Sizni qiziqtirgan savollarga javob berishda davom etamiz! Bepushtlik, homiladorlikning kechishi, ayollar kasalliklari, barcha murojaatlaringiz hamisha diqqat-e`tiborimizda. Unutmang, BIZ sizning muammongizga befarq emasmiz!
Mutaxassis – shifokor-ginekolog Mohira SODIQOVA
«BAChADON KISTASI XAVFLIMI?»
Hayz oldi bachadonimda qattiq og`riq bezovta qilavergach, shifokorga uchradim. UTT tekshiruvi menda bachadon kistasini ko`rsatdi. Hali turmushga chiqmaganman. Muolaja qilinsa, kista tuzaladimi? Keyinchalik farzand ko`rishga ta`sir bo`lmaydimi?
K.G,. Toshkent shahri
Bachadon kistasi reproduktiv yoshdagi ayollarda ko`p uchraydigan kasallik bo`lib, u yallig`lanish yoki gormonal buzilishlar oqibatida kelib chiqadi. Albatta, bu kasallik, avvalo, konservativ yo`l bilan, ya`ni dori-darmonlar vositasida davolanadi. Mutaxassislar bachadon kistasi biron noqulaylik tug`dirmasa, tegmaslik kerak deyishadi. Agar qizimiz turmushga chiqqanlarida homilador bo`lishga kista to`sqinlik qilsa, uning holati va darajasiga qarab shifokor dori-darmon yoki jarrohlik usulida davolashni hal qiladi. Hozircha kistani vaqti-vaqti bilan UTT orqali tekshirib, konservativ usulda davolab borgan ma`qul.
«FOLLIKULA YoRILMASLIGI NIMADAN?»
4 oydan beri follikula yorilmasligidan azob chekaman. Davolovchi shifokor shu paytgacha 3 marta XG ukolini yubordi. Shunda ham biror o`zgarish bo`lmadi. Follikula yorilishiga nima to`sqinlik qilayotgan bo`lishi mumkin?
J.V., Navoiy viloyati
Follikula yorilmasligining asosiy sababi estrogen va progesteron gormonlarining muvozanatdan chiqishidir. Ayniqsa, progesteronning etishmasligi ko`pincha follikulaning yorilmasligiga olib keladi. Ammo bunga qarshi shifokor davo choralarini ko`rganda ham, kutilgan natija bo`lmasa, yondosh omillarga e`tibor qaratish kerak. Masalan, muttasil jismoniy va ruhiy zo`riqish, parhezlar, ochlik, abortlar, nomuntazam jinsiy hayot, turli ginekologik kasalliklar va ayol jinsiy a`zolariga yaqin davrda amalga oshirilgan jarrohlik aralashuvi follikula yorilmasligiga olib keladigan omillardan sanaladi. Nima bo`lgan taqdirda ham, yorilmagan follikula o`rnida kista paydo bo`lish xavfi mavjudligini unutmaslik va buni muntazam kuzatib borib, zarur bo`lganda choralar qo`llash kerak.
«BEZOVTALIGI SABABINI BILOLMAYaPMAN»
Yoshim 23 da. Qinning tashqi tarafida qichishish, achishish va oq yarasifat toshmalar paydo bo`lgan. Bu nimadan bo`lishi mumkin?
N.X., Ohangaron shahri
Afsuski, murojaat qilgan ayolning turmushga chiqqan-chiqmagani, jinsiy hayoti bor-yo`qligi ma`lum emas. Murojaat qiluvchiga shaxsiy ko`rik uchun bevosita shifokorga borishni maslahat bergan bo`lardim. Agar toshma jinsiy aloqadan keyin paydo bo`lgan bo`lsa, bu biron virus bo`lishi mumkin. Bordi-yu ayol jinsiy hayotda yashamayotgan bo`lsa, bu basseynda yoki sterillanmagan tibbiy asboblardan yuqqan kasallik, balki oddiy kandidozdir. Xullas, shifokorga zudlik bilan murojaat qilib, zarur tahlillarni topshirish kerak.
«DERMATIT HOMILAGA ZIYoN EMASMI?»
Uch oylik homiladorman. Meni dermatit bezovta qilayapti. Qo`l – oyoq va qorin ustida kuchli qichishish bor. Dermatitning homilaga ziyoni bo`lmaydimi? Shu haqida bilmoqchi edim?
N.D., Namangan viloyati
Homiladorlik vaqtida dermatit 65 foiz ayollarda kuzatiladi. Bu ayol organizmidagi o`zgarishlar sababli unda turli surunkali kasalliklarning avj olishi bilan bog`liq holat. Ko`pincha, tug`ruqdan keyin dermatit ham o`tib ketadi. Ammo homiladorlik paytida dermatitni davolash kerak, aks holda teri muammolari tug`ruqdan keyin ham davom etishi mumkin. Homilaga dermatit ta`sir qilmasligi uchun shifokor bilan maslahatlashgan holda to`g`ri davo choralarini qo`llash va parhez tutish kerak.
«SPAYKA O`RNI QIZARIB QOLDI...»
Farzandimni kesarcha kesish yo`li bilan dunyoga keltirdim. Tug`ruqxonadan qaytgach qornim va belimda og`riq boshlandi. UTT ga tushsam, spayka borligi ma`lum bo`ldi. Davolanganimdan so`ng og`riq yo`qoldi-yu, ammo spayka bo`lgan joy qizarib, osilib qoldi. Keyinchalik xavfli asoratlarni keltirib chiqarmasmikan deb xavotirdaman.
Sh.D.,Toshkent viloyati
Spaykalar ko`pincha noto`g`ri o`tkazilgan kesarcha kesish va shu amaliyotning takror o`tkazilishidan keyin yuzaga keladi. Davo choralari spaykaning o`zini yo`qotish emas (bu imkonsiz), balki uning asoratlari bilan kurashishga qaratilgan. Spaykaning eng yomon asorati bachadon naylari o`tkazuvchanligini to`xtatishi, ya`ni naylarning bitib qolishidir. Shu sababli spaykasi bor ayollar keyingi safar homilador bo`lishga qiynalsalar, naylarni tekshirtirishlari, bordi-yu, nay yo`llari yopilib qolgan lsa, uni ochish choralarini ko`rish va muolajadan so`ng tezroq homilador bo`lishga harakat qilishlari kerak. Chunki naylar qayta bitib qolishi mumkin.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






