Dunyodagi kompyuter texnologiyalari etakchisi bo`lmish Apple kompaniyasining boshida Amerikaning kichkinagina shaharchasida voyaga etgan, go`dakligida ota-onasi voz kechgan, hatto oliy ma`lumoti ham bo`lmagan oddiygina yigit turganiga ishonish qiyin. 20-asrning oxiri 21-asrning boshida kashfiyotchi, novator sifatida tarixga kirgan bu inson Apple II va Macintosh kompyuterlarinigina yaratib, kompyuter sanoatini joyidan qo`zg`atdi, iPod bilan musiqa olamini qalqitdi, iPhone yordamida telefonlar dunyosini qayta qurdi, Pixar studiyasidagi dadil tajribalari esa multplikasiya sohasiga yangiliklar kiritdi. U o`z kompaniyasidan bo`shatilib, keyin yana uni eng pastdan yuqori cho`qqilarga olib chiqishga muvaffaq bo`lgan eng yosh multimillioner hamdir.
Bolaligi
1955 yilning 24 fevral kuni amerikalik Joan Shible va suriyalik Abdullafattoh Jandali o`g`illi bo`ldilar. Ammo farzandli bo`lishganidan ko`p ham xursand bo`lmadilar, negaki ular turmush qurishmagan, buning ustiga talaba bo`lganlari uchun bolani parvarish qilib, voyaga etkazishga ko`p ham ishtiyoqlari yo`q edi. Bolakayni Kaliforniya shtatida istiqomat qiluvchi Pol va Klara Jobslar oilasi asrab olib, unga Stiven deb ism qo`yishdi. Klara firmada hisobchi bo`lib ishlar, Pol esa mexanik edi. Bolani tuqqan onasi Jobslarga birgina shart qo`ydi – Stiv oliy ma`lumotli bo`lishi shart!
O`smirlik
Fizika kabinetida chastota hisoblagichini yig`ayotgan 12 yoshli Stiv Jobs shu moslama uchun ehtiyot qism so`rab, Hewlett-Packard kompaniyasining prezidenti Uilyamu Xyulettning uyiga qo`ng`iroq qildi-da, u bilan naq 20 daqiqa gaplashdi. Xyulet unga kerakli detallarni jo`natishga va`da berib, Stivni Silikon vodiysining butun sanoati yaratilayotgan o`z kompaniyasida yozgi ta`tilda ishlashga taklif etdi. Aynan mana shu erda ishlab yurgan kezlari Stiv uning keyingi taqdiriga ta`sir etgan inson – Stiven Voznyak bilan tanishdi.
Hayotni anglash...
1972 yili Stiv Jobs maktabni tugatib, nufuzli kollejga o`qishga kirdi. Yarim yildan keyin esa o`qishga bormay qoldi. Bu haqda u o`zi shunday izoh bergandi: «Men qimmat kollejni tanlagandim, ota-onamning bor jamg`armalari mening o`qishimga keta boshladi. Olti oy o`tib, bu o`qishimdan bir ish chiqmasligini tushundim. Hayotda nima qilishimni tushunmasdim, kollej esa hayotni anglashimga ko`mak bermasligi aniq edi.»
Jobs o`qishni tashlab, universitetda yashashni davom ettirdi. Endi u yotoqxonadan mahrum bo`lgan, do`stlarining xonasida erda yotib yurishga majbur edi. Kun kechirish uchun, hatto, ichimliklardan bo`shagan shisha idishlarni topshirishiga to`g`ri kelardi. Har kuni kechqurun esa etti kilometr piyoda yo`l bosib, krishnaidlar ibodotxonasiga borib ovqatlanib kelardi.
Hindiston safari
Nihoyat 18 oylik darbadarlikdan so`ng 1974 yilning kuzida Stiv Kaliforniyaga qaytdi. U erda eski qadrdoni, ixtirochi-olim Stiven Voznyak bilan uchrashadi. Uning maslahatiga ko`ra videoo`yinlar ishlab chiqaruvchi Atari firmasiga ishga joylashadi. U paytlari Stiv Jobsning olamshumul rejalari yo`q, maqsadi – Hindistonga etib olish uchun pul ishlab olish edi xolos. Axir uning yoshligi xippi harakati gullagan paytga to`g`ri kelgandi-da, bundan kelib chiqadigan oqibatlar ham uni chetlab o`tmagandi. Stivning sayohatini Atari firmasi o`z zimmasiga oldi. Faqat bir shart bilan – avval Germaniyaga borib, ishlab chiqarish bilan muaamolarni barataraf etishi kerak edi. Buni Stiv osongina uddaladi. Hindistondan esa Silikon vodiysidagi xippilarning hayot tarzidan butkul farq qiluvchi haqiqiy qashshoqlik nimaligini bilib qaytdi.
Maslakdosh adashlar
Safardan qaytgan Jobs Atarida ishini davom ettirdi. Unga o`yindagi platasidagi chiplarning sonini kamaytirish vazifasini topshirishdi va sxemadan olib tashlangan har bir chip uchun 100 dollar mukofot puli berishni va`da berishdi. Stiv Jobs elektron platalarning tuzilishini tuzuk tushunmagani bois bu ishni qilishni Stiven Voznyakdan iltimos qildi va beriladigan pulning yarmini unga berishini aytdi. Natijada Voznyak sxemasidan naq 50 ta chip olib tashlanagan plata yaritishga muvaffaq bo`ldi. Atari esa bunday puxta apparatni ishlab chiqarishga tayyor emasdi.
1975 yili Voznyak uy sharoitida ishlatishga mo`ljalaangan kompyuterning tayyor modelini Hewlett-packard kompaniyasi rahbariyatiga namoyish etdi. Ammo oddiy injenerning tashabbusi javobsiz qoldi – axir u paytlari kompyuter deyilganda og`ir temir javonlar tushunilar va ular faqat katta biznes yoki harbiy sohada qo`llanilardi. Shunda Stiv Jobs muhim qaror qabul qildi – u adashi Stiven Voznyakni va Atari firmasining chizuvchisi Ronalda Ueynni o`z kompaniyalarini tuzib, shaxsiy kompyuterllarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`yshinga ko`ndirdi. 1976 yilning 1 aprel kuni Jobs Voznyak va Ueyn Apple Computer Co. Kompaniyasini tashkil etishdi.
Applening yaratilishi
Hewlett-packard kabi Apple ham o`z faoliyatini garajda boshladi. Otasning garajidagi katta taxta stanok esa korporasiya tarixidagi birinchi konveyerga aylandi. Jobsning topshirig`i bilan Ueyn kompaniyaning logotipini chizdi. Unda boshiga olma tushayotgan Isaak Nyuton surati tasvirlangandi. Keyinchalik bu surat anchayin soddalashtirlib, kompaniyaning hozirgi ramziga aylantirilgan.
Korporasiyaning birinchi kapitali ikkala Stivning arzimas jamg`armasi –umumiy hisobda 1300 dollar bilan boshlandi. Do`konlardan biri 50 ta kompyuter yig`ishga buyurtma berganida esa ehtiyot qismlarni 30 kunlik muhlat bilan nasiyaga olib turishdi. Apple I deb nomlangan birinchi kompyuterlarini tadbirkor ixtirochilar 666,66 dollarga sotishga muvaffaq bo`lishdi. Shunday bo`lishiga qaramay, ishlar rivojlanishiga ko`zi etmagan Ueyn boshlang`ich kapitaldagi 10 foizli ulushini 800 dollarga sotib, kompaniyadan chiqib ketdi.
25 yoshli millioner
Shu yilning kuzida esa Voznyak Apple II ustidagi ishlarini yakunladi. Bu dunyodagi ilk ommaviy tarzda sotilgan rangli grafikada ishlovchi kompyuter edi. Jobs o`z navbatida kompyuterning reklamasi bilan shug`ullanib, kompaniyaning rang-barang olma shaklidagi logotipini, kompyuterlarni chiroyli idishlarga qadoqlash konsepsiyasini amalga oshirdi.
Apple II dunyo bo`ylab 5 million nusxada sotilib, 1980 yilga kelib, Apple Computer kompaniyasi kompyuter ishlab chiqaruvchi ilg`or kompaniyalar qatoridan o`rin oldi. Shu yilning oxirida ochik savdoga chiqarilgan kompaniya aksiyalari bir soat ichida sotib olindi va Stiven Jobs 25 yoshida millionerga aylandi.
Katta biznesning katta fitnalari
Macintosh bozorga chiqarilganidan keyingi dastlabki 100 kun ichida talash bo`lib sotildi. Ammo undan so`ng Macintosh va Apple ishlab chiqaruvchilari o`rtasida nizo kelib chiqdi. Natijada Stiv Jobs o`zi tashkil etgan kompaniyadan bo`shatildi. Jahl ustida u kompaniya vakili degan faxriy unvondan voz kechib, Applening o`ziga tegishli aksiyalarini sotib yubordi. Faqat bittagina aksiyanigina esdalik qilib olib qoldi. 1985 yili Voznyak korporasiyani tashlab ketdi.
Bir necha yillardan keyin esa Apple kompaniyasi bankrot bo`lish arafasiga kelib qoldi va 1997 yili Jobs yana rahbarlikni o`z qo`liga olib, uni jar yoqasidan olib chiqdi va yana sohaning eng ilg`or kompaniyalari safiga qo`shdi. Ammo ungacha hali 12 yil bor edi. Stiv boy va yosh edi. U bemalol biznesni tashlab istiqbolli loyihalarga pul tikib o`ynab kulib yashasa bo`lardi, ammo bu Stivning xayoliga ham kelmadi. U Next kompyuter kompaniyasini tashkil etdi. 1985 yili Pixar kompaniyasini sotib olib, kompyuter texnologiyalarini qo`llagan holda animasion filmlar yaratdi. Hatto uning kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan multfilm «Oskar» olishga muvaffaq bo`ldi.
Bir ko`rishdan muhabbat
Ko`pchilik yirik tadbirkorlar singari Stiv Jobs ham talabalarga ma`ruzalar o`qib turardi. 1989 yili Stenforddagi nutqini har doimgidek artistlarga hos zavqu-shavq bilan o`qirkan, birdaniga tutilib qoldi. Hammasiga sabab tinglovchilar ichida o`tirgan Lorin Pauel ismli ayol edi. Ma`ruza tugagach Stiv undan telefon raqamini so`rab oldi, muhim uchrashuvlarini qoldirib, Lorinni o`sha kunning o`zidayoq restornaga taklif qildi. Kunning qolgan qismini esa ular shahar bo`ylab sayr qilishga sarflashdi. Tez orada ular turmush qurishdi. Etti yil ichisda ular bir o`g`il va ikki qizning ota-onasiga aylanishdi.
Bundan tashqari Stivning 1978 yili nikohdan tashqari tug`ilgan qizi ham bor. Uning onasi rassom bo`lib, qahramonimiz Jajji Lizani ikki yil davomida tan olmaydi, biroq keyinchalik ota va qiz o`rtasidagi munosabatlar iliqlashadi.
2011 yili Stiv Jobs oshqozon osti bezi saratonidan vafot etdi.
Nazokat ABDUQUNDUZOVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






