AsosiySUG'DIYONA

BAYRAMDA SOG`LIG`INGIZ PAND BERMASIN!

'BAYRAMDA SOG`LIG`INGIZ PAND BERMASIN! 'ning rasmi

Yangi yilga sanoqli kunlar qoldi. Bayram bayramdek o`tishi, hech bir ko`ngilsizlik a`lo kayfiyatimizga chang solmasligi uchun salomatligimizni ham esdan chiqarmasligimiz lozim. «Falokat oyoq ostida» degan gap bor. Har ehtimolga qarshi, u yoki bu vaziyatda birinchi yordam ko`rsatish yo`llarini bilib qo`yganimiz yaxshi.

Me`yorni biling!

Zaharlanish yoki me`yordan ko`p ovqatlanish — Yangi yil bayramida ko`p uchraydigan holatlar. Shuning uchun bayramgacha uydagi dori qutisida og`riqsizlantiruvchi, ich ketishi va jig`ildon qaynashiga qarshi, oshqozon-ichak traktini tozalash uchun ishlatiladigan dori vositalari hozir turgani ma`qul.

Bayramda ovqat yoki ichimlikdan zaharlanganda imkon qadar tezroq birinchi yordam ko`rsatilishi zarur!

•Agar bemor behush bo`lsa, tili tanglayi tomon tortilib, nafas ololmay qolmasligiga hushyor bo`ling.

•Qayt qilayotganida nafas yo`liga tiqilib, bo`g`ilib qolmasligiga e`tibor bering.

•Agar bemor o`z harakatlarini nazorat qila oladigan ahvolda bo`lsa, unga ichimlik sodasi solingan sovuq suv berib, barmoq bilan til negizini bosgan holda qayt qilishga urinib ko`rishini so`rang.

Mushakbozlik o`tkazmang!

Bayram kechasida yoqiladigan mushaklardan kuyib qolish hech gap emas. Ayniqsa, jajji bolakaylarda bu holat tez-tez kuzatiladi. Bu kabi hjdisalar yuz berganida birinchi yordam choralarini bilib qo`ying:

•Avvalo, tezlik bilan olovni o`chiring.

•Og`riqni kamaytirish va to`qimalar zararlanmasligi uchun kuygan joyni sovutish kerak. Jarohatlangandan keyingi dastlabki 20 daqiqada kuygan joy muz yoki boshqa sovuq vositalar bilan sovutilida, sovuq oqar suvga tutiladi yoki namlangan mato qo`yiladi.

O`zingizni ehtiyot qiling!

•Archa o`yinchoqlari yoki chiroqchalari sinib, biror a`zoni kessa yoki oshxonada taom tayyorlash jarayonida teri kesilib ketsa, jarohatni vodorod peroksidibilan tozalash va bakterisid plastir bilan bog`lab qo`yish kerak.

•Shampan vinosini ochayotib, qopqog`i otilib, ko`zga tegmasligidan ham hech kim kafolatlanmagan. Bu ko`z to`r pardasi ko`chishi xavfini yuzaga keltirish mumkin bo`lgan jiddiy holat. Shuning uchun zudlik bilan ko`zga sovuq kompress qo`yish va shifokor ko`rigidan o`tish lozim.

Bayramdan keyin...

Yangi yil bayrami to`kin dasturxon atrofida o`tiramiz, 1 yanvar kuni esa «supra qoqdi» qilib, bayramdan ortgan mahsulotlarni iste`mol qilamiz. Ba`zan ovqatlanish tartibining buzilishi, yog`li, achchiq, dudlangan va boshqa turfa ozuqalarni aralashtirib eyish oqibatida oshqozonda og`riq kuzatiladi. Bunday vaziyatda dorivor giyohlardan tayyorlangan damlamalar «tez yordam» bo`la oladi. Masalan, oshqozonda kuchli og`riq bo`lganda moychechak va bo`yimodaron (tsyachelistnik) dan teng miqdorda olib, bir osh qoshig`iga 200 ml qaynoq suv quying. 20 daqiqa damlab qo`ygach, suzib oling-da, choy o`rnida iching. Bu ishni bajarishdan avval shifokor bilan maslahatlashish zarur!

Oliy toifali shifokor Manzura MAVLYaNOVA bergan tavsiyalar asosida

Dilnoza Shuhrat qizi tayyorladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar