Yuzingizdan ajin mo`ralab qolmasligini istaysizmi? Kim ham buni xohlamaydi deya o`ylanib qolgan bo`lsangiz, shu bugundan boshlab asabiylashishni bas qiling. «Depressiyadaman» degan beo`xshov so`zni ham unuting! Bordi-yu, nazorat qo`ldan chiqayotganini sezsangiz, quyidagi usullardan birini yoki barchasini ketma-ketlikda sinab ko`ring. Kelishdik-a?
Elkalarni tekislang!
Tik turgan holatda qo`llaringizni elkaga qo`ying. O`pkani to`ldirib nafas oling-da, oyoq uchiga ko`tariling. Bu paytda qo`llarni yuqoriga harakatlantirib, boshni xiyol orqaga tashlaysiz. Nafas chiqarish jarayonida dastlabki holatga qayting. Mashqni 5-6 marta bajaring.
Kaftingizni oching...
Mashqni tik turib ham, o`tirib ham bajarish mumkin. Asosiysi, to`g`ri bajarishda. Demak, ikkala qo`l kaftingizni qattiq siqqancha musht tuging. Xo`sh, uddaladingizmi, ana endi mushtingizni asta bo`shating. Yana takrorlang. Ushbu mashq tanadagi zo`riqishni engillashtirishda asqatadi. Davomiyligi 8-10 marta.
Qani, o`tirib olingchi...
O`zingizga qulay bo`lgan holatda o`tiring-da, tizzalarni buking. Qo`llaringiz bilan tizzangizni quchoqlab, boshingizni pastga engashtiring. Shu holatda 10 soniya o`tiring, so`ng boshingizni ko`tarib, chuqur nafas oling. Mashqni istagingizga ko`ra, 5-6 marta bajarishingiz mumkin.
Tanangizni bo`shashtiring!
Buning uchun tizzalab o`tirasiz-da, qo`llaringizni oldinga cho`zib, tanangizni oldinga yo`naltirasiz. Imkon qadar, qo`llar yordamida cho`zilishga harakat qiling. Mashqni 10-15 soniya bajarish kifoya.






