1

Yuridik shaxslar ko`chmas mulk bilan notariussiz oldi-sotdi qiladilar

Jamiyat 25.02.2019, 11:33
Yuridik shaxslar ko`chmas mulk bilan notariussiz oldi-sotdi qiladilar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta`minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko`rib chiqildi, deb yozmoqda Norma.

«O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi mamlakatimizning biznes yuritish borasidagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qilishi tufayli deputatlarning qizg`in bahs-munozarasiga sabab bo`ldi.

Keyingi besh yil davomida qabul qilingan chora-tadbirlar tufayli Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining «Biznes yuritish» reytingidagi O`zbekistonning o`rni ikki baravardan ortiq yaxshilanib, jahonning 190 ta mamlakati orasida 146-o`rindan 2018 yilda 76-o`ringa ko`tarildi. Biroq mamlakatimizdagi biznes yuritish uchun mavjud shart-sharoitlar xalqaro normalar va standartlarga to`liq javob beradi, deb bo`lmaydi.

Shu sababli loyihada «Biznes yuritish» hisoboti metodologiyasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan talablarni qonun hujjatlariga kiritish nazarda tutilgan. Ya`ni:

  • yuridik shaxslarning ko`chmas mulkini sotish to`g`risidagi shartnomasi majburiy notarial tasdiqlanishini;
  • AJ va MChJ ustav kapitalining minimal qiymatiga qo`yilgan talablarni;
  • AJ ustav kapitalidagi chet ellik investorning ulushi kamida 15%ni tashkil etishi kerakligi to`g`risidagi talabni bekor qilishga doir normalarni kiritish taklif etilmoqda.

Ustav kapitalining eng kam miqdoriga oid talablarni lisenziya talablari bilan belgilashga doir normalar kiritilmoqda. Qo`shimcha asiyalar chiqarilishida aksiyadorlarga o`zlarining ulushlarini saqlab qolishlari uchun imtiyozli huquq beriladi. Auditorlik tekshiruvini albatta o`tkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash vakolati faqatgina aksiyadorlar umumiy yig`ilishiga (hozir – kuzatuv kengashida, tahr.) beriladi.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi AJdagi korporativ boshqaruvni yaxshilash, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyalash, tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Deputatlar «Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi to`g`risidagi Konvensiyani ratifikasiya qilish haqida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

MDH Parlamentlararo Assambleyasi maslahat instituti sifatida tashkil etilgan.

Deputatlarning nuqtai nazariga ko`ra, O`zbekistonning mazkur tuzilmada ishtirok etishi MDH ishtirokchi-davlatlarining milliy qonunchiligini yaqinlashtirishga qaratilgan hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, parlamentlar darajasida muntazam aloqalar o`rnatish va xorijiy sheriklar bilan samarali munosabatlarni konstruktiv rivojlantirishda, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan munosabatlarni faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1