Hisobchi bo`lib faoliyat yuritaman. Tinimsiz o`tirib ishlaganim bois bavosir xuruj qilyapti. Hamkasblarimdan biri bu kasallikda ishlatiladigan yostiq sotib olishni maslahat berdi. To`g`risi, bunday yostiq haqida birinchi marta eshitishim. Iltimos, shu buyum haqida to`liqroq ma`lumot bersangiz.
Rahima K., Jizzax shahri.
Haqiqatan ham bavosir xastaligida maxsus yostiqlar joningizga oro kirishi turgan gap. Bu nafaqat shu kasallik bilan og`riganlarga, balki unga moyilligi bor barchaga foydali hisoblanadi. Yostiqlar bemorning umumiy ahvoliga ijobiy ta`sir ko`rsatadi, xavfli guruhdagi va hamisha o`tirib ishlashiga to`g`ri keladigan insonlarda bavosir vujudga kelishining oldini oladi.
Kimga kerak?
- Bir joyda o`tirib ishlaydigan idora xodimlari;
- Homilador ayollar (bachadonning ichki a`zolarga o`tkazadigan bosimi qon aylanishini buzilishiga, natijada to`g`ri ichakda qon yig`ilishiga olib keladi);
- Haydovchilar;
- Bavosirni olib tashlash bo`yicha jarrohlik amaliyoti o`tkazilganidan keyin;
- Katta yoshdagilar uchun. Organizmdagi tabiiy o`zgarishlar tufayli to`g`ri ichakka qon kelishi buziladi. Natijada tomirlar devori bo`shashib, bavosir yuzaga kelishi mumkin;
- Irsiy moyillikka ega, kamharakat, ich yurishi buzilgan, muntazam gantel va shtangalar ko`taruvchi, noto`g`ri ovqatlanadigan, asabiylikka moyil kishilarda ham bavosir rivojlanishi ehtimoli bo`lgani bois, ular ham yostiqlardan foydalanishlari maqsadga muvofiq sanaladi.
Turlari
Bavosirda qo`llaniladigan yostiqlar ortopedik tibbiy buyumlar sarasiga kiradi. Ko`plab savdo markalari tomonidan ishlab chiqarilgani bois turli ko`rinish va shakldagi turlari sotuvda mavjud. Ularning har biri maxsus tekshiruvlardan o`tkazilgan bo`lib, samaradorliigi va butkul xavfsizligi kafolatlanadi. Yostiqlar o`lchami, ichi nima bilan to`ldirilgani, ko`rinishiga ko`ra farqlanadi. Shaklan dumaloq (halqa), to`g`rito`rtburchak, ponasimon bo`ladi. Shuningdek xarid qilish chog`i yostiq qancha vaznni ko`tara olishini surishtirish lozim. Bunday yostiqchalarning halqasimoni puflab shishiriladigan, porolonli yoki poliuretanli bo`lib, o`rtasi teshik doira shaklida bo`ladi. Teshikkulchaga o`xshash bu moslamaning dumg`aza sohasiga to`g`ri keladigan chuqurchasi orqa teshikdagi nozik sohaga bosimni kamaytiradi. Bundan tashqari, bemorning vaznidan kelib chiqqan holda tirgak qalinligini havoni kamaytirish yoki ko`paytirish orqali o`zgartirish mumkin (bunday yostiqlar nasos bilan sotiladi). Yostiqchalar ko`rinishidan suzish uchun mo`ljallangan halqalarga o`xshab ketadi. Shuningdek, hozirda grechixa po`chog`i solingan turlari ham mavjud bo`lib, o`tirishga qulayligi, teriga ijobiy ta`sir ko`rsatishi bilan ajralib turadi.
Qanday foydalanish kerak?
Ortopedik yostiqlarni yumshoq kreslolarga qo`yib o`tirish maslahat berilmaydi, negaki bunday holda dumba yostiqning orasiga kirib qolib, orqa teshik tomiralari siqilib qolishi mumkin. Shuningdek, yumshoq kreslolarda havo yaxshi aylamansligi bois, orqa teshik qizib ketishi va natijada to`g`ri ichak tomirlarining yanada kengayishi yuzaga kelishi yuz beradi.
Bavosir bezovta qilayotganda ortopedik yostiqda o`tirish bemorning ahvolini anchayin engillashtirishiga qaramay, unda uzoq vaqt o`tirish tavsiya etilmaydi. Vaqti-vaqti bilan – har ikki soatda o`rnidan turib, kasallikda tavsiya qilinadigan mashqlarni bajarishni unutmaslik lozim. Shuni ham inobatga olish darkorki, ushbu yostiqchalar bavosirga qarshi qo`llaniladigan davo choralarining bir qismigina bo`lib, davolovchi shifokor tavsiyalarini zinhor bekor qilinishiga sabab bo`lolmaydi.
Bavosirda qo`llaniladigan maxsus yostiqlardan foydalanib, bu darddan butkul xalos bo`lish mumkin degan, noto`g`ri tushunchaga bormang. Kasallik paydo bo`lishi zahoti proktolog shifokorga uchrab, uning tavsiyalariga to`liq amal qiling. Bavosirga qarshi yostiqchaning vazifasi – og`riqni kamaytirish va bu kasallik kelib chiqishining oldini olishdir.
Narhi: 60 ming so`mdan 100 ming so`mgacha.
SUNSET tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






