AsosiySUG'DIYONA

NIKOLAS KEYJ – XAYoLPARAST, ROMANTIK VA JASUR QAHRAMON

'NIKOLAS KEYJ – XAYoLPARAST, ROMANTIK VA JASUR QAHRAMON 'ning rasmi

Nikolas Keyj haqida shunchaki jurnalist sifatida yoza olmayman. Nima qilay, juda yaxshi ko`raman-da, bu aktyorni. Muxlis sifatida yozishim mumkin. Ammo bu quyida u haqida keltiriladigan ta`riflarning kiymatini oz bo`lsa-da tushirmaydi. Chunki bu aktyor olamshumul e`tirofga nomdor qarindoshlari yoki pullari tufayli emas, O`ZI erishgan. Hurmat qilaman! Marhamat, tanishing va hayratlaning: «Oskar» sohibi Nikolas Keyj janoblari!!!

«Men nega aktyor bo`ldim?»

– Bizning artistlar sulolamizda otam Ogast xuddi oq qarg`adek ajralib turardi. U filolog professor. Bobom Karmine Koppola Italiyadan Amerikaga kelib, taniqli musiqachiga aylandi, u Toskani orkestrida ishlardi. Bobom mashhurlik va davlatga erishib, oilani qashshoqlik botqog`ig`idan tortib oldi. Otam kitob jinnisi edi, yoshligidan tinmay kitob o`qigan, adabiyotga qiziqqan. Uning ukasi Frensis esa oila an`analariga sodiq qolgan holda san`atni tanladi – kinorejissyor bo`ldi. Onam, juda chiroyli ayol, raqqosa Joy Fogelzang asl kelib chiqishi nemis bo`lib, yumshoq qilib aytganda, biroz xayolparastroq edi, o`zi bilan o`zi gaplashib yurishi, bora-bora nutqini hech kim tushunmay qolishi mumkin edi. U ko`p vaqtini ruhiy kasalliklar shifoxonasida o`tkazardi. Biz oilada 3 o`g`il edik. Bir kuni ota-onam janjallashib qolishdi, onam jahl ustida otamga: «Nikolo (ya`ni men) sening o`g`ling emas!» deb yubordi. Otamning tomirlaridagi italyan qoni jo`sh urib, doim ham esi o`zida bo`lavermaydigan onamning gapidan jahli chiqdi va... Akalarimni qarindoshlar o`z qaramog`iga olishdi, meni esa o`zi otam bilan qoldim. Onam doktorlar qo`liga topshirildi. Biz Los-Anjelesdan San-Fransiskoga ketdik. Otam universitetda ma`ruza o`qir, bo`sh vaqtini men bilan o`tkazishga harakat qilar, o`zini oldimda aybdor hisoblar, shu sababli «yolg`iz ota» vazifasini yaxshi ado etishga jon-jahdi bilan kirishgandi. Biz u bilan kutubxonalarga, muzeylarga borardik, kinolarga tushardik. Aynan o`sha paytda menda aktyor bo`lish niyati tug`ilgan. Lekin otamning bo`sh vaqti ko`p bo`lmasdi. Shu sababli ta`til kunlarini men Frensis amakimnikida o`tkazardim. Uning Roman va Sofiya ismli farzandlari bor edi. Ular meni o`z oila a`zolaridek ko`rishardi. Ammo men o`sha paytdayoq «Cho`qintirgan ota» kinoepopeyasining rejissyori bo`lgan amakim Frensis fon Koppola va oddiy universitet professori otam orasida ijtimoiy va moddiy jihatdan katta farq borligini his qilganman.

«Ilk aktyorlik tajribam»

– Onamni juda sog`inardim. Shu sababli ko`p vaqtimni yolg`iz o`tkazardim, otamning kutubxonasidan chiqmay kitob o`qirdim. Xullas, odamovi, xayolparast bola edim. Tengdoshlarim uchun esa nishonga aylangandim. Masxaralash, pullarimni olib qo`yish, ustimdan kulish, ur-yiqitlar – hammasi bo`lgan. Ammo aynan shu holat tufayli ilk bora rol o`ynadim. Meni yuqori sinfdagi bir bola ko`p masxara qilardi. Bir kuni maktab avtobusida hammaning oldida ustimdan kuldi. Juda alam qilib ketdi. U paytda akalarim bilan qayta topishib, birga yashayotgandik. Katta akamning xonasiga kirib, kiyimlarini kiyib oldim, qora ko`zoynagini qo`ndirdim-u, o`sha meni xafa qilgan bolaning oldiga borib, ovozimni do`rillatib dedim: «Men Nik Koppolaning akasiman, agar yana bir marta ukamni xafa qilsang, seni erning tagidan bo`lsayam topaman-da, dabdalangni chiqaraman». Po`pisa o`z kuchini ko`rsatdi, meni bolalar tinch qo`yishdi. O`shanda obrazga kirish, rol o`ynash nimaligini his qildim. Bu mening ssenariysiz, rejissyorsiz hayot sahnasida o`ynagan ilk rolim edi.

«Nega familiyamni o`zgartirdim?»

– Ochig`i, menga mashhur rejissyorning jiyani deb qarashlarini yoqtirmasdim. Men Koppolalar qatoridagi aktyorlardan biri bo`lishni istamadim, O`ZIM bo`lib ishlagim keldi. Ko`p o`yladim, oxiri Keyj familiyasini tanladim. Ko`pchilik nega ingliz tilida «qafas» ma`nosini anglatuvchi bu so`zni taxallus sifatida olganimdan hayron bo`ldi. Yoshligimdan komikslarga juda qiziqardim. Keyj men yoqtirgan komiks qahramoni edi, shu xolos.

Elvis Presli va boshqalar

– Yoshligimda muhabbat nima deb so`rasalar, muhabbat – bu olov deb javob bergan bo`lardim. Chunki o`zim ham olov edim. Meni kassabop filmlarda ko`p o`ynaydi deyishadi. Aslida, men juda ko`p suratga tushaman. Kassabop filmlarda pul uchun emas, u erdagi shiddatli rollar yoqqani sabab o`ynashni yaxshi ko`raman. Yoshligimdan motosiklni uchirib haydash, baland tomdan sakrash men uchun odatiy hol edi. Xatarli vaziyatlarni yoqtirardim, xavf-xatar menga tinchlantiruvchi doridek ta`sir qilar, kayfiyatimni ko`tarardi. Hayotda ham, muhabbatda ham ana shunday xavfli tryuklarni sevib yashadim va yashamoqdaman. Ilk muhabbatim Patrisiya Arkett ismli tannoz qiz edi. O`sha paytlari bu injiq malikaning ko`nglini olish bosh maqsadga aylanib qolgandi. U oldimga qanchalik qiyin vazifalarni qo`ysa, unga intilishim shunchalik oshardi. Masalan, u qo`limni so`raganingda qora orxideya sovg`a qilmasang, rozilik bermayman dedi. Tabiatda qora orxideya bo`lmaydi. Ammo men qora orxideya topdim, aniqrog`i maxsus bo`yoq topib oq orxideyani bo`yadim. Sevgilim mashhur yozuvchi Jerom Sellinjerning dastxatini so`radi. Men Sellinjerni topib, dastxatini olishga muvaffaq bo`ldim (buni qanday amalga oshirganimni aytib o`tirmayman, tarixi uzoq). Xullas, men zerikarli hayotda yashay olmasdim. Ammo shuncha qahramonliklarimga qaramay Arkett bilan birgalikdagi hayotimiz uzoqqa bormadi. Bu muhabbatdan katta o`g`lim Ueston dunyoga keldi.

Men yoshligimdan rok-n-roll qiroli Elvis Preslining fanati edim. Uning yagona qizi Liza Mariya Presli bilan uchrashib, uni sevib qoldim. O`sha paytda u Maykl Jekson bilan ajrashgan edi. Biz birga ajoyib rejalar tuzdik. Elvisning Greyslend degan qasridan nusxa olib qasr qurmoqchi bo`ldik. Ammo tanish-bilishlar bizni bu telba g`oyadan aynitishdi va endi o`ylab qarasam, to`g`ri qilishgan ekan. Chunki Greyslendda istagan paytimiz mehmon bo`lishimiz mumkin edi. Bunday vaziyatda yana bitta shunday uyni qurishdan nima ma`no? Ammo kumirimning qizi bilan ham oilamiz o`xshamadi. Ikkimizni Elvisga muhabbatdan boshqa narsa bog`lab turmasdi. 108 kunda bu oila ham bitdi.

Shundan keyin agar sevadigan va uylanadigan bo`lsam, qiz umuman san`atga aloqador bo`lmasligi kerak deb niyat qildim. Niyatim xolis ekan. Yoshim 40 ga etganda sushi barda oddiy ofisiant bo`lib ishlaydigan 20 yashar Elis Kim bilan tanishdim. Єiz o`zining oddiyligi, samimiyligi bilan yuragimdan joy oldi. Hozir oila qurganimizga 9 yil bo`ldi, o`g`limiz bor. Elis menga o`xshab xavoyi romantik emas. U erda yuradi, mening hayotimni tartibga solib, rejalab boradi. Men hamma safarlarimga uni olib yuraman.

Xolis fikr

Biz aktyorning shaxsini ochishga harakat qildik, uning aktyorlik jihatlariga esa filmlarini ko`rib baho berish mumkin. Masalan, «60 soniyada mashina o`g`irlash», «Muzlagan er», «Xavfli tovlamachilik» va hokazo. Birda qallob, birda jasur, birda haqgo`y bo`lib u tomoshabinning qalbini o`g`irlaydi. Nikolas farishta emas. Uning muammolari ko`p. Jahondagi eng ko`p gonorar oladigan 5 aktyordan biri bo`lgan, yiliga 6–8 ta filmga suratga tushadigan Keyjning soliqdan 6 million qarzi borligi hammani hayratga soldi. Ammo aktyor haqiqiy romantik kabi pulni maqsad emas, vosita deb yashaydi. Hisobni-ku yaxshi biladi, ammo biron raritet jurnal nashri, qadimiy qasr yoki noyob mashinani ko`rganda o`zini to`xtata olmaydi. Yoshligida uysiz o`sgani ta`sirimi, ko`plab uylar sotib olgan. Ular orasida risarlar saroyi ham, arvohlar yashaydigan qasr ham, zamonaviy villalar ham bor. Oxirgi paytlarda qarzlardan qutulish uchun o`sha uylarni arzon bahoga sotib yuborganidan odamlar achinishdi, ammo Nikolas Keyjning o`zi emas. U bosh omon bo`lsa, do`ppi topiladi deydiganlardan. Hamon tinmay mehnat qilib, ummondek moviy ko`zlari bilan ayollarning qalbiga cho`g` solib yurgan Nikolas 2014 yilda bobo bo`lishga ham ulgurdi: katta o`g`li o`g`il farzandlik bo`ldi!

Bu biz bilgan va bilmagan ziddiyatlarga boy romantik Nikolas Keyj!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar