AsosiySUG'DIYONA

MUDDATDAN AVVAL SUV KETSA...

'MUDDATDAN AVVAL SUV KETSA... 'ning rasmi

Tug`ruqdan avval qog`anoq suvining ketiishi xavfli emasmi? Buning sababi nimada?

Ma`mura, Toshkent shahri

Farzand tug`ilishi inson hayotidagi eng katta mo``jiza hisoblanadi. Ikki dona mitti hujayradan 9 oy ichida to`laqonli rivojlangan, o`ziga xos fe`l-atvor egasi dunyoga keladi. Tabiat buning uchun barcha sharoitlarni hozirlab qo`ygan – yo`ldosh homilani oziq moddalar bilan ta`minlaydi, qog`anoq suvi esa uni ko`plab ta`sirlardan himoyalaydi. Tug`ruqning engil o`tishi ko`p jihatdan qog`anoq suviga bog`liq. Har narsaning me`yori, muddati bo`lganidek, qog`anoq suvi ham o`z vaqtida organizmdan chiqib ketishi kerak. Aks holda, ayol ko`pgina noxush holatlarga duch keladi. Bu haqda shifokor-ginekolog Dildora BO`RIBEKOVA ma`lumot beradi.

«OBI-HAYoT»

Shifokorlar qog`anoq suvini homilaning obi-hayoti deb ataydilar. O`ylab qaralsa, haqiqatan ham shunday, axir rivojlanishining ilk damlaridan boshlab, homilani xuddi shu suv boqadi, yayrab o`sishini ta`minlaydi. Qog`anoq suvi ona qonining suyuq qismi – plazmadan tashkil topgan. Homila ular bilan oziqlanadi va xuddi shu suvlarga chiqit moddalarni ham ajratadi. Tabiatning zukkoligini qarang: bola uchun ushbu suvli muhit doim toza bo`lishi uchun, qog`anoq suvlar har uch soatda yangilanib turadi. Homila o`sgan sayin bu suvlarning miqdori ham oshadi. Misol uchun, 10 haftalik homilada qog`anoq suvlarning miqdori atigi 30 ml bo`lishi mumkin. Homiladorlikning oxirida esa ular 1-1,5 litrni tashkil etadi.

TUG`RUQ UChUN MUHIM

Homilaning oldidagi suv bachadon naychasiga bosim o`tkazib, uning ochilishiga yordam beradi. Homila pufagi yorilishi bilan qog`anoq suvi tug`ruq yo`llarini yuvib, bolaning oson o`tishini ta`minlaydi. Homila ortidagi qolgan suv esa hatto tug`ruq jarayonida bolani himoyalab turadi.

HAR NARSADA ME`YoR ZARUR

Ba`zan UTT tekshiruvida ayolga qog`anoq suvlarining ko`pligi yoki aksincha kamligi haqida xabar beriladi. Bunda homila qimirlaganida ona qorin pastida og`riq sezadi.

Qog`anoq suvining kamligi onaning yuqumli kasallik bilan og`rish asorati hisoblanadi va virus-bakteriyalarning homilaga o`tishi xavfi yuzaga keladi. Bu homila rivojlanishidagi nuqsonlardan ham darak berishi mumkin. Qog`anoq suvining keskin kamayishi homila uchun juda xavfli – bunda o`tkir kislorod etishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin. Bundan tashqari, qog`anoq suvi kam bo`lsa, tug`ruq ancha sust kechib, shifokor kesarcha kesish yo`liga murojaat qilish ehtimoli ham yo`q emas.

Ba`zan aksi kuzatiladi – tekshiruvda qog`anoq suvlarning 1,5 litrdan ko`pligi aniqlanadi. Bu ham onaning homiladorlik davrida ko`p shamollashi, onaning qoni bolaniki bilan to`g`ri kelmasligi sababli hamda egizak homilada yuz berishi mumkin. Suv ko`pligidan bola haddan ziyod ko`p harakatda bo`lib, kindik o`ramiga o`ralib qoladi. Qog`anoq suvi ko`p bo`lsa, u muddatdan avval ketishi mumkin. Natijada, muddatdan avval yo`ldosh ko`chishi, tug`ruq boshlanishi kuzatiladi. Shuning uchun, UTT paytida bu tashhisni eshitgandan keyin shifokor ko`rsatmalariga qat`iy rioya qilish shart.

QAChON TEKShIRILADI?

Asli, bahoni ultratovush tekshiruvi beradi. Ammo onaning qoni bolaniki bilan to`g`ri kelmaganda (rezus-faktor)da, ayrim tug`ma nuqsonlar haqida gap ketganda amnioskopiya nomli tekshiruv o`tkaziladi. Bu ona va homila uchun mutlaqo bezarar tekshiruv bo`lib, uning natijalariga qarab, tug`ruq tezlashtiriladi yoki aksincha kerakli davo choralari yordamida homiladorlikning o`z davriga etkazib boriladi.

BU XAVFLI!

Me`yorda bu holat bachadon 6 sm.dan ortiq ochilganda ro`y berishi kerak. Lekin ba`zan qog`anoq suvlari ancha erta ketishi mumkin. Bu homila tushish xavfi bo`lgan, qinda shamollashi kuzatilgan ayollarda, homila noto`g`ri joylashganda, qog`anoq suvlar me`yordan ko`p yoki kam bo`lganida ro`y berishi mumkin. Har qanday holatlarda ham ayol sog`ligidagi o`zgarishlarni zudlik bilan davolovchi shifokoriga aytishi shart. Axir qog`anoq suvining to`kilishi va tug`ruq orasi 3, uzog`i bilan 6 soatdan oshmasligi kerak. Bolaning suvsizlanib qolishi, turli infeksiyalarga sabab bo`lib, uning nobud bo`lishiga olib kelishi hech gapmas.

Qog`anoq suvi homiladorlikning erta bosqichida ketsa, bolaning o`pkasi rivojlanmay tug`iladi. Suvning erta ketiishi shu bilan xavfli. Bordi-yu, homiladorlik 36 haftaga etgan bo`lsa, xavotirga o`rin yo`q. Suvning ketishi ortidan tug`ruq ham boshlanib ketadi.

bilasizmi:

Ba`zi ayollar tug`ruqdan avval shifokor homila pufagini teshganida xavotirga tushadi. Bachadon naychasi allaqachon ochilgan lekin homila pufagi qalin va yassi tuzilgan bo`lgani sababli qog`anoq suvlar yorilolmaganida ayolga yordam tariqasida amalga oshiriladi.

Agar sizda kutilmaganda qog`anoq suvlarning oqib ketish yuz bersa, vaqtni o`tkazmay, shifokorga ko`rinish shart. Doim qo`yib yuradigan taglikning namlanishiga ham e`tibor bering. Ba`zan qog`anoq suvlar tomchilab to`kilishi ham mumkin. Har holda o`z-o`ziga tashhis qo`ygandan ko`ra, tekshiruvdan o`tib, vaziyatni aniqlagan ma`qul. Unutmang, qog`anoq suvi tug`ilajak farzandingizni asrash uchun xizmat qiladi. Ahvolingizdagi har qanday arzimas o`zgarishni baholash uchun zudlik bilan shifokor ko`rigidan o`ting. Noxush holatlarni oldini olish uchun esa o`z vaqtida UTT tekshiruvidan o`tish, TORCh-infeksiya va qon tahlillarini topshirish talab etiladi.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar