Marhabo, 37 yosh, Toshkent shahri:
— Oila qurganimga o`n sakkiz yil bo`libdi. Katta farzandimiz qiz. Mana uning ham bo`yi etib, o`n ettiga kirdi. Eshik qoqib, so`rovchilar ham topilyapti. Ammo...
Ishonsangiz, turmush o`rtog`im sal bahona bilan menga qo`l ko`taradi. Tushunaman, urish-janjal, kelishmovchilik hamma ro`zg`orda ham bo`ladi, lekin biznikida kichik janjal ham kaltaksiz o`tmaydi. Erim albatta menga qo`l ko`tarishi shart. Bir misol, yaqinda bozorga chiqdik. Bolalarga kiyim oldik. Bozordan chiqishimizda hamyonimni o`g`irlatdim. Yaxshiyam, unda katta miqdorda pul yo`q edi. Bo`lsa, etti-sakkiz ming so`m bo`lgandir. Bozordaligimizda aytishga qo`rqdim. Uyga kelgach, sekingina tushuntirishga urindim.
— Sening baror marta foydang tekkanmi? Nega shuni bozordaligimizda aytmading. Balki tushirib qo`ygandirsan, topardik... — deb do`pposlab ketdi.
Har doim u kishiga farzandlarimiz katta bo`lganini, bunday qilishi noto`g`riligi aytaman.
— Menga aql o`rgatyapsanmi? — deya u yana kaltaklashga tushadi.
Bo`yi o`zim tengi bo`lgan bolalarimning yonida shu ahvolga tushayotganimdan uyalaman. Qiz uzataman, deb o`tirganimda... Agar shu holda davom etaversa, ertaga quda-andali, nevarali bo`lganimda ham shu ko`yga tushamanmi, deb qo`rqaman. Bu haqda yaqinda qaynonamga aytdim.
— O`g`lingizga sal tushuntirib qo`ying, shuncha yil kaltaklariga chidadim. Bundan keyin ham chidarman. Ammo endi bu o`zining ham yoshiga yarashmaydi...
— Kelganida o`zim tushuntirib qo`yaman, — dedim qaynonam ham fikrimga qo`shilib.
Afsuski, buning uchun ham yana haqqimni oldim. Erim hech narsani to`g`rilikcha qabul qilmaydi. Darrov onasining oldidan kelib eski qilig`ini boshladi:
— Endi meni onamga yomonlaydigan bo`ldingmi? Ko`rsatib qo`yaman senga yomonlashni...
Shu bilan yana kaltak edim. Bir so`z deyishga qo`rqib qolganman. Qanaqadir chorasi bordir? Menga maslahat bering.
Maslahat: — Nazarimda, gapni aytishda ham farq bor. Rivoyat qilishlaricha, tushida hamma tishi to`kilib ketgan podshoh buning ta`birini so`raydi. Birinchi ta`birchi «hamma qarindoshlaringiz o`lib, faqat siz qolarkansiz», deydiyu, shu gapi uchun o`limga hukm qilinadi. Ikkinchisi esa «siz qarindoshlaringiz ichida uzoq umr ko`rarkansiz», deya ta`birlab, mukofotga sazovor bo`ladi. Siz ham ikkinchi ta`birchi kabi ish ko`ring. Menimcha, shuncha yil ichida eringizning fe`lini yaxshi bilib qolgansiz. Qaysi paytda, qanaqa muomala qilish faqat sizga ayon. Shunday ekan, uning jahl qilmaydigan vaziyatini topib, shirin gap bilan tushuntiring. Albatta, tushunadi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.