiz emirilishi natijasida uning jigari va talog`i yangi eritrositlar ishlab chiqarishga zo`r beradi, bundan u a`zolarning o`zi zo`riqib, hajman kattalashib qoladi. Oxir oqibatda ular eritrosit tanqisligini qondirolmaydi. Homilada kislorod chanqoqligi yuzaga keladi, bu esa o`z navbatida boshqa qator muammolarni keltirib chiqaradi. Vaziyat juda og`ir bo`lsa, ish homilaning o`limi bilan yakunlanishi mumkin.

Kimlarda bo`lishi mumkin?

Rezus-faktor nasldan naslga o`tgani bois faqat bo`lajak ona qoni manfiy (Rh-), ota esa musbat (Rh+) rezus faktorli bo`lganida rezus ziddiyat muammosi yuzaga kelishi mumkin. Bunda 75 foiz hollarda ona va homila o`rtasida rezus-ziddiyat yuzaga keladi.

Xo`sh, unda manfiy rezus faktorli ayol musbat rezus faktorli erkak bilan oila qurmasligi kerakmi? Aslo unday emas.

Bunday juftlikda birinchi homiladorlik odatda muammosiz kechadi. Agar ayol avval musbat rezusli qon bilan to`qnash kelmagan bo`lsa (ya`ni avval musbat rezusli homilasi bo`lmagan, unga musbat rezusli qon quyilmagan va h.k.), demak, uning qonida musbat rezusli qonga nisbatan antitanachalar ham yo`q («birinchi uchrashuv»-da bu). Shu sababli birinchi martada antitanachalar kam miqdorda ishlab chiqariladi va u homilaga zarar etkazmaydi. Ammo ayol organizmidagi «xotira xujayralari» musbat rezus-faktorli eritrositlarni yaxshi eslab qoladi va keyingi homiladorlikda endi ularga qarshi ko`plab antitanachalar ishlab chiqara boshlaydi.

Єon rezusi mos kelmagan homiladorlikning qanday yakunlangani ham ahamiyatga ega. Agar homila tushgan bo`lsa, demak, ona qonida antitanachalar ishlab chiqarilishi faqat 3-4 foiz hollarda ro`y beradi. Tibbiy abortdan keyin esa bu ko`rsatkich 5-6 foizni, bachadondan tashqaridagi homiladorlikda taxminan 1 foizni, risoladagidek kechgan va tug`ruq bilan yakunlangan homiladorlikda esa 10-15 foizni tashkil etadi. Xullas, hammasi ona qoniga homilaning qancha miqdordagi eritrositi o`tishiga bog`liq.

Choralar

Ayollar maslahatxonalarida, albatta, bo`lajak onaning qon rezus-faktori tekshiriladi. Agar u manfiy chiqsa, otaning rezus faktorini aniqlashga to`g`ri keladi. Rezus-ziddiyat xavfi tug`ilganda (ya`ni onaniki manfiy, otaniki musbat rezus faktor bo`lsa), ayolning qoni tarkibida musbat rezus faktorli eritrositlarga nisbatan antitanachalar bor-yo`qligi, agar bo`lsa, qancha miqdordaligi tekshiriladi. Bu tekshiruv bir necha bor o`tkaziladi (homiladorlikning 32-haftasigacha oyda bir, 32–35 haftalarda oyda ikki marta, 36-haftadan boshlab har hafta), ya`ni ona qonidagi antitanachalar miqdori muntazam nazoratda ushlab turiladi.

Ona qoni tarkibidagi antitanachalar miqdoriga qarab, shifokor rezus-ziddiyat ehtimolini baholaydi va kerak bo`lganda zarur choralar ko`radi. Bundan tashqari chaqaloq tug`ilishi bilan uning qoni rezus-faktorga tekshiriladi. Agar u musbat bo`lsa, onaga tug`ruqdan 72 soat o`tmay turib antirezus zardobi (antirezus immunoglobulini) yuborilishi kerak. Bu keyingi homiladorlikda rezus-ziddiyatning oldini oladi. Xuddi shunday, bachadondan tashqari homiladorlik, bola tushishi, tibbiy abort, ayolga musbat rezus faktorli qon quyilishi, trombosit massa quyilishi, plasenta ko`chishi, homilador ayolning jarohatlanishi kabi amaliyotlardan keyin ham 72 soat ichida shu usul qo`llanadi.

Davolash

Agar homilador ayolda bola eritrositlariga nisbatan antitanachalar topilsa va ular soni ortib borayotgani aniqlansa, bu ona va bola qoni rezus-ziddiyati yuzaga kelganini bildiradi. Bunday vaziyatda maxsus perinatal markazga yotib, davo choralarini qo`llash kerak. U erda ona va homila muntazam tibbiy nazoratda bo`lishadi.

Ko`p beriladigan savollar

Singlim va turmush o`rtog`ining qoni 1-guruh musbat, ammo qizlarining qoni 1-guruh manfiy. Shunday bo`lishi mumkinmi? Bu nimaga bog`liq?

Aqida, Toshkent shahri

Insonning qon guruhi va rezus mansubligi irsiyatga bog`liq. Har bir belgi bir juft gen bilan kodlanadi. Bu genlarning biri dominant (ustun), ikkinchisi resessiv (sust) bo`lishi mumkin. Singlingiz va uning erida qon rezusi musbat bo`lgani bilan ularda manfiy qon rezusi geni mavjud va bu gen er-xotin ikkisida resessiv holatda bo`lgan. Farzandlarida esa u dominantga aylangan. Shuning uchun musbat rezusli er-xotindan manfiy rezus faktorli bola tug`ilgan.

Ayolimning qoni 1-guruh manfiy, meniki esa 3-guruh musbat. Agar birinchi homila tushgan bo`lsa, ikkinchi homiladorlikda rezus-ziddiyat yuzaga kelishi mumkinmi?

Akrom, Bo`ka tumani

Siz va ayolingizning qonlari orasida rezus moslik bo`lmagani uchun ikkinchi homiladorlikda, agar homila sizning qoningizni meros qilib olsa, immun ziddiyat yuzaga kelishi mumkin. Homila tushgan paytda antirezus-immunaglobulin yuborilgan bo`lsa, keyingi homiladorlikda rezus-ziddiyat xavfi kamayadi. Ikkinchi homiladorlik davrida onaning qonidagi antitanachalar miqdori muntazam nazoratda ushlab turilishi va ular ortgan taqdirda zarur tibbiy choralar ko`rilishi kerak.

Mening qonim 2-guruh musbat, erimniki 1-guruh manfiy. Bu hol homiladorlikda biron muammo tug`dirishi mumkinmi?

Saida, Samarqand viloyati

Sizga hech qanday rezus-ziddiyat xavf solmaydi. Rezus-ziddiyat faqat ona qoni manfiy, homilaniki musbat rezus-faktorli bo`lganida, juda kam hollarda onaning qoni birinchi, homilaniki ikkinchi guruh bo`lganda yuzaga keladi. Sizda esa umuman aksi. Shu sababli homilangiz qoni qanday rezus faktorli va qaysi guruhga mansub bo`lishidan qat`i nazar, sizda rezus-ziddiyat ro`y bermaydi.

Shifokor-ginekolog Mohira Sodiqova tavsiyalari asosida Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar