Uzoq kutilgan 9 oy o`tdi ham. Ammo kichkintoyingiz hanuz sizni hursand qilishga shoshmayaptimi. Homiladorlikning 40-41 haftasidan keyin har bir kun oydek cho`zilishi ayni haqiqat. Bu davrda onadan talab qilinagani tinchlanish, ammo qanday? Bir tomondan «haliyam tug`madingizmi?» qabilidagi savollardan noqulay bo`lsangiz, shifokorlarning yo`ldosh «qariyotgani» haqidagi gaplari butkul xavotirga soladi. Xo`sh, bu holatda qanday yo`l tutish kerak. Tinchlanib tug`ruqni kutishda davom etishmi yoki shifokorlarning to`lg`oq dardini chaqirib olishiga ko`nishmi?! Ushbu savollarga shifokor-ginekolog Muyassar NAZIROVA javob beradi.
MUDDATDAN O`TIB KETYaPMANMI?
Me`yordagi homiladorlik oxirgi hayzning birinchi kunidan 40 hafta yoki homilador bo`lgan paytdan 38 hafta o`tadigan davrni o`z ichiga oladi. Yana bu ko`rsatkichga 1-2 hafta qo`shamiz yoki aksincha ayiramiz. Ko`pchilik ayollar hayzning oxirgi kunini yaxshi eslolmasligi bois keyinchalik homiladorlikning aynan qaysi haftasida ekani jumboqqa aylanadi. UTT tekshiruvi esa ba`zan bir haftaga ko`proq ko`rsatishi mumkin. Agar hayz oralig`i 28 kundan oshsa, homiladorlikning 40 haftalik muddatdan oshishi me`yoriy holat hisoblanadi. Lekin hayzi har 25-28 kunda (bir oyga etmasdan) keladigan ayollar odatda, 36 haftadayoq tug`adi.
Agar homiladorlikning boshi kuchli toksikoz, ayolning gripp va boshqa yuqumli kasalliklar bilan og`rishi, asabiylik, behollik, qon bosimining kekskin ko`tarilib ketishi kabi muammolar bilan kechsa, homiladorlik ancha cho`zilib, ayol 40 haftadan keyin tug`ishi mumkin. Lekin bu degani bola ona qornida muddatidan ortiq qolib ketdi, degani emas. Homila erta bosqichda onadagi muammolar tufayli o`ziga ololmagan quvvatni shu 1-2 haftada oladi.
Bundan tashqari, naslda kech tug`adiganlar bo`lsa, bu avlodga o`tishi mumkin. Shu o`rinda ruhiy ta`sirning ham o`rni bor. Misol uchun, ayol eri safardan kelishiga tug`aman, deb xayol qilsa, organizmi shu sharoitga moslashadi.
TUG`DIRIB OLINADI, QAChONKI...
- UTTda qog`anoq suvlarning kamayishi ma`lum bo`lsa. Bu holat tug`ruq jarayonini sustlashtiradi;
- Bachadon bo`yinchasining etilmaganligi – homiladorlik muddatidan aniq o`tib ketayoganidan darak beradi;
- Bolaning yurak urishi sekinlashsa;
- Bola kalla suyagining qattiqlashib qolgani;
- Qog`anoq suvlarida shilimshiq surtma modda yo`qligi bola terisining quruqlashganidan darak beradi.
- Yo`ldoshning qariganligi – UTT tekshiruvida aniq ko`rinib, o`sayotgan bola ehtiyojlarini yo`ldosh qondira olmayotganidan darak beradi.
- Qog`anoq suvlarining xiralashishi bolaga kislorod etishmayotganini bildiradi. Agar mazkur holatlar tekshiruv paytida aniqlansa, shifokor ayol va uning yaqinlariga tug`dirib olish muhimligini aytadi.
NEGA ShUNDAY BO`LADI?
Bu ayolning asab tizimiga bog`liq. Bola immunitetining etuk emasligi ham ushbu muammoga sabab bo`lishi mumkin. Agar ona homiladorlik davrida yaxshi ovqatlanmasa, taomnomasida foydali mahsulotlar, darmondorilar qatnashmasa, ushbu davr asabiylik, og`ir mehnat yoki aksincha lanjlik, kamharakatlik sharoitida kechsa, tug`ruq yuzaga kelavermaydi. Axir ona ham u tug`moqchi bo`lgan bola ham inert (lanj, behol) sharoitga moslashib bo`ldi. Darmondorilardan S, R, E, V larning etishmasligi, buqoq kasali, semizlik, abortlar, jinsiy yo`l bilan o`tadigan kasalliklar ham sababchi bo`lishini unutmang.
ONANING O`ZIGA HAM BOG`LIQ
Ko`pchilik ayollar homiladorlikning ilk bosqichida bola tushib qolmasligi uchun o`zini ayashga tushadi. Bu homiladorlikda kor kelsa-da, tug`uruqning yuz berishiga to`sqinlik qiladi. Shuning uchun shifokor homiladorlik muddatidan o`tib ketayotgani haqida UTT belgilariga qarab xulosa chiqarsa, uzoq piyoda yurish, gimnatiska mashqlari, suzish, zinadan ko`tarilib-tushish kabilardan foydalaning. Lekin og`ir yuk ko`tarmang.
Bilasizmi?
Homiladorligidan zavq olayotgan faol ayolda tug`ruqning cho`zilib ketishi kabi holat kuzatilmaydi. Ko`pincha turmush o`rtog`i bilan ziddiyatlarga borayotgan ayollarda homiladorlik davri uzayib ketishi mumkin. Buning psixologik sababi bor. Ayol tug`ruqdan qo`rqib, kerakli quvvatni, ishonchni eridan olmoqchi bo`ladi. Bunday paytda ikkingizning dildan suhbatlashishingiz muammoni hal qiladi. Ayol tinchlanib, tug`ishga tayyor bo`ladi.
KIChIK TEST
Ayol uy shroitida tug`ruqqa tayyorligini aniqlashi mumkin. Buning uchun quyidagilarni bajarishi kerak:
1.O`zingizga qulay sharoitda yoting yoki o`tiring. Yoningizga soatni qo`ying. Ko`krak uchlarini bir daqiqada 5-6 maratagacha 3 daqiqa davomida engil uqalang. Bachadon qisqarishini sezish uchun, ikkinchi qo`lingizni qoringa qo`ying.
2.Agar ilk uch daqiqada bachadon qisqara boshlasa, hammasi joyida – tug`ruq yaqinlashgan.
3.Agar bachadon qisqarishlarini sezmasangiz, muddatidan o`tib ketayotganning xavfi bor.
Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi