1

Prezident avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berdi

Siyosat 29.08.2018, 06:28
Prezident avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 avgust kuni avtomobil transporti sohasida boshqaruvni takomillashtirish, xalqaro xamkorlikni rivojlantirish, transport xizmatlari ko`lamini kengaytirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lumki, davlatimiz rahbarining 2018 yil 6 martdagi qaroriga muvofiq O`zbekiston avtomobil transporti agentligi qayta tashkil etilgan edi. 2018-2021 yillarda avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dastur ijrosi doirasida 57 ta yangi yo`lovchi tashish yo`nalishi ochildi, 9 ta yangi avtostansiya qurildi, 82 ta yangi avtobus sotib olindi. Qozog`iston, Qirg`iziston va Tojikistonga 5 ta xalqaro avtobus yo`nalishi ochildi.

Yig`ilishda sohadagi islohotlarni davom ettirish, tumanlararo va shaharlararo yo`nalishlarda, tuman markazi bilan olis qishloqlar o`rtasida zamonaviy transport xizmati ko`rsatish bo`yicha vazifalar belgilab berildi.

Xususan, joriy yil yakunigacha transport xizmati ko`rsatishda yangi tizim joriy etish bo`yicha topshiriq berildi. Unga ko`ra, tuman va yo`nalishlar bo`yicha transport xizmati ko`rsatish faoliyati davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operator-dispetcherlarga beriladi. Lisenziyaga ega va tender g`olibi bo`lgan xususiy operator-dispetcher tegishli hudud yoki yo`nalishda shartnoma asosida barcha transport xizmati ko`rsatuvchilarni birlashtirib, ular uchun yagona platforma tashkil etadi. Yo`lovchi kam yo`nalishlarga transport qo`yish davlat talabi etib qo`yiladi. Xizmat ko`rsatuvchilarga “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar –kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar beriladi.

Hududlarda transport yo`nalishlarining 30 foizdan ortig`i ishlamayotgani, shu bois viloyatlarda 13 ta avtokorxona tashkil etib, ularga bu yil 400 ta, keyingi yil oxirigacha 780 ta “Isuzu” avtobusi sotib olish zarurligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda odamlarning o`z yuk mashinalaridan foydalanib, daromad topishi uchun qulaylik yaratish zarurligi ta`kidlandi. Yuk tashish tizimiga xususiy sektorni jalb qilib, yuk tashuvchilarga lisenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish, xususiy ekspeditorlik tashkilotlari faoliyatini tashkil etish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Tranzit yuk tashishda yurtimiz vakillari ishtirokni kengaytirish, magistral yo`l infratuzilmasi rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Mamlakatimiz orqali yuk tashishni ko`paytirish uchun xorijiy davlatlar va yirik kompaniyalar bilan qo`shimcha bitimlar imzolash, Trans-Afg`on, Trans-Kavkaz, Trans-Xitoy kabi avtomobil yo`llaridan foydalanishni jadallashtirish, yuk tashuvchilar bilan hamkorlikda korxonalar tashkil etish, sohaga oid xalqaro hujjatlarga qo`shilish, tegishli qonun loyihasi ishlab chiqish vazifalari qo`yildi.

Toshkentda yo`nalishlarni boshqarish samarasi pastligi, avtobuslar parki 75 foizga eskirgani, bekatlarda avtobuslarning kelib-ketish vaqtini ko`rsatuvchi elektron tablolar, bepul internet, avtobuslarda mobil ilovalar va videokuzatuv moslamalari yo`qligi tanqid qilindi. Shu bois Toshkent shahrida yo`lovchi tashish transporti tizimini tubdan yangilash konsepsiyasini ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.

Transport xizmati ko`rsatish sohasiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, yo`lkira uchun elektron to`lov tizimini joriy qilish, poytaxtimizda yo`lovchi tashish tizimi va infratuzilmasini yirik megapolislar darajasida rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1