Yaqinda bir qarindoshim to`y qildi. Harajatlarga etmagani bois o`n besh kunda ustiga 500 ming so`m qo`shib qaytarish sharti bilan qo`shnisidan 2 mln. so`m qarz ko`targandi. Ammo aytilgan muddatda qarzni qaytarolmadi. Endi esa pul bergan qo`shnisi «Olgan pulingni 6 mln. qilib qaytarasan» deyapti. Belgilangan muddatdan o`tib ketsa, ustiga yana shuncha qo`shilarmish. Pul oldi–berdisida hech qanday yozma kelishuv bo`lmagan. Shunday ekan, qo`shnisining qilayotgan ishi to`g`rimi?
Dilorom Abdullaeva, Yangi yo`l tumani
Fuqarolar o`rtasida qarz shartnomasi oddiy yozma shaklda tuzilib, shartnomada qarz summasiga foizlar miqdori va to`lash tartibi belgilanishi mumkin. Qarz shartnomasining yozma shaklda tuzilmaganligi, nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmuni yoki bajarilganligini guvohlarning ko`rsatmalari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan holda, qarz qaytarib berilishi kerak bo`lgan kundan boshlab, to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha kelishilgan foizlarni to`laydi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






