1

Toshkentda oziq-ovqat sanoati ko`rgazmasi ochiladi

Iqtisodiyot 03.04.2018, 11:19
Toshkentda oziq-ovqat sanoati ko`rgazmasi ochiladi

Joriy yil 4-6 aprel kunlari “O`zekspomarkaz” milliy ko`rgazmalar majmuida oziq-ovqat sanoati sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko`rgazmasi bo`lib o`tadi, deb xabar bermoqda O`zA.

O`n sakkizinchi bor tashkil etilayotgan ko`rgazmada 26 davlatdan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida ilk bor Belarus Respublikasi sanoatchilari ham qatnashadi. Bu haqda ko`rgazmaoldi matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

– Bu yil ko`rgazma ish dasturi juda qiziqarli va keng qamrovli bo`lishi kutilmoqda, – deydi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko`rgazma kompaniyasi bosh direktori o`rinbosari Oyimxon Bobojonova. – Ko`rgazma avvalida oziq-ovqat mahsulotlarini sifatlash – “Sifat ustasi” tanlovi o`tkaziladi. Unda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari sifati hakamlar hay`ati tomonidan baholanadi va g`oliblar turli nominasiyalar bo`yicha taqdirlanadi.

Ko`rgazma doirasida O`zbekiston – Belarus sanoatchilari xalqaro forumi o`tkazilishi belgilangan. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oziq-ovqat sanoati bo`yicha o`zaro tajriba almashadi, savdo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etiladi. Xalqaro tadbirda qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish, ularni saqlash, qayta ishlash sohasidagi yangi texnologiyalar namoyish etiladi.

Yana bir yangilik – O`zbekistonda ilk bor “Riteyl markaz” o`z ishini boshlaydi. Bu markaz oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari va savdo tarmoqlari o`rtasida mahsulot etkazib berish bo`yicha bevosita muzokaralar maydoni vazifasini o`taydi.

“WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko`rgazmasi O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O`zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O`zsharobsanoat” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1