AsosiySUG'DIYONA

BAYRAMDA BIRINChI YoRDAM KO`RSATISh ChORALARI

'BAYRAMDA BIRINChI YoRDAM KO`RSATISh ChORALARI'ning rasmi

Yangi yilga sanoqli kunlar qoldi. Bayram bayramdek o`tishi, hech bir ko`ngilsizlik a`lo kayfiyatingizga chang solmasligi uchun esa salomatligingizni ham esdan chiqarmang. «Falokat oyoq ostida» degan gap ayniqsa ayni bayram kunlarida o`z isbotini topmasin-u, ammo har ehtimolga qarshi u yoki bu vaziyatda birinchi yordam ko`rsatish yo`llarini bilib qo`ysangiz, ziyon qilmaydi. Bu borada sahifamiz eksperti — oliy toifali shifokor-terapevt Shoira QODIROVAning tavsiyalari sizga asqotadi.

Zaharlanish

Zaharlanish yoki bo`kib qolish — Yangi yil bayramida ko`p uchraydigan holatlar. Shuning uchun bayramgacha uydagi dori qutingizni og`riqsizlantiruvchi, ich ketishi va jig`ildon qaynashiga qarshi, oshqozon-ichak traktini tozalash uchun ishlatiladigan preparatlarni hozirlab qo`ying.

Bayramda ovqat yoki ichimlikdan zaharlanganda imkon qadar tezroq birinchi yordam ko`rsatilishi kerak.

  • Agar bemor behush bo`lsa, tili tanglayi tomon tortilib, nafas ololmay qolmasligiga hushyor bo`ling.
  • Qayt qilayotganida nafas yo`liga tiqilib, bo`g`ilib qolmasligiga e`tibor bering.
  • Agar bemor o`z harakatlarini nazorat qila oladigan ahvolda bo`lsa, unga ichimlik sodasi solingan sovuq suv berib, barmoq bilan til negizini bosgan holda qayt qilishga urinib ko`rishini so`rang.

Kuyish

Bayram kechasida yoqiladigan mushaklardan kuyib qolishdan ehtiyot bo`ling. Ayniqsa jajji bolakaylarda bu holat tez-tez kuzatiladi. Bunday holat yuz berganda zudlik bilan birinchi yordam ko`rsatish darkor.

  • Avvalo tezlik bilan olovni o`chiring.
  • Og`riqni kamaytirish va to`qimalar zararlanmasligi uchun kuygan joyni sovutish kerak. Jarohatlangandan keyingi dastlabki 20 daqiqada kuygan joy muz yoki boshqa sovuq vositalar bilan sovutilida, sovuq oqar suvga tutiladi yoki namlangan mato qo`yiladi.

Kesish, lat eyish…

  • Archa o`yinchoqlari yoki chiroqchalari sinib, biror a`zoni kessa, jarohatni perekis vodorod bilan tozalash va bakterisid plastir bilan bog`lab qo`yish kerak.
  • Shampan vinosini ochayotib, qopqog`i otilib, ko`zga tegmasligidan ham hech kim kafolatlanmagan. Bu ko`z to`r pardasi ko`chishi xavfini yuzaga keltirish mumkin bo`lgan jiddiy holat. Shuning uchun zudlik bilan ko`zga sovuq kompress qo`yish va shifokor ko`rigidan o`tish lozim.

Oshqozonda kuchli og`riq tursa…

Yangi yil bayrami o`tgach, shifoxonalarga oshqozon-ichak traktidan shikoyat qilib boruvchilar soni ortadi. Bu odatiy ovqatlanish tartibining buzilishi, bo`kib eyish, yog`li, achchiq, dudlangan va boshqa turfa ozuqalarni aralashtirib eyish kabi holatlar bilan bog`liq. Bunday vaziyatda dorivor giyohlar damlamalari «tez yordam» bo`la oladi. Masalan, oshqozonda kuchli og`riq bo`lganda moychechak va bo`yimodaron (tsyachelistnik)dan teng miqdorda olib, bir osh qoshig`iga 200 ml qaynoq suv quying. 20 daqiqa damlab qo`ygach, suzib olib, choy o`rnida iching.

Boshqa yangiliklar