AsosiySUG'DIYONA

RIZ UIZERSPUN: «BIROVLARNING FIKRI BILAN MUVAFFAQIYaTGA ERIShILMAYDI»

'RIZ UIZERSPUN: «BIROVLARNING FIKRI BILAN MUVAFFAQIYaTGA ERIShILMAYDI»'ning rasmi

Lora Jinn Riz UIZERSPUN 1976 yilning 22 martida Yangi Orleanda, shifokorlar oilasida dunyoga kelgan. 8 yoshida reklama “yulduzcha”si, 16 yoshda kino «yulduz»i, 22 yoshida onalik maqomi, 29 yoshida esa «Oskar» mukofotini qo`lga kiritadi. U aktrisa, prodyusser, shunchaki bag`rikeng inson. Єat`iyat esa qonida bor. Axir katta bobosi AЄSh mustaqillik deklarasiyasiga imzo chekkanlardan biri bo`lgan. Xullas, qahramonimiz betakror ayol, huddi boshqalarga o`xshab...

Orzu uchun kurashish kerak

Yuqori sinfga o`tganimdan keyin yigitlar bilan uchrasha boshladim. Buni sezgan ota-onam meni qizlar maktabiga berishga qaror qilishdi. Sizga g`alati eshitilishi mumkin, lekin u er menga juda yoqardi. Yigitlarning e`tibori uchun kurashmaganmizgami, qizlar bilan munosabatlarimiz ancha samimiy edi. Aynan yangi maktabda har kuni kitob o`qishga odatlandim va shu bu ishni hanuzgacha saqlab qololdim. Maktabni bitirish arafasida Stendford universitetiga kirishga qaror qildim. Kollejlar bo`yicha maslahatchi maktabning eng a`lochi qiziga «Seni u erga qabul qilishmaydi. Chunki ularga keraging yo`q, ovora bo`lganing qoladi» derdi. Men bo`lsa, o`z bilganimdan qolmaslikka qaror qildim. Natijadan mamnunman. Agar boshqalarning fikriga tayanibgina ish ko`rishga o`rganib qolganimda hozirgi Riz bo`la olmasdim.

Ayolning ojizi bo`lmaydi

Mendan ko`pincha «Nimaga bunday nozik ko`rinishingiz bilan doim kuchli ayollar rolini ijro etasiz. Ojizalarni o`ynasangiz bo`lmaydimi?» deb so`rashadi. Chunki men undaylarni tanimayman! Ojiz ayol — axir bu yo`q tushuncha. Ayol istasa ham, istamasa ham kuchli bo`lishga majbur, menimcha. Chunki qiyinchilik har qanday pana joydan ham topib olaveradi.

Eng minnatdor muxlisam...

Onam tomoshabinlarim orasida eng samimiysi, menimcha. Hatto endi kinoga qadam qo`yayotgan paytlarimda uni kuldirishga harakat qilsam, ijrom ishonarli chiqmasa ham doim qornini ushlab kulardi. Aynan onam nolib o`tirmasdan, vaziyatni qo`lga olish kerakligini o`rgatgan. U 20 yoshida onasidan ayrilgan. Lekin odamlar unga achinishlarini istamagani uchun kuchli bo`lishga o`zida iroda topa olgan. Buvim u kishi uchun qanchalik muhim shaxs bo`lganligini yaqindagina tushundim. Bolaligimda atrofda kimdir buvim haqida gapirsa, yig`lagudek g`alati ahvolga tushib qolardi. Biroq uning qalbidagi og`riqlar haqida «Yovvoyi» kartinasida suratga tushish jarayonidagina o`ylab ko`ribman. Chunki qahramonim ham onasidan ayrilgan edi-da. O`sha sahnani ijro etishdan avval onamga qo`ng`iroq qilib, so`nggi onlarda qanday tuyg`ularni his qilganini so`radim. Bilasizmi nima bo`ldi, birinchi marta onam bilan ko`ngildan suhbatlashdim. Yo`q, bu suhbat men yoki buvim haqida emasdi. Buvim to`g`risida avval ham ko`p eshitganman. Bu onam va uning tuyg`ulari haqidagi gaplar edi. Shifoxonada onasining qo`lini ushlab turgan chog`i hayotidagi eng muhim shaxsdan ayrilayotganida nimalarni his etgani, onamning o`zi buvimga aylanishni istagani va buvi bo`lgani haqida so`zlab berdi. Nazarimda biz ota-onalarimiz haqida juda kam suhbatlashamiz.

O`smir qizimni himoyalashni istayman

Oila men uchun birinchi o`rinda. Mana bir yarim yildan buyon suratga tushmayapman. Chunki o`smir yoshdagi qizim Ava bilan ko`proq muloqot qilishni, vaqtimizni birgalikda chog` o`tkazishni istayman. Tez kunlarda boshqa shaharga o`qishga ketishini o`ylab, endi karavotining chetiga o`tirib kuni qanday o`tganini so`rash imkoniyati bo`lmasligidan qo`rqib ketaman.

Har bir xato, bir saboq

Rayan bilan turmushimiz menga saboq bo`ldi. Ajrashishimiz sabablarni eslashni istamayman. Bilamanki, nima bo`lganda ham u ikki farzandimning otasi va shundayligicha qoladi. Єalaversa, qars ikki qo`ldan chiqadi, faqat bir tomonni aybdorga chiqarish noto`g`ri. Men qanday xatoga yo`l qo`yganimni tushunish uchun esa ichki olamimni taftish qilishimga to`g`ri keldi. Buni barini ortga qaytarish uchun qilmadim, garchi qaytarishni juda istagan bo`lsam ham. Shunchaki, keyingi safar yana shu xatoga yo`l qo`ymaslik uchun o`zimni o`rgandim. Ajrashganimdan keyin davralardan uzoqlashdim. Tanishlarim orasida azoblanayotganimni ko`rib, rohatlanadiganlari ham bor ekanini tushundim. Hatto, bittasi «Erkaklar birovning bolasini hech qachon qabul qilmaydi. Bolalaring bilan boshqa turmushga chiqa olmaysan» degandi. Bu hayotimda eshitgan eng yomon, eng mudxish so`zlar bo`lgan. Lekin men bunga ishonishni istamadim.

Taqdirning «sovg`a»si

Jim bilan esa hech kutilmaganda, ziyofatda tanishganmiz. O`sha oqshomni tug`ilgan kunim munosabati bilan tashkil qilgandim. Shirakayf bir yigit nuqul menga shilqimlik qilardi, sira undan qochib qutulolmasdim. Buni ko`rgan Jim oldimizga keldi-da, «Do`stimning beodobligi uchun uzr» deya shilqimni olib ketdi. Uni tinchitgach yana yonimga kelib kechirim so`radi. Shu tariqa u bilan tanishganmiz. Doim «Sen tug`ilgan kunimdagi taqdirning sovg`asisan» deya hazillashaman. Tanishgan kunimizdan bir yil o`tib, oila qurdik. Keyin Tenessi dunyoga keldi. Jimni uchratganim uchun har tong taqdirga minnatdorchilik bildiraman. U yaralangan yuragimga malham bo`ldi. Uning qo`llab quvvatlashlarisiz allaqachon sinib qolardim. Doim rolga kirishishdan avval ssenariyni Jimning qo`liga tutqazaman. Yaqin kelajakda xotini qanday kayfiyatda yurishini bilishga uning haqqi bor deb o`ylayman. «Yovvoyi»da suratga tushayotganimda holatim tez-tez o`zgarib turardi. Shunda u «Hozir o`zingmisan yoki Sherlimi?» deb so`rardi.

Ajinlarmi, qolaversin!

Ko`pgina Gollivud aktrisalariga o`xshab umumqabul qilingan me`yorlarga mos bo`lishga tirishmayman. Yo`q bunday o`yinlar men uchun emas. To`g`risi, Gollivudagi eng chiroyli, eng kelishgan, eng yoqimtoy ayol bo`lmasligimni tushunishim va qabul qilishim uchun ozgina vaqt kerak bo`lgan. Hozir esa bu bellashuvda ishtirok etish niyatim yo`q. Yosharayotganim ham yo`q. Labim atrofida ajinlar paydo bo`la boshlaganida esa kosmetlogimdan ularni yo`qotish uchun qanday chora ko`rish mumkinligini so`radim. U esa «Bu ko`p kulganingdan» deya javob qaytardi. Shunda ko`nglim xotirjam tortdi. «Mayli qolaqolsin, men bo`lsa qariyapmanmi deb qo`rqib ketibman...»

G`alaba va mag`lubiyat yonma-yon yurarkan

«Chegarani buzish» filmidagi obrazi uchun Riz 2006 yilda «Oskar»ni qo`lga kiritadi. Kartina musiqachilar Jonni Kesh va Jun karterlarning hayoti asosida suratga olingan bo`lib, bosh qahramonlar ijrochilarini ham o`zlari tanlashgan. Biroq suratga olish ishlari boshlangunga qadar Jun olamdan o`tadi. Shu sababli Rizga ikki karra murakkabroq bo`lgan.

«2006 yilda ham «Oskar», ham «Oltin globusni» berishdi. Keiyngi yili esa ajrashdim, qiziq takliflar ham deyarli tushmadi. Va «The New Yorker»ning ijoddan chetlashgan aktyorlar ro`yxatida Mel Gibson va Tom Xenksning o`rtasida turganimga ko`zim tushdi. O`sha yili endigina o`ttiz birga to`lgandim, nafaqaga chiqishga hali ertaligini angladim. O`zim haqimda o`zim qayg`urmasam, mening g`amimni boshqalar emasligini tushundim. Shundan keyin prodyusserlik markazimni ochib, ssenariylar izlay boshladim, aktyorlar va rejissyorlarni hamkorlikka chorladim. Shu tariqa biznesga qadam qo`ydim.

Birinchi qo`rquv

Bolaligimda qo`rquv nimaligini bilmasdim. Kimningdir gapi bilan hech ikkilanmay o`zimni ko`prikdan tashlashim ham mumkin edi. Birinchi qo`rquvni esa qizim Ava dunyoga kelganidan keyin his qilganman. U shunaqangi kichkina va nimjon ediki, qo`limga olishga ham cho`chirdim. Axir shu kungacha birorta ham chaqaloqni qo`limda ushlamagandim-da. O`g`lim dunyoga kelganidan keyingina o`zimni erkin his eta boshlaganman.

Uyat, xurmatsizlik va yolg`on...

2013 yili shov-shuvga sabab bo`lgan voqeadan hanuzgacha uyalaman. Jim bilan mehmondan qaytayotgandik. Keragidan ortiqroq alkogol ichib qo`ygan ekanmiz. Shu payt mashinamizni yo`l harkati noziri to`xtatdi. Ikkimiz ham sarosimaga tushib qoldik. Avtomobilni turmush o`rtog`im boshqarardi, kutilmaganda uni himoya qilaman deb «huquq»larimni talab qila boshladim. Eslasam, erga kirib ketay deyman. Ofiserga qo`pollik qilganman o`shanda. Axir yaqin qarindoshlarim orasida ofiserlar qancha, men bo`lsa, ularning ishiga nisbatan xurmatsizlik qildim. Kamiga yolg`on ham gapirganman. Homiladorligimni ro`kach qilib, vaziyatdan chiqishga uringanman-da. Dahshat! Ulardan ming bor uzr so`rayman. Lekin shu voqeadan keyin odamlar ideal ayolmasligimni tushunishgan. Chunki odatda ular meni aslimdagidan ko`ra yaxshiroq deb qabul qilishardi. Ko`rib turganingizday, men ham kamchilik va yutuqlarga ega oddiy ayolman.

Raqobat va tanqid oldinga chorlaydi

Esimni tanibmanki, doim oldinga intilganman. Kimlar bilandir raqobatlashardim, hatto uchinchi sinfimda sinfdoshlarim qarshisida «Amerikaning birinchi ayol prezidenti bo`laman va dunyoni o`zgartiraman!» deganman. Ammo hozir ancha pastroq tushganman. Endi bor e`tiborni shaxsiy yutuqlarimga emas, oilam xotirjamligiga qarataman.

Prodyuserlardan shu qadar ko`p tanqid eshitganman-ki, bir qarasangiz, bo`yim past, bir qarasangiz, etarlicha chiroyli emasman... Xullas, ular pul keltira olishimga ishonishmasdi. Uyimda rejissyorlar avval suratga tushishga taklif qilib, keyin yozgan tushintirish xatlaridan bir qutisi turibdi. Biroq janubliklarga xos tug`ma o`jarligim bugungi kundagi yutuqlarimga zamin yaratgan.

Ba`zida hayolimda birgina fikrni million martalab aylantirishim mumkin. Vaqti-vaqti bilan aqldan ozmasam bo`lgani, deb o`ylab ham qolaman. Shunday paytlarda krossovka kiyaman-da, yugurgani otlanaman. Bilasizmi, bu chindan ham yordam beradi.

Saodat OChILOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Boshqa yangiliklar