AsosiyDunyo

Gumanitar yordamga ketayotgan falastinliklarga qarata o‘q uzildi

Mahalliy qurollanganlar kim?

'Gumanitar yordamga ketayotgan falastinliklarga qarata o‘q uzildi'ning rasmi

G‘azo sektorida dushanba kuni gumanitar yordam olish umidida Tal al-Sulton hududiga yo‘l olgan falastinliklarga qarata yana o‘q uzildi. Ammo bu safar otishmalar faqat Isroil harbiylari emas, balki noma’lum qurollangan mahalliy shaxslar tomonidan ham amalga oshirilgani haqida guvohlar bildirgan.

G‘azoning “HAMAS” boshqaruvidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa natijasida kamida 6 kishi halok bo‘lgan, 99 nafari esa turli darajadagi jarohat olgan. Barchasi – gumanitar yordam tarqatilishi belgilangan hududlarda.

Isroil tomoni nima dedi?

Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) mazkur holat bo‘yicha tekshiruv olib borilayotganini bildirgan. Shu bilan birga, ular ilgari ham shunga o‘xshash holatlarda “ogohlantirish o‘qiga javob bermay yaqinlashgan shubhali shaxslar”ga qarata o‘q uzilganini tan olgan, biroq “yordam olishga kelgan tinch aholi” nishonga olinganini rad etgan.

Yangi xavf: qurollangan noma’lum shaxslar

Tal al-Sulton voqeasining eng xavotirli jihati — guvohlarning aytishicha, bu safar o‘q uzganlar orasida yuzlari niqoblangan, fuqarolik kiyimdagi mahalliy qurollangan shaxslar ham bo‘lgan. Ular G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF) tarqatayotgan oziq-ovqat yordamini olish uchun kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan.

Hisham Sa’id Salem, yordam olish uchun borgan fuqarolardan biri, “BBC Arabic”ga bergan intervyusida shunday deydi:

“Dastlab, ularni yordam tarqatishda ko‘maklashayotgan yoshlar deb o‘yladik. Ammo ular to‘satdan bizga qarata o‘q uzishni boshlashdi. Hattoki, yordam qutisini olib chiqqanlar ham nishonga olindi. Kimligini hali ham bilmaymiz, lekin ular hatto tartibsizlikdan foydalanib, ba’zilarimizdan yordam qutilarini tortib oldi.”

Yana bir guvoh, Muhammad Sakut, voqea joyida bir nechta odamning ko‘z o‘ngida o‘ldirilganini aytgan va qo‘shimcha qilgan:

“Avvallari otishmani faqat Isroil harbiylaridan ko‘rardik. Bugun esa militsiyalar, to‘dalar borligini ko‘rib hayratda qoldik.”

"GHF" nima deydi?

GHF – AQSH va Isroil tomonidan moliyalashtirilayotgan tashkilot — bu safar Tal al-Sulton hududidagi markaz ochilmaganini, ammo Rafahdagi Saudiya tumani va Vodi G‘azo markazidagi ikkita boshqa markazda yordam tarqatish “muvaffaqiyatli” o‘tganini bildirgan.

Shunga qaramay, tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi postida Tal al-Sulton markazi “ommaviy tartibsizliklar” sababli yopilganini tan olgan.

GHF vaqtinchalik ijrochi direktori Jon Akri tashkilot ikki hafta ichida 11 milliondan ortiq oziq-ovqat ulashganini aytgan va bu jarayonda “jiddiy voqea yoki jarohat” bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Biroq G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bu davr ichida gumanitar yordam hududlaridan jami 127 nafar halok bo‘lgan va 1 287 kishi yaralanganini qayd etmoqda.

Nega BMT va boshqa tashkilotlar bu tizimdan voz kechdi?

BMT va xalqaro yordam tashkilotlari GHF’ning faoliyatida ishtirok etishni rad etgan. Ular bu tizim “neytrallik, betaraflik va mustaqillik” kabi xalqaro gumanitar tamoyillarga zid ekanini ta’kidlab kelishmoqda. Ularning xavotiri: yordam siyosiy vositaga aylanmoqda.

Qayd etilish joizki, G‘azoda 2,1 million aholi ocharchilik yoqasida. Ular uchun yordam – hayot va o‘lim masalasi. Ammo bugun yordam punktlariga borishning o‘zi tiriklik garovi emas. Otishmalar, noaniq harakat qilayotgan guruhlar va beqarorlik G‘azodagi eng muhim savolni kun tartibiga olib chiqmoqda:

Yordam kimning qo‘lida va kim bu yordamni nazorat qilmoqda?

    Boshqa yangiliklar