Shveysariyada nashr etiladigan “Diva International” jurnali sahifasida “Osiyo lochinining parvozi: O`zbekistonning 2018 yilga mo`ljallangan yuksak rejalari” sarlavhali maqola bosilib chiqdi. Unda mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi hamda istiqboliga oid ma`lumotlar atroflicha qalamga olingan, deb yozadi "Jahon" axborot agentligi.
«Xuddi lochin erni pastda qoldirgani holda tobora yuqoriga ko`tarilishi singari O`zbekiston ham o`zining yangi rahbari boshchiligida rivojlanish va farovonlikning yangi qirralarini zabt etish yo`lida chuqur va tub islohotlarni hayotga tadbiq etish asnosida qanotlari bilan yuksalmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoevning uzoqni ko`zlagan boshqaruvi ostida O`zbekistonning zamonaviy rivojlanishini aynan shunday ta`riflash mumkin. 2017 yilning dekabrida u milliy parlamentga Murojaatnoma taqdim etib, o`tgan yilning yakunlarini sarhisob qilgani barobarida yaqin istiqbolga mo`ljallangan keng qamrovli islohotlar to`g`risida ham batafsil to`xtaldi.
Qayd etilganidek, davlat rahbari Murojaatnomasi O`zbekiston etakchisining iqtisodiyot, jamiyat va siyosatdagi mavjud muammolarni naqadar teran anglashini hamda ularni bartaraf etish bo`yicha juda oqilona takliflar bildirilganini namoyon etdi. Mamlakat parlamenti a`zolari hamda siyosatchilarga aniq va lo`nda qilib “Uyg`onish vaqti etdi, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, deya da`vat etgani tushunarli holdir”.
Maqolada O`zbekiston tarixida birinchi marotaba bo`lgan mazkur Murojaatnomada o`z ifodasini topgan ayrim jihatlarga alohida e`tibor qaratilgan.
“Birinchidan, bu o`tgan yillar davomidagi haqqoniy bo`lmagan raqamlar ortidan quvish va nomaqbul ish uslublarini tanqid qilish. Shu bois Markaziy bank hamda xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan tekshirilgan aniq-ravshan raqamlarga muvofiq, 2017 yilda yalpi ichki mahsulot o`sishi 5,5 foizni tashkil etishi e`lon qilindi.
Shavkat Mirziyoev 2017 yil sentyabrida valyuta tizimini liberallashtirishga kirishgani holda iqtisodiyotni isloh etish yo`lida juda dadil qadam tashladi. U, shuningdek, mamlakat farovonligining qudratli harakatlantiruvchi kuchi sifatida kichik va xususiy biznes mustahkamlanishining jiddiy tarafdori hamdir. Tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlashni davom ettirgani holda Prezident barcha tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy-xo`jalik faoliyatini tekshirishni 2 yilga to`xtatishni taklif etdi. Shuningdek, davlat rahbari 2018 yili O`zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lish bo`yicha muzokaralarni qayta boshlashini ham ma`lum qildi”, deb yozadi Shveysariya nashri.
Nashr e`tirof etganidek, davlatimiz rahbarining Prezident virtual qabulxonasi va joylarda Xalq qabulxonalarini ochish, 2017 yilni mamlakatda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e`lon qilish to`g`risidagi tashabbuslari ko`pchilik tomonidan, shu jumladan, o`tgan yili respublikaga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn tomonidan ham yuqori baholandi.
“Prezident parlamentga Murojaat chog`ida bu g`oyani rivojlantirish, ya`ni mamlakat fuqarolari davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo`yicha o`z fikrlarini bildirishlari uchun Internet tarmog`ida “Mening fikrim” deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etishni taklif qildi. Bundan tashqari, u fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni Oliy Majlis yoki xalq deputatlari Kengashlari ko`rib chiqishi majburiy ekani qonunda belgilab qo`yilishi lozimligini ham tavsiya etdi”.
Mahalliy organlarga katta vakolatlarni berish asnosida hokimiyat markazlashuvidan chekinish bo`yicha chuqur islohotlarning ko`zlanayotgani ham jurnal e`tiboridan chetda qolmagan. Shu o`rinda nashr mamlakat mintaqalarini rivojlantirish, odamlarning erkin harakatlanishi, ichki va tashqi savdo hajmlarini oshirish, iqtisodiy faoliyat va sayyohlikni rivojlantirish ta`minlanishi yuzasidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar ichki sayyohlikni rag`batlantirish va korrupsiya darajasini keskin pasaytirishga qaratilganini qayd etgan.
“Prezident mamlakatda 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”, deb nom berishni taklif etdi. Davlat rahbari bu bilan islohotlar o`tkazishdan boshqa yo`lning yo`qligini va odamlar ishonchini qozonish uchun hali ko`p ishlarni amalga oshirish lozimligini ma`lum qildi. Shubha yo`qki, 2018 yili O`zbekiston katta e`tibor qaratiladigan mamlakatlardan biri bo`ladi, chunki lochin o`z parvozini endi boshlamoqda”, deb yozadi “Diva International”.
“Diva International” – ingliz, fransuz va ispan tillarida 2000 yildan buyon chop etiladigan jurnal. Nashr adadi 5 ming nusxa. Nafaqat Shveysariyadagi, balki dunyodagi boshqa mamlakatlarning diplomatlari, xalqaro tashkilotlar xodimlari, tadbirkor va jamoatchilik arboblari ushbu jurnalning asosiy o`quvchilari hisoblanishadi.