1

«FARZANDIM OLTI OYLIK, YaNA HOMILADORMAN...»

SUG'DIYONA 09.12.2017, 13:18
Teglar: Sog` bo`ling
«FARZANDIM OLTI OYLIK, YaNA HOMILADORMAN...»

Ketma-ket farzandli bo`lishni ota-ona uchun jasorat bilan tenglashtirish mumkin. Avvalo, rejalashtirilmagan homiladorlik ona uchun jiddiy yuklama: axir organizm tiklanishi uchun oradan kerakli uch yil o`tganicha yo`q. Ammo boshga tushganni ko`z ko`rar, deyishadi. Qo`lingizdagi chaqaloq bilan homilador bo`lgach, tug`ishga qaror qildingizmi, oldingizdagi dovonlarni birma-bir oshishdan boshqa chora yo`q. Xo`sh, bu ishni qanday uddalaysiz? Homiladorlikda yuz berishi mumkin bo`lgan qaysi holatlar sergaklikn talab qiladi? Bu haqida tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor-pediatr Maktuba MIRRAHIMOVA ma`lumot beradi.

NEGA ShUNDAY BO`LDI?

Kamdan-kam ayollar tug`ishi zahoti yana homilador bo`lishga intiladi. Asli, bu ayolning beparvoligi va emizish davrida saqlanmaslik mumkin, degan xato g`oyaga ishonishidan yuz beradi. Tug`ishda, ikkisini katta qilishda qiynalmasmikanman, degan xadiklaringizni homila sezmaydi, deysizmi? «Kutilmagan mehmon»lar tengqurlariga qaraganda bezovta, ishonchsiz yoki aksincha xudbin bo`lib katta bo`lishlarini-chi, bilarmidingiz?

EMIZIShNI TO`XTATAYMI?

Homilador bo`lgach, sut tarkibida gormonlar ko`payishini inobatga olish kerak. Ko`pchilik chaqaloqlar bunday paytda emishdan bosh tortib, ichi buzilishi turgan gap. Bu degani ikkinchi homilaning to`kis rivojlanishi uchun to`ng`ichingizni kerakli ozuqadan maxrum qilasiz. Darvoqe, agar shifokor sizga homila tushish xavfi bor, degan bo`lsa, emizish man etiladi. Chunki bachadon tonusga kelib, tug`ruq tezlashishi mumkin. Bu davrda eng ma`qul qaror bolani ko`krakdan ajratishdir. Baxtingizga ketma-ket homiladorlikda organizm unchalik erkalik qilmaydi. Ammo charchoq, oyoq shishi, qon bosimining ko`tarilishi yoxud pasayishi aynan takror homiladorlikda qiynaydi. Har holda emizish miqdorini ancha kamaytirib, bolani qo`shimcha ovqatlanishga o`tkazgan durust.

KATTANGIZGA HAM OSON EMAS

3-4 yoshli bolaga vaziyatni tushuntirish mumkindir, ammo mittivoyga-chi? Bola injiq, qo`rqoq bo`lib qolishi mumkin. Ko`pchilik bu davrda otasi yoki buvisiga o`rganib qoladi. Axir kimdir u haqda qayg`urishi kerak-ku, onasidan esa ayni damda buni kutish qiyinligini bola juda yaxshi sezadi. Shu bois imkon qadar farzandingizga mehr ko`rsatishga harakat qiling. Toki uka yo singlisi tug`ilgach o`zini o`ksik sezmasin.

ENDI NIMA BO`LADI?

Qiyin bo`lsa-da, hammasini uddalaysiz. Yangi holatingizning ijobiy tomonlari ham bor: tug`ruq tez va deyarli og`riqsiz kechadi, emizishda ham qiyinchilik bo`lmaydi. Kattangiz uch yoshda, ikkinchisi ikki yoshga etgach, bir-biridan ajralmas do`stga aylanadi. Bog`cha-maktabda ham bir-birini qo`llab ulg`ayadi.

TARTIBDA GAP KO`P

Ikkita bola bilan o`ralashib, asablari charchagan behol ayolga aylanib qolmasligingiz uchun, aniq rejaga amal qiling. Tuqquningizga qadar to`ng`ichingizni idishdan ovqat eyishga, tuvakka o`tirishga, mustaqil kiyinishga o`rgating. Baxtingizga ayni shu paytga yaqin bolada «o`zim» degan istak rivojlanadi. Kichkintoyni har bir harakati uchun rag`batlantiring, o`ziga ishonchi ortadi. Bu davrda yordamchi bo`lgani yaxshi. Hammasini yolg`iz uddalashingiz qiyin bo`lishi mumkin. Bolalar aravachasi yoki rulli velosipedning ikki o`rindiqligini sotib olgan durust. Shunda ikkisini eplash ancha oson bo`ladi. Qo`shimcha texnika vositalari – mikroto`lqinli pech, elektr qozon (multivarka), kiryuvgich siz uchun shohona hayot ramzi emas, yumushlaringizni vaqtida hal qiladigan ehtiyoj sanaladi.

E`TIBOR MUHIM

Istaysizmi yo`qmi asosiy e`tiboringiz chaqaloqqa qaratiladi. Ammo to`ng`ichingizga ham xuddi shunday parvarish kerakligini unutmang. Kichkintoyni uxlatib qo`yib, kattangizni quchoqlang, birgalikda ovqatlaning, turli o`yinlarni o`ynang. Uka yo singlisi bilan band bo`lganingizda esa «Menga yordam ber, mana buni ushlab tur» tarzida diqqatini o`zingizga qarating. «Sen kattasan» degan gap o`rinsiz, rashk kurtaklari nish urishi mumkin. Esingizda tursin: e`tibor, o`yinchoq, kiyim kabilarni ikkisiga baravar berish shart.

Xulosa o`rnida:

Aqlli inson hayotini iloji boricha rejalashtirishga harakat qiladi. Ishlayotgan ayollar, hatto, talaba qizlarga ham onalik ta`tili bekorga berilmaydi. Bu yangi fuqaroni to`la-to`kis parvarishlash, uni kasalliklardan holi katta qilish va to`g`ri tarbiyalash uchun onaga beriladigan imkoniyat va davlatimiz g`amxo`rligi hisoblanadi. Bu ham bo`lsa, ayolning avvalo o`z salomatligi hamda farzandlari oldidagi mas`uliyatni belgilaydi. Tug`ruq oralig`i 3 yil bo`lganda ayolning organizmi to`laqonli tiklanadi hamda farzandlarni to`g`ri parvarishlash va tarbiyalash uchun kerakli zamin hozirlanishini unutmasligi kerak.

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi

Sharhlar

BO`ShAShGAN, QONAYoTGAN VA YaLLIЈLANGAN MILKNI DAVOLAYMIZ!

21.12.2017, 18:31

Ko`pchilik tish yuvayotgan paytda milklarining qonashiga uncha ahamiyat bermaydi. Vaholanki, aynan shu holatdan keyin og`zidan hid kelishidan tortib tish bo`shab qolishi va tushishigacha bo`lgan asoratlar...
APELSIN. ShARBATI HAM, ETI HAM, PO`STLOG`I HAM ShIFOBAXSh XUSUSIYaTGA EGA

21.12.2017, 18:18

Plyuslari: Sharbati hazm qilish jarayonini yaxshilaydi, teri jarohatlanganda qon ketishini to`xtatishda yordam beradi, yaralarni zararli mikroblardan tozalaydi.Agar har kuni och qoringa bir juft apelsin esangiz...
MANDARIN — YaNGI YIL MEVASI!

21.12.2017, 18:18

Plyuslari: Tana harorati ko`tarilganda mandarin sharbati chanqoqni bosishda yordam beradi; Mikrob va viruslarga qarshi ta`sir kuchiga ega. Demak, o`tkir respirator kasalliklar va grippning oldini olishda...
BAYRAM DASTURXONI VA SALOMATLIK

21.12.2017, 18:15

Har bir kasallikka xos mumkin bo`lmagan holatlar bor. Bayram dasturxonini bezatishda yoki noz-ne`matlardan bahramand bo`lishda ularni inobatga olishga to`g`ri keladi. U yoki bu kasallikda qaysi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1