AsosiySUG'DIYONA

Tom XENKS – BUYuK AKTYoRNING baxtiqaro bolaligi, xotini tashlab ketgani, rolllari tufayli orttirgan xastaligi, farishtamonand ayoli haqida

'Tom XENKS – BUYuK AKTYoRNING baxtiqaro bolaligi, xotini tashlab ketgani, rolllari tufayli orttirgan xastaligi, farishtamonand ayoli haqida'ning rasmi

«Hayot zar qog`ozga o`rog`liq konfetga o`xshaydi, to uni totib ko`rmaguningcha ichida nima borligini bilmaysan...» Mashhur film «Forrest Gamp» qahramoni tilidan aytilgan bu jumla aslida uning dil so`zlari. Dunyoga mashhur aktyor, ikki bora «Oskar» mukofoti sovrindori Tom XENKS hayoti ham zar qog`ozga o`rog`lik. Yuragi tubidagi haqiqatlari esa kishini o`yga toldiradi.

Ko`ngli yarim bolakay

— Biz oilada uch farzand edik. Ota-onam to`rtinchi bolasi dunyoga kelishidan oldin ajrashishdi. Men otam bilan qoldim. 16 yil davomida uch ona, to`rt o`gay otani ko`rdim, 5 maktabda o`qidim, 10 ta uyda yashadim. Bular shunchaki raqamlar emas. Ular ostida mening baxtiqaro bolaligim yotibdi. Muqim oilam bo`lmagan. Demak, tarbiya ham ko`rmaganman. Eng beg`ubor davrim otamning eski furgonida o`tgan. Qo`limda singilchamni ushlab, oynadan kuz manzarasini kuzatib o`tiradim. Sovuq etimni junjiktirardi va ich-ichimdan takrorlardim: hech qachon yolg`iz qolmayman. Meni doim tushunishadi va sevishadi.

Bir gal yana yangi maktabga borganimda san`at to`gariga yozilganman. 12 yoshimda aktyor bo`lish istagi uyg`ondi ko`nglimda. Ammo dadamga bu haqda aytganimda, u «Sen mashxarabozlik bilan qorin to`ydirish mumkin deb o`ylasanmi? Shunchalar ahmoqmisan, yaxshiroq sohani tanlay olmaysan?» degandi. Nahotki u kishi meni hech qachon tushunmagan?

Yoshlikdagi xato

— Samanta bilan Kaliforniya universitetining drama san`ati fakultetiga o`qishga qabul qilingach, tanishib qolganman. U yigirma, men yigirma ikki yosh edim. Endi o`ylab qarasam, o`sha paytdagi tuyg`ular sevgidan ham ko`proq havasga o`xsharkan. Turmush qurdik, ijara uyda yashay boshladik. Men teatrda ishlashdan tashqari to`g`ri kelgan yumushlarni ham qilib ketardim. O`g`lim tug`ilgach esa puldan yanayam qiynalib qoldik. Turmushimizning ilk yillari qashshoqlikda o`tgan. Doim chiroyli oilam, ko`k maysalar ekilgan bog`cha o`rtasida oppoq rangdagi uyim bo`lishini orzu qilardim. Ammo ro`zg`or orzularni o`z domiga tortib ketgandi. Keyin qizimiz tug`ildi. Salkam to`qiz yil birga yashadik. Samanta mening qiyofamda yaxshi ota va mas`uliyatli erni ko`ra olmadi. Qo`lim qisqaligi uni bezdirdi. Tan olaman, omadsiz va mas`uliyatsiz edim. Oxiri Samanta bolalarni olib, meni tashlab ketdi. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. O`g`lim qo`ng`iroq qilib, «Dada, siz menga keraksiz! Uyga vazifamni bajara olmayapman», dedi. Endi gapira boshlagandim, Samanta go`shakni tortib oldi-da, «Bolalarni tinch qo`y! Ularga sening hech qanday yordaming kerak emas», dedi! O`shanda juda yomon ahvolga tushganman. Demak, men yolg`iz yashashga mahkum ekanman-da, deb o`ylaganman. Ishga borib kelardim. Uyga kelsam, zimiston yutib yuboray derdi. Ichimdagi ovoz esa yuragimni tilkalardi. «Men hech kimga kerak emasman!» Bora-bora bu holat o`zgardi. San`atda o`z o`rnimni topa boshladim. Menga ham omad kulib boqdi. Samanta ham bolalarni tez-tez yonimga jo`natib turadigan bo`ldi. Bir kuni, hatto, menga qo`ng`iroq qildi. Shifokor unga saraton xastaligi tashxisini qo`ygan ekan. Hayotining oxirgi yillarida u ham xatolarimizni tushunib etdi, shekilli...

«Idealimdagi AYoL»

— Bir qarashda muhabbat borligiga ishonaman! Ha, men Ritani bir ko`rishdayoq sevib qolganman. Biz film kastinggida tanishib qolganmiz. Bilasizmi, inson hech narsaga ishonmay qo`ysa ham, barcha narsani inkor qilsa ham, taqdir unga oxirgi imkoniyatni berarkan. Ritani ko`rganimda u mening bu hayotdagi so`nggi imkonim ekanligini tushunganman. Bu imkonni qo`ldan chiqarishga esa haqqim yo`q edi. U hayotimga kirib kelgach, hammasi o`zgardi. Quvonch, romantika, muhabbat, bolalikdagi orzularning ushalishi. Bir kuni unga ko`nglimni yordim. «Men otamning xatosini takrorlashdan qo`rqaman. Hayotim, oilam butun bo`lishini istayman», dedim. U esa «seni tushunaman», deya qo`llarimdan tutdi. «Men omadliman, va bilamanki, idealimdagi ayol bor, u qarshimda...» deya dil izhori qildim. Shu bilan biz oila qurdik. To hozirgacha biz bir-birimizning jig`imizga tegishni yaxshi ko`ramiz. «Kimning muhabbati kuchli?» deya tortishamiz. O`zimga yarasha odatlarim ham bor. Masalan, ertalab ayolimga xayrli kun tilab, xatcha yozaman-da, uni qahva qaynatadigan moslama yoki telefon go`shagi yoniga qo`yib ketaman. Eng quvonarlisi, u shu yozishmalarning barchasini yig`ib, asrab qo`yibdi! Bu juda yoqimli hissiyotlar, uning borligini, sevgisini his qilish, so`z bilan ta`riflab bo`lmaydi!

«Qahramon ota bo`lishni istayman!»

— Bolaligimda o`zimga-o`zim so`z berganman: menda hammasi boshqacha bo`ladi! Farzandlarim yaxshi yashasin deb, tinimsiz mehnat qilib kelayapman. Ularning orzu-istaklarini amalga oshirish uchun hamma narsaga tayyorman! Bir paytlari yaxtam yoki samolyotim bo`lishi etti uxlab tushimga ham kirmasdi. Bolalarimning bugun esa imkoniyatlari keng. Katta o`g`lim Kolin mendan ko`ra kuchliroq aktyor. Chunki u pul uchun to`g`ri kelgan rolni o`ynamayapti, iqtidorini bekorga sarflamayapti. U menga bobolik baxtini tuhfa etdi. Nevara qizlarim borligi ko`nglimni tog`dek ko`taradi. To`g`ri, avvaliga Kolin ham, qizim ham ikkinchi oilamni qabul qilishga qiynaldi. Vaqt o`tib, ular meni kechirishdi va muhimi, tushunishdi. Samantaning vafotidan keyin qizim ham men bilan yashayapti. Ukalari bilan munosabati yaxshi.

Ikkinchi o`g`lim dunyoga kelganda yoshlikdagi xatolarimni takrorlamaslikka harakat qildim. E`tiborimni oilamga qaratdim. Ko`plab takliflarni rad etdim. Bir yil mobaynida faqat bittagina kartinada suratga tushdim.

Doim o`zimga bir savolni beraman: Men bolalarimga o`rnak bo`layapmanmi? Kino olamida yulduzdirman, ammo ota sifatida ular uchun qahramonmanmi? Ha, deya javob berolmayman-u, ammo harakat qilayapman. Ularni eshitishni yoqtiraman. Ko`proq savol beraman. Tergash emas, bolalarning istaklari bilan qiziqish kerak ekan. «Nima istayapsan?» «Xohishing nima?» Shu yo`l bilan muamolarni hal qilamiz. Umuman olganda, oila kuchli muhabbat va tinimsiz mehnat talab qilarkan. Baxtli oila barpo qilish kinoda suratga tushishdan anchayin qiyin ekan.

San`at uchun qurbon bo`lgan sog`lik

— Menga shifokorlar 2-turdagi qandli diabet tashxisini qo`ydi. Bu kasallikning sabablaridan biri vaznining tez-tez o`zgarishi ekan. Men esa «Ularning shaxsiy mulki» filmi uchun 1992 yilda 13 kiloga semirdim, 2000 yil yana bir film uchun 22 kilodan ko`proq ozdim. 36 yoshimdan buyon qonimda qand miqdori oshgani haqida ogohlantirgandi mutaxassislar. Biroq bundan tashvishga tushmagandim. Shifokor menga «Maktabdagi vazningga qaytsang, kasallikning oldi olinadi», degandi. Axir bu mumkin emas-ku! U paytlari 50 kilo edim, hozir 85 kiloman! To`g`ri, endi qattiq semirib yoki ozish talab etiladigan rollarni rad qilaman. Salomatligim uchungina parhez tutishim mumkin. Ayolim mening parvarishimga qattiq kirishgan.

Qo`sha qarish istagi

— Men er yuzidagi 80 foiz insonlarning yaxshiligiga ishonaman. Qolgani yolg`onchi va mutahhamlardir. Demak, yaxshilar atrofimizda ekan, yaxshi yashashimiz kerak. Yana bilasizmi, farishtalar bor! Masalan, mening rafiqam farishta, faqat qanotlari yo`q. Men uni sevaman! Ayolim bilan uzoq yillar oilam davrasida baxtli hayot kechirishni istayman!

U haqda:

Tom Xenks — aktyor, ssenariynavis, rejissyor, prodyusser, bastakor. Ikki bora «Oskar» mukofotini qo`lga kiritgan.

1956 yil, 9 iyul kuni Kaliforniya shtatida tug`ilgan.

3 o`g`il, bir qizning otasi. To`ng`ich o`g`li Kolin Xenks iste`dodli aktyor. 2 nafar nevarasi bor.

Shoira ShAGIAHMEDOVA tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Boshqa yangiliklar