Abu Ali ibn Sinoda chang tarkibini o`rganish imkoniyati bo`lmagan, lekin ulug` tabib chang-to`zonning inson salomatligiga salbiy ta`siri, ko`plab kasalliklarga sabab bo`lishini juda yaxshi anglagan. Bobomizning dohiyona so`zlari esingizdadir: “Chang bo`lmasa, odam ming yil yashashi mumkin!”
KO`ChA ChANGI
Biz ko`chada havo bilan yutadigan chang shunchaki zarralardan emas, balki ishlab chiqarish sanoati natijasida paydo bo`lgan kimyoviy birikmalar, og`ir metallar tuzlari, shuningdek, kasalliklarga sabab bo`luvchi turli bakteriya va viruslardan iborat. Aytaylik, avtobus bekatida chang-to`zon ichida qolib ketdingiz va ikki kundan keyin birdaniga shamolladingiz. Bu holat, hoynahoy, viruslar to`la changli havodan nafas olganingiz natijasi.
Agar ishlab chiqarish korxonalari yaqinida yashasangiz, bilingki, boshqalardan ko`ra ko`proq chang yutayapsiz. Yoningizdagi zavod o`zidan qo`rg`oshin yoki marganesli chang tarqatsa, bu ko`pincha zaharlanishga sabab bo`ladi. Ko`p miqdordagi asbest va sementli chang, hatto, onkologik xastaliklarga olib kelishi mumkin.
Chang qanchalik mayda bo`lsa, shunchalik zararlidir. Mittigina chang zarralari nafas yo`llariga cho`kib, burun-halqumni zararlaydi, ko`z va teriga salbiy ta`sir qiladi. Oqibati ayon — o`pka xastaliklari, kon`yunktivit, dermatitlar… Chang bulardan ham og`irroq dardlarga sabab bo`lishi mumkin. Masalan, sil tayoqchalari changda bir necha oydan bir necha yilgacha yashayveradi.
O`simliklar gullaydigan pallada chang tarkibida allergen — gul changi ham bo`ladi. Allergiyaga chalinganlar buning nima ekanini yaxshi bilishadi: ko`zning yoshlanishi, burun bitishi, tinka-mador qurishi.
Aytgancha, chang erdan bir metr balandlikda, ayniqsa, ko`p bo`ladi, demakki, uning kattalardan ko`ra bolalarga zarari ko`proq. Shunday ekan, shamol esayotgan mahal kichkintoyni ko`tarib olganingiz ma`qul.
Nima qilish kerak?
Ko`cha changiga qarshi kurashish uchun quyidagilarga amal qiling:
- allergiyaga chalingan bo`lsangiz, ko`chadan uyga qaytgach, dush qabul qiling;
- changdan qutulish uchun burun-halqumni dengiz tuzi eritmasi bilan tozalang;
- shamol esayotgan bo`lsa, himoyalovchi ko`zoynak taqing;
- chang ish qiladiganlar ish paytida niqob taqib olgani ma`qul.
Chang quyidagi a`zolarni zararlaydi:
- ko`z (kon`yunktivit, blefarit);
- teri (dermatitlar);
- immun tizimi (allergiya);
- o`pka (astma);
- burun-halqum (tumov, tomoq achishishi).
UYDAGI “ZARARKUNANDA”
Uy changi — kuchli allergen. Uning tarkibida bakteriya va viruslardan tashqari, mato-kiyimlar, odam-hayvon terisi hamda ko`chadan ilashtirib kelingan chang-chung zarralari, oshxonadan chiqan qurum, maishiy tozalovchi vositalarning kimyoviy birikmalari streptokokklar va streptokokklar, mog`or zamburug`lari, chang kanalari ham bor. Ayniqsa, chang kanalari kuchli allergenlar bo`lib, allergik tumov, bronxial astmani qo`zg`aydi. Shuningdek, chang yog` bezlarini berkitib, bakteriyalar ko`payishiga imkon yaratadi, natijada terida toshmalar, husnbuzarlar paydo bo`ladi.
Yumshoq mebel, gilamlar (ayniqsa, sintetiklari) va tozalash qiyin joylarda chang ko`p bo`ladi. Agar undan changyutgich yordamida qutulaman, desangiz, adashasiz. Changyutgichda tozalangan changning uchdan bir qismi qaytib yana tashqariga tarqalar ekan. Eng yaxshi yo`l — namlab tozalash va tabiiy ventilyasiya, ya`ni xonani shamollatish.
Uy changiga qarshi kurashish uchun...
- ko`rpa-to`shak va kiyimlarni uyda qoqmang;
- xonani tez-tez shamollating va hamma yoqni nam latta bilan arting;
- javonlarning eshigi yopiq tursin, kitoblarni oynali javonda saqlang va vaqti-vaqti bilan ularni changyutgichda tozalang;
- xona gullarining bargini nam latta bilan arting, ularga suv purkang;
- kanalardan qutulish uchun ko`rpa-to`shak, yostiqlar kamida ikki soat oftobda tursin.
Mutaxassislar fikri
Shohmardon Xodjanov, otorinolaringolog, tibbiyot fanlari nomzodi: — Agar kishi sog`lom bo`lsa, ko`chadagi changning ta`siri unga sezilmaydi, lekin surunkali burun-halqum kasalliklariga uchraganlarda yallig`lanishga sabab bo`lishi mumkin. Bunda burun bitadi, tomoq achishadi. Afsuski, bizning iqlimda changlanish yuqori. Shuning uchun burun-halqum kasalliklari ham nisbatan ko`p uchraydi.
Ilhom Soliev, oftalmolog, tibbiyot fanlari nomzodi: — Ko`cha changida uy changiga nisbatan bakterial komponentlar ko`proq. Bu ular ko`zda turli yallig`lanish kasalliklari (kon`yunktivit, blefarit)ni osonroq qo`zg`aydi, degani. Natijada ko`z og`riydi, ko`z ichida yot narsa bordek tuyuladi, keyinchalik yiringli ajralma chiqishi mumkin.
Uyda maishiy kimyo mahsulotlarining noto`g`ri saqlanishi (idishlarning og`zi yaxshi berkitilmasligi) oqibatida zararli chang havoga ko`tariladi. Bu ko`z qichishishi va qizarishiga olib keladi. Chekuvchilarning uyida esa nikotin changga qo`shilib, ko`zda noxush hislarga sabab bo`ladi.
Agar immunitetingiz kuchli bo`lsa va allergiyadan qiynalmasangiz, chang siz uchun xavf tug`dirmaydi. Chunki ko`zlarimizda o`ziga xos himoyalovchi ferment — lizosim mavjud. U ko`z yoshi tarkibida bo`ladi va ko`zga tushgan bakteriyalarni o`ldiradi. Ko`zlaringiz ta`sirchan bo`lsa, ko`chadan uyga qaytgach, choy yoki moychechak damlamasi bilan yuvishingiz mumkin. Mabodo ko`zdan yiringli ajralma chiqayotganini ko`rsangiz, o`z bilganingizcha davolanmay, tezroq shifokorga murojaat qiling.
Manba: “SUG‘DIYONA”