Tug`ilgan yili: 1946 yil 19 may
Tug`ilgan joyi: Askoli-Satriano (Italiya)
Oilasi: turmush o`rtog`i — Federika Vinchenti, aktrisa; farzandlari — Gabriele (10 yosh), Brenno (25 yosh), Mikelandjelo (26 yosh), Inigo (28 yosh), Violante (40 yosh)
Ma`lumoti: Rimdagi Milliy dramatik san`at akademiyasini tamomlagan.
Karerasi:Rim polisiyasida xizmat qilgan. Teatr sahnasidagi birinchi rolini 1969 yili o`ynagan. 1972 yilda «Pishotta ishi» filmidagi roli orqali ekranda debyut qilgan. Aktyorga olamshumul shuhrat Italiya televideniesi tomonidan suratga olingan «Sprut» serialidagi komissar Kattani roli orqali keldi. 100 dan ortiq kino va seriallarda suratga tushgan. Rejissyor sifatida 11 ta kartina suratga olgan.
O`tgan asrning 80–90-yillarida sobiq Ittifoq hududida Komissar Kattani obrazini tanimagan odam yo`q edi. Sisiliya mafiyasi va unga qarshi kurashgan Italiya polisiyasi haqida hikoya qiluvchi «Sprut» nomli detektiv serial misli ko`rilmagan muvaffaqiyatga, bosh rol ijrochisi Mikelo Plachido esa olamshumul shuhratga erishdi. Bugun aktyor 70 yoshni qarshilamoqda. Quyida iste`dodli ijodkor o`z hayotini sarhisob qiladi.
Ota-onam
– Oddiy oilada tug`ilganman. Oilamizda hech kimning na teatrga, na kinoga aloqasi bor edi. Otam quruvchi, amakim rohib, onam esa bir umr uy bekasi bo`lgan. Esimni tanibmanki, onamning tunu kun tinmay mehnat qilganini ko`rganman. Chunki oilamiz juda katta edi. Mendan tashqari yana ettita farzand – uchta opa-singlim va to`rtta aka-ukam. 19 yoshga to`lganimda otam vafot etdi. Ro`zg`or tashvishi onamning zimmasiga tushdi. Biz bolalar katta bo`lganimiz sari onamizga yordam berib, uyga bir-ikki so`m bo`lsa ham pul olib kelishga intilardik. Shuning uchun yoshligimda juda ko`p kasblar bilan shug`ullanishimga to`g`ri kelgan. Ayrimlarini, hatto, eslolmayman ham.
Polisiyaga ishga kirishim
– Yoshligimdan aktyor bo`lishni orzu qilardim. Ammo 18 yoshimda burchimni ado etish uchun askarlikka bordim. U erda bizni polisiyaga jo`natishdi. Biz qo`riqlash va tartibni saqlash bilan shug`ullanardik. Jinoyat qidiruvga umuman yaqinlashmaganman. Ammo shunga qaramay polisiyada ishlab, orttirgan tajribam izquvar rolini ado etishimda juda qo`l keldi.
Jigarlarim
– Oilamizda mendan boshqa hech kim aktyorlikni tanlamadi. Hammalari kelishib olgandek pedagogika sohasini tanlashgan. Kimdir falsafadan dars beradi, kimdir italyan tilidan, yana kimdir adabiyotdan. Nima bo`lgan taqdirda ham, Benyamino va Mariya Plachidolar xonadonida mendan boshqa aktyor chiqmadi. Nega? Ochig`i, bilmayman. Oilamizda hech qachon aktyor etishib chiqishi uchun zarur muhit bo`lmagan. Men, hatto, maktabdagi xavaskorlik to`garagiga ham qatnashmaganman. Ammo, baribir, aktyor bo`lishni orzu qilardim.
Hozir aka-ukalarim, opa-singillarim bilan aloqalarimiz a`lo darajada. Bir-birimizsiz yashay olmaymiz. Yoshligimizdanoq bir-birimizga suyanchiq bo`lib kelganmiz. To`g`ri, ba`zida italyancha jo`shqinlik bilan bahslashishimiz, janjallashishimiz mumkin. Lekin bularning bari arzimas narsa. Chunki biz bir-birimizni juda yaxshi ko`ramiz, hech qachon o`rtadagi rishtalarga xiyonat qilmaymiz, bir-birimizning dilimizni og`ritmaymiz. Qaerda bo`lmaylik, har yakshanba onamnikida yig`ilamiz, katta dasturxon atrofida onamning resepti bo`yicha tayyorlangan pasta va qo`zi go`shtini iste`mol qilib, chaqchaqlashib o`tiramiz. Yakshanbani yaxshi ko`raman.
Farzandlarim
– Jigarlarimdan farqli ravishda farzandlarim mening kasbimni tanlashdi. Katta qizim Violante va o`rtancha o`g`lim Brennolar aktyorlikda ancha muvaffaqiyatlarga erishib, e`tiroflarga sazovor bo`lishdi. Ammo ularning tanloviga mening hech aloqam yo`q, o`zlari shu kasbni tanlashdi, o`zlari barcha qiyinchiliklardan o`tishdi. Menga qolsa, ularga aktyorlikni ravo ko`rmasdim. Chunki aktyorlikdek ko`p quvvat talab qiladigan, besaranjom, behalovat kasbni tanlashlarini istamasdim. AShukrki, Violantening ham, Brennoning ham ijodi muvaffaqiyat bilan davom etmoqda. Ularning hech biri uchun biron rejissyorga iltimos bilan qo`ng`iroq qilmadim. Rejissyorlarning o`zi ularni kashf qilishdi. Brenno mening familiyam bilan o`ynashni istamadi, tarixda Plachido familiyalik bitta aktyor bo`lsa etadi, deb o`yladimi, bilmadim, xullas, u Marko Brenno taxallusini oldi. Qizim Violante esa mening familiyamni faxr bilan ko`tarib yuribdi. U Gollivudda Jorj Kluni, Nikolas Keyj kabi aktyorlar bilan partnyor bo`lib rollar ijro etmoqda.
Komissar Kattani
– «Sprut» Italiya televideniesi tarixidagi eng muvaffaqiyatli loyiha bo`ldi. 1980-yillar endigina yangi ssenariyni boshlaganimizda ish bunchalik bo`lib ketishini o`ylamagandik. Nega oddiygina izquvar Kattani shu qadar qaysar bo`lishiga qaramay, millionlarning qalbidan joy oldi? Chunki u odamlarning qalbini ta`sirlantira oldi. Kattani nafaqat professional izquvar, balki katta qalb egasi, mehribon ota va yor sifatida jonlangandi. Korrado Kattani – murakkab obraz. U Dostoevskiy qahramonlarga o`xshaydi. U ham Dostoevskiy qahramonlaridek doim o`zini boshqalar uchun qurbon qilib yashaydi.
«Sprut» ekranlarga chiqqach, to`g`risi, Sisiliya mafiyasining amaldagi biron kattakoni menga qo`ng`iroq qilishi yoki xat yozishini kutdim. Chunki ishimga o`sha qozonda qaynayotgan odamlarning bahosi men uchun muhim edi. Afsuski, ulardan biron ishora bo`lmadi.
Men uning «qotiliman»
Bu obraz men uchun juda qadrli edi. Axir bir emas, 4 mavsum men uning qiyofasida bo`ldim, ekranda uning hayotini yashadim. Lekin... hamma narsa ham bir kun kelib tugaydi. Teatrda ishlarim juda ko`payib ketdi. Katta loyiha ustida ish boshladik. Shekspirning pesalaridan birini sahnalashtirayotgandik. Shuning uchun Kattanini «o`ldirish»ni o`zim prodyusserlardan iltimos qildim. Bir qarashda, men Shekspirni deb Dostoevskiyni qurbon qilgandekman. Ammo bu erda masala chuqurroq-da. Men teatrni juda sevaman. Ekranda yuzlab rollar yaratgan, rejissyor sifatida filmlar suratga olgan bo`lsam ham, baribir ularning barini tomoshabin bilan bo`ladigan bevosita muloqotga, ya`ni teatrga almashmagan bo`lardim. Buni sahnada tomoshabinlarning nafasini his qilib rol o`ynagan odamgina tushunadi.
So`ngso`z
– Men o`zimni yulduz hisoblamayman. Tansoqchilar qurshovida yurmayman, shaxsiy yaxtam ham, villalarim ham yo`q. Asosiysi, menga bularning keragi yo`q. Chunki baxt boylikda emasligini bilaman. Buni menga oddiy, ammo juda baxtli hayot kechirgan ota-onam o`rgatishgan.
Shahnoza SOATOVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi