AsosiySUG'DIYONA

«KELIN HAM ODAM» YoXUD ChEGARADAN ChIQIShLARGA YO`L QO`YMAYLIK

'«KELIN HAM ODAM» YoXUD  ChEGARADAN ChIQIShLARGA YO`L QO`YMAYLIK 'ning rasmi

Nikoh faqat yigit va qiz o`rtasida emas, qarindoshlar aro ham rishtalarning bog`lanishidir. Kelin yangi oilasidagi barchaning ko`nglini olishi, ular bilan uyg`un munosabatlar o`rnatishi kerak. Afsuski, kelinga nisbatan haddan oshishlar, unga cho`ridek muomala qilishlar ham uchrab turadi. Bu masalaga jiddiy qarash, uni umummilliy muammo sifatida muhokama qilish kerak, zero, oilalarimizning mustahkamligi shunga bog`liq. Bugun erining qarindoshlari tomonidan zug`um va bosimlar ostida qolgan kelinlar dardini tinglaymiz.


«
Xizmatini qilib tuhmatga qoldim...»

Qaynsinglimni deb ajrashish ostonasida turibmiz. Erimning bir opasi va bir singlisi bor. Qayinegachim turmushga chiqib ketgan, fe`li juda yaxshi, menga sira ziyoni tegmaydi. Ammo qayinsinglim hayotdan to`ydirib yubordi. Juda injiq, tantiq qiz. Kelinligimning ilk kunlariyoq ko`ylaklarimni kiyib ko`rib, menga shunisi yoqdi, deya indamay ikkitasini olib chiqib ketganida lol qolgandim. Ammo bu hali holva ekan. Tobora uning zug`umlari ortib boraverdi: ertalab uxlab qolsa ham men aybdor, yigiti bilan urishsa ham alamini mendan oladi, akasi tergasa ham menga jahl qilgan. Uyda hamma ish mening zimmamda, hatto ich kiyimlarini ham o`zim qo`lda yuvib (qimmatbaho, kir mashinada yuvmang, deydi), dazmollab beraman. Qaynonam doim qizi tomon. Necha marta erim shu singlisining gapi bilan meni do`pposlagan. Oxirgi janjal telefondan chiqdi: ota-onam tug`ilgan kunimga yangi telefon sovg`a qilishgandi. Shuni menga berasiz, deb turib oldi. Men bu sovg`a, bera olmayman, yaxshisi, bola pullarini yig`ib sizga yangisini olib beraman desam, jahl qildi. Ertasiga kelinoyim sinfdosh yigiti bilan gaplashayapti, degan yolg`on to`qib akasiga chaqdi. Shu bilan qilmagan ishim uchun kaltak edim. Xo`rligim kelib ketdi: endigina 18 ga chiqqan qiz hayotimni ostin-ustin qilib yubordi-yu, na erim, na oilaning kattalari miq etishmayapti. Menga ishonmagani uchun turmush o`rtog`imdan, adolat qilishmagani uchun qaynona-qaynotamdan xafa bo`ldim va birinchi marta uyimga ketib qoldim. Endi u xonadonga borishga yuragim bezillayapti.

Charos, 27 yosh

— Kelin oilaning supurgisini ham sizlashi kerak, degan gap bor. Ya`ni oila a`zolarining har birining, hatto u yosh bola bo`lsa ham, hurmatini joyiga qo`yib, xizmatini so`z demay bajarishi shart, degan aqida mavjud. To`g`ri, er va uning ota-onasi oldida xizmat qilish kelinlik burchidir. Oilaning kichik a`zolari esa kelinga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo`lishlari lozim. Kelinga hurmat uning eriga, ya`ni shu oilaning o`g`liga nisbatan ham hurmatdir. Xotiniga nisbatan bunday munosabatni er talab qilish kerak, bu bilan u ba`zilar aytgandek «xotin quli» bo`lib qolmaydi, balki oilasining tinchini ta`minlagan, xonadonda adolat mezoning toshini tenglab qo`ygan hisoblanadi. Endi qayinsingilga kelsak, hozircha qayinsingil sizning muammoingiz, ya`ni turmushga chiqib ketguncha. Oilalik bo`lgach, bu fe`li bilan u, avvalo, ota-onasiga katta boshog`riq bo`ladi. Buni oilaning kattalariga tushuntiradigan odam kerak, balki ota-onangiz, balki mahalla xotin-qizlar qo`mitasi aralashib hal etishar. Bo`y etgan qizning hulqi mahallada muhokama qilinishi qaynonangiz uchun foydali echim emas, qizining tizginini tortib qo`yadi. Faqat ishni bosiqlik bilan, janjallarsiz hal qiling. Oila — sizning baxtingiz, uni himoya qiling, aql va tadbir bilan, albatta. Bir yosh qizchaning injiqliklariga oilaviy baxtingiz, farzandingiz kelajagini qurbon qilmang.


«
Qaynim qo`l ko`tardi...»

Turmushga chiqayotganimda oilada qaynonamdan boshqa ayol yo`qligi quvontirgandi, chunki qaynegachiyu qaynsingillar haqida turli vahimali gaplarni eshitib qo`rqib qolgandim. Lekin muammo qilaman desa, erkak kishi ham qilaverarkan. 21 yashar qaynim hayotimni zaharlayapti. Ishsizligi uchun alamzadami yo fe`li o`zi shundoqmibilmayman, ammo meni turli talablari bilan ezib tashladi. Kun bo`yi qadamimni poylaydi, kir yuvsam chala yuvibsiz deb qayta yuvdiradi, ovqatim ham yoqmaydi. Bir marta choy quyib berganimda xo`plab og`zini kuydirib oldi va nega qaynoq demadingiz, deb piyolani dsturxonga uloqtirib yubordi. Boshida bu qiliqlarini hech kimga aytmadim, ammo oxiri erimga yorildim. U ukamning fe`li shundoq, sabr qil dedi, ukasiga bir so`z aytmadi. Kecha esa «Tuflimni tozalab qo`ymabsiz, qandoq shaltoq xotinsiz», deb elkamdan bir turtib yubordi. Boshim devorga urildi. Men kap-katta odam, uyimda ota-onam bir chertmay katta qilishgan, erimdan kaltak esam ham shunchalik xo`rlanmasdim. Lekin shunchaki kelinligim uchun hurmat qilishim kerak bo`lgan bir boladan bunday xo`rliklar boshimga kelayotgani alam qiladi. Nima qilishga hayronman.

Umida, 26 yosh

— Sizga qayningiz nega bunday qilvyapti, balki o`zingiz nimanidir boshidan noto`g`ri qilgandirsiz demaymiz, garchi shunday ehtimol bo`lsa ham. Chunki bo`layotgan ish oilaviy zo`ravonlikka kiradi. Bu erkaklar bilan hal qilinadigan muammo. Albatta, qayningiz uylansa, vaziyat o`zgarishi mumkin, ya`ni yo u xotiniga ko`chiradi injiqliklarini, yo xotini qatori sizni ham hurmat qilib, tushuna boshlaydi. Lekin ungacha chidab turing, deya olmaymiz. Chunki voyaga etgan erkak kishining ayolga qo`l ko`tarishi, ayniqsa, u kelinoyisi bo`lsa, normal holat emas. Eringizga tushuntiring: «Men himoyachi sifatida sizdan yordam so`rayapman, chunki u ukangiz bo`lsa-da, erkak, men esa ojizaman», deng. Agar chora ko`rmasa, boshqa erkaklar (dadangiz, aka-ukalaringiz)dan yordam so`rashga majbur bo`lishingizni ayting. Muammo jiddiyligini va yanada kattalashib ketishini anglagan turmush o`rtog`ingiz biror chora ko`radi, albatta. Chunki erkaklar o`z oilalaridagi mojarolarning boshqa erkaklar aralashuvi bilan hal etilishini istashmaydi. Nima bo`lganda ham, bunga chidamang, jahlini tizginlay olmayotgan zo`ravon qayningizga, albatta, chora ko`rish kerak.



«Hamma menga qarshi birlashgan»

Erim qo`li yugurik, ko`p uradi. Bir marta miya chayqalishi bilan shifoxonaga ham tushdim. Onam keyinuyga olib ketdi, u xonadonga bormaysan, menga sening joning kerak, bolalaringga sog`lom keraksan, dedi. Shifoxonada erim ustidan shikoyat yozgandim, ammo keyin qaytarib oldim. Chunki kelib, uzr so`rab, yalinib olib ketdi. Uyda tilla bilaguzuklar sovg`a qildi, endi boshimga ko`tarib yuraman dedi... Xullas, turmush o`rtog`imga aql kiribdi, endi hayotim tinch o`tadi, degan umid paydo bo`la boshlagandi. Ammo unday emas ekan. Endi erim urmas, hamma ishni qaynonam va qaynegachilarim qilishardi. Men kelin bo`lib tushmasimdan avval ham bu oiladagilar o`zaro ziddiyatlarni musht bilan hal qilib kelishgan. Endi birdaniga hamma menga qarshi birlashdi: meni uch qaynegachim bir bo`lib urishdi. Yana shifoxonadaman, elka suyagim majaqlangan, jarrohlik amaliyoti qilish kerak. Olti oylik chaqalog`imni ko`krakdan ajratishga majburman, chunki qabul qilayotgan dori-darmonlarim unga yomon ta`sir qilishi mumkin. Erim bolaga bir quti kasha ham olib kelmadi. Nega bunchalik xo`rlanayapman? Bolamning aybi nimada?

Komila, 24 yosh

— Oilada erkak tomonidan ayolga zo`ravonlik — katta muammo. Lekin balo faqat shunda emas. Yuqoridagidek zo`ravonlik boshqa oila a`zolari tomonidan ko`pchilik bo`lib amalga oshirilsa, bu ayolning joniga jabr. Axir u ona-ku, shu oilaning naslini davom ettiruvchisi! Uning salomatligi shu oilaning manfaati emasmi? Nahotki, oiladagilar shuni fahmlashmasa? Musht bilan muammolarni hal qilish, ochig`ini aytganda, rivojlanishning qaysidir bosqichida qolib ketgan insonlarning ishi. Aql-idroki bor odam tadbirni, zabonni ishga solmaydimi? Birovning bolasiga jabr etkazib, keyin Yaratgandan bo`ladigan jazoni nahotki o`ylashmasa? Albatta, hozirgi kelinlar ham o`ziga yarasha, balki tili o`tkirdir, balki ishga uquvi yo`qdir, yo boshqa ayblari bordir. Lekin yoshi katta, ko`pni ko`rgan ayolning ishni shu yo`l bilan hal etishi, bu — katta muammo. Bunday oilada farzand tarbiyalash qiyin. Keyin hayron bo`lamiz, mushtumzo`rlar yoki jur`atsiz, qo`rqoqlar qaerdan paydo bo`layapti, deb. Bu oilaning muammosini mahalla noziri, faollar hamda xotin-qizlar qo`mitasi bilan hal etish kerak. Chunki muammo birgina erning emas, butun oila a`zolarining fe`lida, odatlarida ildiz otib ketibdi. Kelinga esa iloji boricha tilni shirin qilishni, ziddiyatlarga aralashmasliknimaslahat beramiz.


Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

    Boshqa yangiliklar