Saida, 27 yosh: — Hamma meni «kelin qilsa arziydigan qiz», deydi-yu, lekin kelin qilishga qolganda oilaviy rishtalarni bog`lashi qiyin. Menga ko`pchilik xavas qiladi, o`zim chevarlik bilan shug`ullanaman. Tikuvchilik bir joyda bajariladigan ish bo`lgani uchun zerikaman, shuning uchun telefonda ko`p gaplashaman. Meni bilganlar «sening xatong telefonda ko`p gaplashishing. Odamlar shuning uchun sendan qo`rqadi», deyishadi. Nima bo`pti?! O`zim tengi yigitlar bilan emas, to`g`ri ma`noda o`zimdan kichik ukaxonlarim bilan gaplashaman. Axir ularning ko`pchiligi oilali bo`lsa ham mening do`stim-ku, maslahatlashadigani, dardlashadigani menman-da!
Taftish: Saida bu odatini yig`ishtirmasa, nafaqat o`z hayotini, balki boshqalarning oilasi tinchini ham xavf ostiga qo`yadi. Bir kami endi o`zidan kichik kelinchaklar «erimni tinch qo`y» deb eshigiga kelishi qoldi! Qo`lida guldek hunari bor qiz «sotka»ni qo`yib, har bir mijoziga yaxshi muomala qilib, ko`ylagini ko`nglidagidek tikib bersa, qalbiga yo`l topsa, mijozlarining o`zi yo o`g`liga, yo ukasiga «shu qizni kelin qilganim bo`lsin», deb qoladi. Tikuvchi qizlarning ko`pchiligi boshqalarga nisbatan erta turmushga chiqib ketishi ham shundan. Tikuv xonasidan tortib, uyining har bir burchagini ozoda saqlashga harakat qilganida, tashqi ko`rinishiga jiddiy e`tibor berganida zerikishga vaqti bo`lmasdi. Demak, har bir qiz kabi Saidaning ham taqdiri o`z qo`lida.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.