1

Mirzo Ulug`bek suv ichgan piyolaning siri nimada edi?

Moziydan sado 14.03.2018, 15:34
Mirzo Ulug`bek suv ichgan piyolaning siri nimada edi?

Muzeylar insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarini namoyon qiluvchi, tarixni oynadek aks ettiruvchi maskanlardir. Bunday ma`naviyat go`shalariga tashrif buyurgan kishi borki, moziyni sarhadsiz sayr qiladi, o`zi uchun olam-olam ma`no va xulosa oladi.

Dunyoning qaysi chekkasidagi muzeyga bormang, O`zbekiston tarixiga oid eksponatlar eng noyob ashyolar sifatida qadrlanishiga guvoh bo`lasiz. Jumladan, jahonning etakchi muzeylaridan biri bo`lgan Britaniya muzeyida ham ana shunday manzaraga duch kelasiz.

“Xalq so`zi” nashrining bildirishicha, yaqinda Londonda qator uchrashuv hamda muzokaralar o`tkazgan O`zbekiston delegasiyasi Britaniya muzeyiga tashrif buyurdi. Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi rahbarlaridan iborat delegasiyani Britaniya muzeyi direktori Hartvig Fisher qabul qildi.
Britaniya muzeyida 8 milliontadan ziyod ashyolar jamlangan bo`lib, har yili bu erga 7 million nafarga yaqin kishilar tashrif buyuradi.

Ahamiyatlisi, muzeyda mamlakatimiz tarixiga oid o`ta noyob eksponat — Mirzo Ulug`bek suv ichgan piyola saqlanadi. Uzunligi 15 santimetr bo`lgan piyola yuziga “Ulug`bek Ko`ragon” deb yozilgan. Piyola yashil rangli nefrit toshdan o`ta mohirlik bilan sayqallangan holda ishlangan. Uning bandi ajdar shaklida bo`lib, og`zi piyola uchini tishlagan, oyoqlari erga tegib turadi. Piyolaning og`iz tegar eri lab shaklida bo`lib, unga “Karami Haqqa nihoyat yo`qdur (Alloh taolo karamining cheki yo`q)” degan yozuv bitilgan. O`sha vaqtlar nefrit Movarounnahrda noyob tosh sanalgan. Piyolaning nefritdan ishlanishining sababi, u chaqmoq urishidan saqlagan. Eng asosiysi, nefritga solingan zahar o`z ta`sir kuchini yo`qotgan. Natijada bunday piyola egalari ichimlikni bexavotir icha olgan.

Uchrashuvda yurtimizning qadimiy, boy tarixi, buyuk alloma hamda mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy-ma`naviy merosi jahon tamadduniga beqiyos ulush qo`shgani, bugun mamlakatimizda xalqimizning chinakam iftixori bo`lgan ana shu xazinani asrab-avaylash, chuqur o`rganish, uning noyob g`oya va qadriyatlarini istifoda etgan holda, kelajak avlodga ham etkazishga yuksak e`tibor qaratilayotgani alohida ta`kidlandi.

Yig`ilishda so`z olgan Britaniya muzeyi mas`ullari Jonatan Tabb, Ladan Akabarnia, Fahmida Sulaymon, Jon Uillyams ushbu hamkorlik ikki tomon uchun ham g`oyat manfaatli ekanini qayd etdilar.

— Mening hayotimda Markaziy Osiyo, xususan, O`zbekiston tarixini o`rganish muhim ahamiyatga ega bo`lgan, — deydi Yaqin Sharq to`plami rahbari Jonatan Tabb. — “Amudaryo xazinasi” deb nomlangan eksponatlar muzeyimizning yuragi, desam, xato bo`lmaydi. Ayni paytda uning yangi katalogi ustida ish olib borayapmiz. Bunda o`zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilish niyatidamiz.

Markaziy Osiyo madaniy merosini tadqiq etayotgan yana bir olim Fahmida Sulaymon O`zbekistonning boy madaniyati hali ham dunyoni hayratga solishga qodir ekanini ta`kidlab, jumladan, shunday dedi:
— Evropa jamoatchiligi, ayniqsa, ilmiy doiralari “Islom madaniyati XIX asrga kelib rivojlanishdan to`xtagan”, degan fikrni yoqlaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O`zbekistonga tashrif buyurgan kishi borki, buning aksini ko`radi.

Britaniya muzeyi mutaxassislari O`zbekiston tarixiga oid eksponatlarning yozuv-sharhlarini yurtimiz olimlari bilan birgalikda tayyorlaydigan bo`ldi.

Uchrashuvda tomonlar o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar. Muzokaralar natijasida Britaniya muzeyi xodimlarining O`zbekistonga safarini tashkil etish, o`zaro tajriba almashishni yo`lga qo`yish, muzey fondida saqlanayotgan mamlakatimiz tarixiga oid nodir eksponatlarni tadqiq qilish, kataloglarini yaratish, o`zbekistonlik mutaxassislarning Britaniya muzeyida amaliyot o`tashlarini joriy etish bo`yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Britaniya muzeyi Mirzo Ulug`bek foydalangan nodir piyolaning nusxasini O`zbekiston buyurtmasi bo`yicha tayyorlab berishga hozir ekanini ma`lum qildi. Shuningdek, O`zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Britaniya muzeyi olimlarining mamlakatimiz muzeyshunoslari bilan onlayn ma`ruzalarini yo`lga qo`yish masalasi muhokama etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1