1

Kelinlarni murosaga keltirish san`ati. Bu borada qaynonalarga 10 maslahat

SUG'DIYONA 19.07.2018, 10:34
Kelinlarni murosaga keltirish san`ati. Bu borada qaynonalarga 10 maslahat

— Ikki kelinim bor. O`g`illarim ularni o`zlari tanlab, men ma`qullaganimdan keyin uylanishgan. Kelinlar chaqqon, pazanda, sarishta. Faqat bir ayblari bor: o`zaro hech chiqishishmaydi. Kattamni bo`lak chiqargan edim, ammo ishi yurishmay, biznesi sinib uyini sotishiga to`g`ri keldi va bolalarimni yana uyga qaytarishga majbur bo`ldim. Endi kunda mojaro, hali nevaralarimning o`rtasiga tushishadi, hali birining rejasi boshqasiga to`g`ri kelmaydi... Kelinlarning boshini qovushtirish juda qiyin ekan. Nima qilishga hayronman.

Baxtigul opa, 56 yosh

Ikki-uch oilaning bir uyda ziddiyatlarsiz yashashi juda qiyin. Bekorga «Kundosh kundoshga paxta otsa, ovsin ovsinga tosh otadi», deyishmagan. Ovsinlar orasidagi raqobat bora-bora kundoshlarnikidan ham kuchliroq adovatga aylanib ketganiga misollar ko`p. Akani ukadan ayirib, uzilmas rishtalar uzilishiga, hatto qorindan talashib tushgan og`a-inilarning bir-biriga qo`l ko`tarib, yuzko`rmas bo`lishiga ham ko`pincha, ayollar o`rtasidagi adovat sabab bo`ladi. Lekin janjallashayotgan ikki ayolga faqat uchinchi bir ayolgina bas kelishi mumkin, u — qaynona! Ovsinlararo raqobatni butkul bartaraf etish mushkul, to`g`ri. Ammo vaziyatni qo`lga olish, oradagi raqobatni sog`lomlashtirib, foydali tomonga burish, ularni bir-biriga ilitish va mehrini kuchaytirish qaynonaninggina qo`lidan keladi. Kelinlarga bir xil munosabatda bo`lib, ular orasida tarozu posangisini to`g`ri ushlab tura olgan qaynona oila tinchligi garovi bo`la olishi mumkin.

Quyidagi maslahatlarimiz bir emas, bir necha kelinning boshini uzoq vaqtdan berib qovushtirib, oilada do`stona muhitni saqlab qolishga muvaffaq bo`lgan tajribali onaxonlarimiz tavsiyalari asosida tayyorlandi.

1. Sizning obro`yingiz muhim!

Uyda tinchlik, tartib bo`lishi uchun bir avtoritet, ya`ni obro`li inson kerak, toki ziddiyat chiqqanda tomonlar uning oldiga borib maslahat, echim va adolat istasinlar. Kelinlar, odatda, qaynonadan hayiqib turishadi, lekin bu hali hurmat degani emas. Іurmat, bu — o`sha odamning shaxsiga, tajribasiga ishonish, uning fikrini tinglash va hech bir e`tirozsiz qabul etishdir. Bir kimsa sizning maslahatingizga kirishi uchun avvalo, maslahat jo`yali bo`lishi kerak, ya`ni maslahatchining hurmati baland ekani muhim. Kelinlaringiz sizdan shunchaki qo`rqmay, yurakdan hurmat qilishlari uchun ular bilan sizning orangizda parda bo`lsin. Masalan, siz bor joyda bir-birlariga baland ovozda gapira olmasinlar, salobatingiz bossin. Buning uchun ancha balandda turishingiz kerak. Ya`ni doim adolatni gapiradigan, jo`yali maslahat beradigan, dam u, dam bu tomonga og`maydigan, vaziyatni xolis baholaydigan qaynona yuksak hurmatga loyiqdir. Bir kelin bilan apoq-chapoq bo`lib, juda yaqinlashib ketsangiz, ertaga ziddiyat chiqsa, uning yonini olib qo`yasiz va narigisiga nisbatan zulm qilasiz. Shu sababli kelinlardan balandroq turing, ya`ni kibrli emas, tajribali, mulohazali bo`ling.

2. Bir qozonda ikki kalla qaynamasin

Iloji bo`lsa, ikki ovsinning uy-joyini bo`lak qilib berish kerak. Baribir ular bir umr bir tom ostida yashashmaydi, kuni kelib har bir oila o`z aravasini o`zi tortishi kerak. Iloji boricha bu masalani ertaroq, ko`zingiz ochiqligida hal qiling-da, bu besh kunlik dunyoda tinchgina yashang. Lekin alohida uy-joy qilishga imkoniyat bo`lmasa, kelinlaringiz bir uyda yashashlariga to`g`ri kelsa, ularning ham o`z hayoti, o`z olami borligini tan oling va buni kelinlaringizga ham uqtiring. Bir-birining yotog`iga kirmaslik, maishiy texnikasidan beso`roq foydalanmaslik va hokazolarni tushuntiring. Imkon topsangiz, bir hovlida turishsa ham ro`zg`orlarini bo`lak qilib bering. Bu bilan mojarolar butunlay tugamasligi mumkin, lekin ikir-chikirlardan chiqadigan, ammo toma-toma asablarni emiradigan kichik kelishmovchiliklarning oldini olishga muvaffaq bo`lasiz.

3. Shikoyat boshqa, g`iybat boshqa

Shunday qilingki, kelinlaringiz sizga bir-biridan shikoyat qilgan taqdirda ham g`iybat qila olmasin. Shikoyat va g`iybatning orasida farq katta. Shikoyat qilgan kishining muammosini hal qilish mumkin. G`iybat esa shaxsning sifatlari ustida boradi. Masalan, keliningiz «Ovsinim yangi kir mashinamga keragidan ko`proq kir solib yuvib uni buzib qo`ydi» desa, bu — shikoyat. Ovsinning keyingi safar bunday ish qilmasligi choralari ko`riladi. Lekin «Ovsinim har kuni eri bilan kechki sayrga chiqadi, nega sizni taklif qilmaydi?», desa bu — g`iybat, nafaqat g`iybat, hatto fitnadir. Siz tajribali ayol sifatida ana shu holatni darrov ilg`ab, unga joyida chek qo`yishingiz kerak.

4. Siz – yarashtiruv komissiyasiz!

Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketishini bilasiz. Ovsinlar orasida gap qochib, kelishmovchilik yuzaga kelsa, uzog`i bilan bir-ikki kun ularning jahldan tushishi uchun vaqt bering, ammo oradagi taranglik uzoq cho`zilishiga yo`l qo`ymang. Іiyla ishlatasizmi, bir-biridan kechirim so`ratasizmi, nima qilsangiz qiling-u, ularni tezroq yarashtirib qo`ying. Chunki arazlashib yuraverishgani sayin orada mojaro ham cho`zilib, ko`lami kengayib, pashshadek narsa filga aylanadi. Kelinlaringiz tez yarashib, ginalarni tez unutishga odatlanishsin.

5. Xolis bo`ling, xolis!

Kelinlarni qilgan ishi uchun koyiydigan bo`lsangiz, buni bir-biriga sezdirmang. Shunda ularning diliga ozor etmaydi, gaplaringizni o`ziga og`ir olmaydi, aytganingizni qilishi, yo`rig`ingizga yurishi oson bo`ladi, o`chakishmaydi. Eng muhimi, o`zingiz bir kelinni boshqasi bilan g`iybat qilmang. Birinchidan, bu bilan siz ovsinlar orasidagi adovatni kuchaytirasiz, ikkinchidan, o`rni kelganda adolat qila olmay qolasiz. Chunki kelinga dakki berayotgan paytingiz, u ham jim turmaydi, tunov kuni “dildan” g`iybatlashilganda aytgan gaplaringizni yuzingizga solib, narigi keliningiz oldida obro`ngizni to`kishi mumkin. Juda bo`lmasa, sizdan olgan gapini imi-jimida ovsiniga va boshqalarga aytmasligiga ham kafolat yo`q. Dardini tinglang, xulosa chiqaring va bir qarorga o`zingiz keling.

6. Oilada ham imtiyozlar kerak...

Ishni shunday taqsimlangki, hech biri e`tiroz bildira olmasin. Biri ovqat pishirsa, ikkinchisi idish yuvsin, kattasi bolalarni bog`chaga olib borsa, kichigi olib kelsin. Bunda siz kelinlarning sog`ligi, bolasining yoshi, ishlash-ishlamasligi kabilarni albatta e`tiborga oling. Birining bolasi betobmi, bugun navbati bo`lmasa ham ikkinchisi ovqat pishirsin, keyingi safar bunisi ham shunday qiladi. Bu uslubni imtiyozlar uchun ham qo`llang. Kattasi bilan to`yga bordingizmi, kichigini “Chaqiriq”qa oboring.

7. Qudalarni teng ko`rgan ma`qul

To`rt devor orasidagi mojarolar shu devorlar orasida qolgani ma`qul. Kelinlar uyiga gap tashib, ota-onalarini ham nizolarga aralashtirishiga yo`l qo`ymang. Qancha adolat istashsa, sizdan topishsin, uylariga himoya izlab borishmasin. Siz ham qudalarni teng ko`ring. Biri bilan yaxshi chiqishib, uning tog`orayu sovg`alariga uchsangiz, oilangizdan xotirjamlik va tinchlik yo`qoladi. Oila manfaati uchun shaxsiy manfaatlaringizni shu paytgacha qurbon qilib keldingiz. Demak, qudalarga moddiy jihatdan baho berish to`g`ri emasligini sizga o`rgatib o`tirishga hojat yo`q.

8. Nabiralar sizning davomchingiz!

Nabiralaringiz, kim tuqqan bo`lishidan qat`i nazar, sizniki. Albatta, har bir buvining nabiralar orasida boshqacha yaxshi ko`radigani bo`ladi: to`ng`ichimi, kenjasimi, suyukli farzandining bolasimi, xullas, buni hamma sezadi. Biroq hadeb shuni ta`kidlayverish nimaga kerak? Biriga sovg`a berib boshqasiga bermaslik, unisini nuqul maqtab bunisini faqat koyish oilada nizolarga sabab bo`lishi mumkin. Kelinlaringiz ham ona. Ular farzandiga nisbatan adolatsizlikni o`ziga nisbatan adolatsizlikdan ming chandon og`irroq oladi. Erlariga ustingizdan shikoyat qilayotganda ham qo`llarida shu narsa asosiy dalil bo`ladi. Va albatta, sizning munosabatingizdan norozilikni o`zingizga to`g`ridan-to`g`ri aytolmaganlari holda bir-birlariga aytadilar, ta`na qilib otadilar hatto. Shu sababli nabiralarga mehringizni teng namoyon eting, axir, quyosh hammaga bir xil nur sochadi-ku!

9. Aka-uka ahilligida gap ko`p

Bu o`rinda qaysi birining eri ko`p pul topayotgani, martabasi yuqoriligi yoki siz uchun sevimliroq ekaniga e`tibor bermang. Agar aka-ukalar orasida nizo chiqmasin, desangiz ularga nisbatan munosabatlaringizni kelinlarga ko`chirmang. Albatta, o`z uyingizda bo`lib turgan, sizga bevosita taalluqli nizolarga tashqaridan qarab, ob`ektiv baho berish qiyin. Ammo shunga harakat qilish kerak. Yana bir jihat, o`g`illaringiz o`zaro ahil bo`lsalar, ular orasida mehr-oqibat ko`tarilmasa, xotinlari ham o`zaro murosa qilishga majbur bo`lishadi. Rafiqasiga «Akamni (ukamni) ham, xotinini ham yomonlama, meni desang, ular bilan ahil bo`l», deb aytishsa va doim shu pozisiyani mahkam ushlab turishsa, ovsin bilan adovat o`zlariga zarar ekanini tushunadilar. Erlar xotinning yo`rig`iga yurib oradagi jigarchilikdan voz kechsalar, ayollar ziddiyatni fazoviy darajagacha olib chiqishlari turgan gap.

10. Bir-biringizdan dam oling

Siz ham temirdan emassiz, tushunamiz. Asablaringiz tinch, o`zingiz sog`lom bo`lsangizgina, oilaviy muhit yaxshilanadi. Chunki siz oilaning asosiy kishisi, barometrisiz. Shu sababli o`zingizni o`ylang, asablaringizni asrang va kelinlaringizni ota-onasinikiga teng vaqtda, teng sharoitda jo`natib yuboring. Siz ulardan, ular ham bir-biridan dam olsin. Tortilgan tarang torlar bo`shashib, ginalar unutilib, yana hammasi yaxshi bo`lsin!

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1