1

Prezident temir yo`l sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Jamiyat 06.05.2024, 21:49
Prezident temir yo`l sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoev 6 may kuni temir yo`l sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizning geografik joylashuvi, rivojlangan sanoati va iqtisodiyotida temir yo`l transporti muhim ahamiyatga ega. So`nggi yillarda O`zbekiston temir yo`llari katta rivojlanish yo`lini bosib o`tdi. Zamonaviy infratuzilmaga ega, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga mos yaxlit temir yo`l tizimi barpo etildi.

Umuman, mustaqillik davrida 2 ming 400 kilometrdan ko`proq yangi temir yo`llar qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ming kilometrdan ziyodi elektrlashtirildi. Yurtimiz temir yo`l sohasi o`zining og`ir mashinasozlik va quyuv-metallurgiya sanoatiga ham ega bo`ldi. Bugun bu tarmoq o`lkamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bog`lab kelmoqda.

Bular orqali O`zbekiston zamonaviy transport kommunikasiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega bo`lgan davlat sifatida Sharq va G`arb, Janub va Shimolni o`zaro bog`laydigan xalqaro temir yo`llarning muhim halqasiga aylandi. Davlatimizning faol investisiya siyosati, biznes uchun jozibador sharoitlari uning savdo yo`llari kesishadigan chorraha sifatidagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Shu bois bu sohadagi qurilish va modernizasiya ishlarini izchil davom ettirish muhim. Taqdimotda shu boradagi loyihalar muhokama qilindi.

Avvalo, transport-logistika salohiyatini yanada kengaytirish va undan samarali foydalanish masalalariga e`tibor qaratildi. Tadbirkorlarga qulayliklarni va eksport imkoniyatlarini oshirish uchun transport yo`laklarini izchil diversifikasiya qilish zarurligi ta`kidlandi.

“Bir makon, bir yo`l” tashabbusi doirasida transmintaqaviy aloqalarning muhim tarkibiy qismi bo`ladigan “Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston” temir yo`lini qurish bo`yicha amaliy ishlar ko`rib chiqildi. Ekspertlarning fikricha, bu transport yo`lagi nafaqat uchta davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi taraqqiyotiga kuchli sur`at bag`ishlaydi.

Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog`laydigan yangi transport yo`laklarini yaratishga doir jarayonlar bo`yicha axborot berildi.

Davlatimiz rahbari shu bilan birga aviasiya infratuzilmasini rivojlantirib, aeroportlarni xalqaro tranzit xabiga aylantirish, zamonaviy avtomobil yo`llari qurish va ta`mirlash bo`yicha topshiriqlar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1