Tanidingiz-a, qahramonimiz «Men dunyodagi eng maftunkor va latofatli ayolman», deya takrorlaguvchi Nadya Klyueva. Aktrisa hayotda tashqi go`zallikni emas, samimiyatni birinchi o`ringa qo`yuvchi ayol. Uning umr yo`llariga nazar solsangiz, bari samimiy va tabiiy kechganiga amin bo`lasiz.
Harbiycha tarbiya
Irina Muravyovaning otasi injenerlik bo`yicha o`qishni tugatadi-yu, frontga otlanadi. Germaniyagacha dushmanlarni quvib borgan yigit Berlinda taqdirini uchratadi. Ya`ni belorusiyalik qizni sevib qoladi. Askar ko`ksidi iftixor va yuragida muhabbat bilan vataniga qaytadi. Oradan ikki yil o`tib, sevishgan ikki qalbning qiz farzandi dunyoga keladi. 1949 yil, 8 fevralda esa ularni yana holva quvonchi shodlantiradi. Єizaloqqa Irina deya ism qo`yishadi. Iraning onasi uy bekasi edi, u tartibni va sarishtalikni juda sevardi. Shu sababmi, qizlariga ancha qattiqqo`llik qilgan.
«Opam ikkimiz darslarimiz tugashi bilan uyga chopardik. Yarim soat ichida qo`llarimiz yuvilgan holda dasturxon atrofida o`tirishimiz shart edi. Maktabdan keyin sinfdoshlar bilan sandiriqlab yurish, o`yin-kulgu qilish qayoqda? Tag`in kundaligimizda «4» baho tushsa, yaxshigina dakki eshitardik. Bugun o`sha kunlarni norozi bo`lib emas, sog`inib eslayman. Ota-onamning tarbiyasidan minnatdorman!»
Aktrisaning hamkasblarini uning tartibsevarligini alohida ta`kidlashadi. Chunki Irina sabab repetisiya yoki suratga olish ishlari hech qachon to`xtab qolmagan ekan-da.
«Opam bilan munosabatlarimiz juda do`stona edi. Xonamizda yillik taqvim devorga osig`liq turardi. Kun oxirida tugagan kun sanasi yozilgan varag`ini yirtib olardik. Albatta, navbatma-navbat. Opam xastalanib shifoxonaga tushib qolganida, men uni kutganman, naq etti kun taqvimning biror sahfasini yulmaganman...»
Ira bolaligidan ana shunday haqiqatgo`y va insofli bo`lib o`sdi. U doim «To`g`ri yashash kerak, shunda kechalari tinch orom ololasiz», deya ta`kidlaydi.
«Sahnani tushingizda ko`rasiz!»
Ira, hatto, 10-sinfligida ham qo`g`irchoq o`ynardi. Uning bolalarga mehri o`zgacha edi-da. O`qituvchi bo`lish orzusi ham shu boisdan. Maktabda drama to`garaklariga qatnashib yursa ham, aktrisalik haqida jiddiy o`ylab ko`rmagandi. Hammasi kutilmaganda ro`y berdi, bir kun yo`lda ketayotib shu fikr xayoliga keldi. Aktrisa bahorning o`sha iliq kunini hamon nuqta-verguligacha eslaydi. Maktabni tugata solib, hujjatlarini ko`tarib, teatr institutiga bordi. Institutning barcha yo`nalishlariga bosh suqib chiqdi. Ammo hamma uni rad etardi. «Єizaloq, yaxshisi, boshqa kasbning boshini tut, tushun, sendan aktrisa chiqmaydi!» Irina esa ichidan «Tushingizni suvga ayting», dedi-da, umidini so`ndirmadi. Oyisining teatr kassasida ishlaydigan dugonasi Irani pedagog va aktyor Vladimir Shlezinger bilan tanishtirib qo`ydi. Biroq natija chiqmadi. U ham qizning talantini shakllantirishgamas, uni bu yo`ldan qaytarishga urinardi. Ikkinchi yil ham omadsiz kechgach, Moskva bolalar teatri qoshidagi tashkil qilingan darslarga yozildi va bir amallab teatr truppasiga qo`shildi. Muravyova ishlash jarayonida o`qishga ham kirib oldi. U bolalar uchun mo`ljallangan spektakllarda goh qarg`a, goh bo`ri, goh ayiq rolini jon-dilidan o`ynardi. Va «Men sahnada qahramonlarimni shunday ijro qilishim kerakki, shu bolalar qariganda ham bu tomoshani eslab yurishsin», derdi. Haqiqatda, oltmishdan oshgan aktrisa xiyobon bo`ylab aylanib yurganida, kap-katta kishi yoniga kelib, «Sizning bir marta ayiqpolvon bo`lib sahnaga chiqqaningiz esimda. O`shanda maktabdan bizni teatrga olib borishgandi», deya aytadi.
«Men erga tegmayman!»
Irina ko`zguga qarashni xushlamasdi. Uning fikricha, siyrak qoshu kiprigi, sepkilli yuzi yigitlarga yomasligini aniq edi. Yaxshi aktrisa bo`lish uchun esa chiroy shartmas, deb hisoblardi. «Men turmushga chiqmayman, sevgi qissalarini ham boshimdan kechirmayman. Yaxshi aktrisa bo`laman», deya takrorlardi u. Ne baxtki, o`ttiz yoshlardagi, iste`dodli rejissyor Leonid Eydlin Bolalar teatriga ishga keladi-yu, o`zini ko`rimsiz sanaydigan Iraning nigohlariga ko`zi tushadi: «Єanchalik chiroyli ko`zlar!» Uning tiliga ko`chgan so`z shu edi. Ichida esa «Bu ayol mening bolalarimning onasi bo`ladi», deya qaror qabul qilgandi. Irani yolg`iz uchratguncha, dilidagilarni tiliga ko`chirguncha yigitning bo`lari bo`ldi. Sababi aktrisani onasi hamon eru ko`kka ishonmas, u har kuni teatrdan yo onasi, yo opasi hamrohligidan uyiga qaytardi. Leonid esa Iraning mehrini qozonish uchun astoydil harakat qildi va unga uylandi. Ular qirq yil birga umrguzaronlik qilishdi (2014 yili Leonid Eydlin insultdan vafot etgan), ikki o`g`illi bo`lishdi, 3 filmda birga ishlashdi.
Aktrisadan mustahakam oila sirini so`rashganida, u shunday javob bergandi:
«Sabr va itoat! Mana, muhabbatning ham, oilaning ham ustunlari. Leonid meni umrining oxirigacha ilk tanishgan kunimizdek sevdi. Shuning uchun ham uni juda-juda yaxshi ko`rdim! U qiziqarli inson, bilimli, iste`dodli rejissyor edi. Biz birga muzey, kino, teatrlarga borardik. Keksalik gashtini surardik...»
Oilami yo sahna?
«Suv yoki havo, birini tanlang», degandek gap bu men uchun. Bu hayotda ikkinchi darajali narsaning o`zi yo`q. Harholda men uchun shunday. Ertalab erimga nonushta tayyorlardim, keyin repetisiyaga otlanardim, so`ng sahnaga chiqardim, kechqurun uyga qaytib yana ro`zg`or ishlarini qilardim. Uy tozalash, kir yuvish — barini o`zim qilganman. Yordamchi yollash xayolimga kelmagan. Unga Leonidning ter to`kib topgan pullarini berib qo`ymayman-ku, axir. Bolalarim tug`ilgach esa men yanada yoshardim va kuchga to`ldim. Tug`ruq ta`tillarida uyda o`tirganman. Biror marta ham bolalarimni etaklab teatrga olib bormaganman. Ya`ni men repetisiyadaligimda ular grimm xonamda kutib o`tirishini yo sahna ortida yurishlarini istamasdim. Bolalar uyda katta bo`lishi kerak», degandi Irina Muravyova intervyularidan birida. Uning pazanda, sarishta uy bekasi ekanligini, farzandlarining tarbiyasiga beparvolik qilmaganini turmush o`rtog`i hamisha e`tirof etgan.
«Moskva ko`z yoshlarga ishonmaydi...»
Aktirsa birinchi marta «Haqiqiy ingilizcha qatl» filmida rol ijro etgan. «Kinosinovga kelgan biror aktrisaga bu rol xush kelmagan, shuning uchun rejissyor menga bergan va kinoda shunaqa qilib paydo bo`lib qolganman», deya izohlaydi Irina ilk debyutini.
«Moskva ko`z yoshlarga ishonmaydi» kartinasi esa uni tom ma`noda dunyoga tanitdi. Faqat aktrisa ovozlashtirish jarayonida «Lyudmila qo`rs, hayotga engil qaraydigan ayol, endi men haqimda ham shunday o`ylashadi», deya ho`ng-ho`ng yig`lagan ekan.
«Lyudmila uchun hayot loteriyadek gap. Unga o`xshasangiz, baxtga hech qachon erisha olmaysiz!» deya ko`p va xo`p takrorlaydi Irina Muravyova.
Aktrisa sevimli Nadyamizni ekranda gavdalantirishni esa umuman istamagan ekan.
«Menga filmning nomi ham g`alati tuyulgan. Keyin konstruktorlik byurosi, yana sevgi uchburchagi? Nahot men unga o`xshasam, deb ham achchiqlanganman. Kartina ekranga chiqqach, ko`rmaganman ham. Rejissyor Benjovga «Bu filmingiz hech kimga yoqmaydi, deya aytganim-chi? Oradan yigirma yilcha o`tib, o`g`lim videotasmasini ko`tarib keldi. Tomosha qildim va u eng yaxshi film ekanligini tan oldim».
Kinoteatrlarga 80 million tomoshabinning yog`ilib kelishiga sabab bo`lgan «Eng maftunkor va latofatli» filmi rejissyori Irinani rolga ko`ndirguncha, ancha ter to`kkan. U, hatto, kinosinovga biror aktrisani ham taklif qilmagan. Teatrga har kuni qo`ng`iroq qilar, Irinaning ishdan chiqishini eshik oldida poylardi ham. Filmda rol ijro etgan Abdulov boshchiligidagi aktyorlar yalina-yalina aktrisamizni rolga ko`ndirishgan. Irina bahonada ikki oy urinib, stol tennisi o`ynashni o`rganib olgan.
Irina nafaqat bolalar teatri, keyinchalik drama teatrlarida ham ko`plab obrazlar yaratgan. Multfilmlarga ovoz bergan, har yakshanba kuni «Budilnik» ko`rsatuvi va eshittirishi orqali radio va televidinieda bolalajonlarni xursand qilgan.
Shoira VAFOEVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi