Ayting-chi, katta davralarda o`zingizni bemalol his etasizmi yoki «Shu erga kelganimdan ko`ra uyda qolganim yaxshi edi» deydiganlardanmisiz? Qay biri fe`lingizga ko`proq yaqinligiga o`ylanib qolgan bo`lsangiz, diqqat qiling, sizdagi holatlar uchun ba`zi ma`lumotlarni havola etamiz.
Ta`sirchan, og`ir-bosiq, ba`zan bor-yo`qligi ham bilinmaydi...
Bular introvert fe`l-atvordagilardir. Ularda ichki dunyolariga quloq solish ustun. Ya`ni muammolarini boshqalar bilan bo`lishmay hal qiladilar, vazminlik va xotirjamlikni juda qadrlaydilar. Bir qarashda ajoyib fe`lli ekan, dersiz. Xulosa qilishga shoshilmang.
Tanishing: introvert xonimlar! Agar siz «o`qish-ish-uy» degan yo`nalish bo`yicha harakatlansangiz, do`stu dugonalaringiz bilan uchrashuvlardan qochsangiz, qavmu qarindoshlarnikiga, to`y-hashamlarga xadeb boravermasangiz, bilingki, siz introvertsiz! Ya`ni ko`pchilikni xushlamaysiz. Siz uchun yolg`iz qolish, faqat o`zingizga yaqin bilgan insonlar davrasidagina bo`lish kifoya. Dugonalaringizning kiyim-kechak xarid qilishlari, moda ortidan quvishlari ham sizga erish tuyuladi.
«Nega men shundayman?» Bu fe`l-atvorning izohini uzoqdan axtarmang. Shundoqqina bolalik xotiralaringizni ishga solsangiz kifoya. Bordiyu bolalikda ota-onangiz «Ortiqcha savol berma, jim o`tir» deya qiziqishingizni qaytargan bo`lsalar, bu ham fe`lingizga ta`sir etmay qolmagan. O`zingizdagi tug`ma vazminlik bora-bora boshqalar bilan muloqotga kirisha olmaslik kompleksiga aylanib qolgan.
Kamchiligingiz... Sizdagi o`ta vazminlikni atrofingizdagilar manmanlik yo o`ziga bino qo`yganlikdek baholashadi. Ba`zi vaqtlarda besabab jamoaviy yig`inlarda ishtirok etishdan bosh tortishingiz ham xuddi «Men sizlardan ustunman» deganday tuyulishi mumkin. Unutmang, har bir harakatingiz chetdan qaraganda boshqacha tasavvur hosil qilishi mumkin. Hatto u ijobiy bo`lsa ham.
Yutug`ingiz... Fe`lingizda vazminlik bo`lgani uchun ham biror qaror qabul qilishdan avval etti o`lchab bir kesishni afzal bilasiz. Barakalla! Mana shu fe`l-atvoringiz sabab fikringiz aniqroq va uzoqni ko`zlagan bo`ladi. Bu sizning yutug`ingiz!
Maslahat. Agar bu borada sal bo`lsada o`zgarishni istasangiz, fe`lingizning aksi bo`lgan hamroh toping. Ana shunda vazminligingiz bilan ko`pchilik orasida noqulaylikni sezmaysiz. Aytaylik, oilada turmush o`rtog`ingizning fe`l-atvori sizning aksingiz bo`lsa, demak, undan nimalarnidir olishingiz mumkin.
Xushmuomala, faol, xushchaqchaq, ammo ba`zida asabiy...
Siz ularni yaxshi taniysiz. Qaerda paydo bo`lishsa, darhol borliklari bilinadi. Atrofdagilarni o`zlariga qaratishga usta. Doim ko`tarinki kayfiyatda bo`lganliklari bois boshqalar ham ular bilan suhbatlashishga oshiqadi.
Tanishing: ekstrovert xonimlar! Nimaniki o`ylasangiz, ochiq-oydin bildirishdan istihola qilmaysizmi? Tashkilotchilikni yoqtirasiz, hech bir bayram sizsiz o`tmaydi. Kirishimli bo`lganingiz bois notanish davrani ham tezda o`zingizniki qilib olishingiz mumkin. Keltirilgan ta`riflar fe`lingizga yaqin bo`lsa, bilingki, siz eksrovertlar toifasiga mansubsiz. Sizni oilangizdagilar ham, jamoadoshlaringiz ham yoqtirishadi. Biroq ko`pincha bu kayfiyat ortida muammolaringizni ham yashirasiz.
«Nega shundayman-a?» Aslida doim xushchaqchaq va atrofdagilarning diqqat-markazida bo`lish ham hamma vaqt foyda keltiravermaydi. Ekstrovertlar o`zlaridagi bu faollik ortida ba`zi kamchiliklarini yashirishni bilishadi. Shu sabab ham boshqalar nazdida ularda hech qanday muammo yo`qdek tuyuladi. Aslida esa ularning ichki olamlari shu qadar ta`sirchanki, ko`z yoshlarini ko`rsangiz, ishonmasligingiz mumkin.
Kamchiligingiz... Ba`zi vaqtlarda sizdagi o`ta faollik suhbatdoshingizni ikkinchi darajaga chiqarib qo`yadi. Ya`ni hamma ishda etakchilik qilish istagi tufayli boshqalar fikriga imkon ham qoldirmaysiz. Fe`lingizni tushungan inson bo`lsa-ku, toqat bilan suhbatlashishi mumkin. Ammo har kim ham bu ishni eplolmaydi-da! Ayniqsa, jamoada bu kabi ishlaringiz sabab «Bilag`on»ga chiqarib qo`yishlari hech gap emas.
Yutug`laringiz... Faol va kirishimliligingiz maqtovga loyiq albatta. Hatto siz ishtirok etgan davralarda doim tabassum yangrashini ham aytish o`rinli. Biroq faqat «men» demasdan, boshqalarga ham imkon bersangiz yaxshi bo`lardi. Ozroq tanaffus qilishni ham o`rganing. Bu vaqtda boshqalar fikrini tinglab, so`ng yana tashabbuskorligingizni davom ettirsangiz bo`laveradi.
Maslahat. Ekstrovert xarakter sohibalariga doim talab kuchli. Axir ijobiy quvvat ulashadigan inson har qanday jamoaga kerak-da! Ammo yoningizda introvert hamrohingiz bo`lsa, kerakli vaqtlarda maslahatlarini ayamay, sizga to`g`ri yo`l ko`rsatadi. Faqat o`z fikringizga tayanmay, boshqalar maslahatiga ham quloq tuting.
Ekstrovert va introvert fe`l. Ko`pchilikda unisi ham, bunisi ham bo`ladi. Faqat kimdadir faollik ko`proq bo`lsa, kimdadir vazminlik etakchi. Biroq «Borim shu» demasdan, o`zingizdagi yaxshi fazilatlarni yanada yuzaga chiqarish ustida ishlab, kamchiliklaringizni bartaraf etishga harakat qilsangiz, hayotda ko`p yutuqlarga erishishingiz tayin.
Samira ULUG`BEKOVA