1

Deyl Karnegidan maslahat: irodali bo`lishning 6 usuli

SUG'DIYONA 22.02.2018, 13:31
Deyl Karnegidan maslahat: irodali bo`lishning 6 usuli

Ma`lumki, agar muvaffaqiyat qozona olmasaq uyda yoki ishda ozgina muammolarga duch kelsaq hayot tajribamiz bir oz pand bersa, darhol bizni tushkun kayfiyat o`rab oladi. Tushkunlik esa hech vaqt bu noqulay vaziyatdan olib chiqolmaydi. O`zimizni o`nglab olishning yagona yo`li irodali va kuchli mantiqiy tafakkurga ega bo`lishdir.

1. Bugungi kun nafasi bilan yashang. O`tmishda yo`l qo`ygan xatolaringizni, muammolaringizni bir muddat esdan chiqaring. Kelajagingiz bugun qo`yadigan qadamingizga bog`liqligini unutmang. Siz uchun har kuni yangi kun boshlanishi kerakligini his qiling. Chunki o`z muammolaringiz haqida o`ylab, qayg`urganingiz bilan masala o`z echimini topmaydi, siz esa behuda tushkunlikka tushish bilan vaqtingiz, imkoniyatingizni boy berishingiz mumkin. Yaxshisi, o`zingizga eng yoqimli, qiziqarli bo`lgan mashg`ulot bilan shug`ullaning, ko`nglingizga yaqin inson bilan suhbatlashing.

2. O`zingizda ishonch hosil qiling. Ko`pchilik o`z-o`ziga ishonmaslik oqibatida erkin qadam tashlashdan, yutqazgan narsalarini qaytadan boshlashdan voz kechadi. Ammo insondagi o`ziga bo`lgan ishonch hissi ko`pincha uning maqsadga erishishiga sabab bo`ladi. Shunday ekan, yutqazishdan cho`chimang. Chunki hayot yutish va yutqazishdan iborat, siz qachondir yutqazgan narsalaringiz evaziga katta narsani yutib olishingiz mumkin.

3. Aslo asabiylashmang. Asabiylik insonning tiniq fikrlashiga to`sqinlik qiladi, muammoni yanada chigallashtiradi. Asabni jilovlashning yagona yo`li – asabni buzadigan holatlarga ahamiyat bermaslik.

4. Vaqtida ovqatlaning. Ba`zilar ish yoki shaxsiy muammolar ichida qolganda ishtahasiz bo`lib, ovqatlanishni unutib qo`yadilar. Bu bilan o`z faoliyatlarini yanada susaytirayotganini bilmaydilar. O`z vaqtida ovqatlanib organizmni mo`tadillashtiradi va harakatchan, faol bo`lishiga, miya faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.

5. Muammoga chetdan nazar tashlang. Masalan, siz uchun kattaroq va chigal hisoblangan muammo boshqalar uchun arzimas bo`lishi mumkin. Muammolaringizga uzoqroqdan turib razm soling, xafa bo`lishga qanchalar haqli ekaningizni o`ylab ko`ring. «Balki bundan ham qiyinroq vaziyatga tushib qolishim mumkin edi-ku», degan fikr bilan hozirgi ahvolingizga nisbatan sabrli va shukrli bo`ling. Shunda sizni qiynagan muammo aslida hech narsa ekanini anglaysiz.

6. Hayotni borligicha qabul qiling. Ba`zi kishilar hayotni o`zim boshqarayapman, deb o`ylaydilar. Garchi shunday ko`rinsa-da, aslida hayot insonni boshqaradi. Doim muvaffaqiyatga erishib kelgan kishi bir gal pand esa, buning zarbini ko`tara olmaydi. Sababi, u hayotni boricha qabul qila olmaydi. Bunday kishilar doim o`z xohish-istaklari amalga oshishi kerak deb hisoblaydilar. Omad yuz o`girganida muvozanatni yo`qotib qo`yadilar. Hayotni borligicha qabul qilish esa kunida etti bor yiqilib, etti bor o`rindan turishni o`rgatadi.

Iroda barchamiz uchun kerakli narsa. Ammo hamma ham o`zida bu kuchni topa olmaydi. Irodasizlik insonni faollikdan uzoqlashtirishi mumkin. Harakatsiz, g`ayratsiz inson esa ertangi kuniga ishona olmaydi va muvaffaqiyatga erishishi qiyin kechadi. Hayot sinovlaridan o`ta olish uchun irodali bo`lishimiz lozim. Har bir qulagan narsani bundan ham ko`rkamroq qilib tiklash mumkinligini yodda tuting va buni uddalash uchun o`zingizga qaytadan imkoniyat bering. Shunda eng mustahkam irodaga erishishingiz mumkin.

«Chidash san`ati» kitobidan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1