1

Xalqaro valyuta jamg`armasi O`zbekiston iqtisodiyotini ijobiy baholadi​

Iqtisodiyot 06.03.2019, 09:38
Xalqaro valyuta jamg`armasi O`zbekiston iqtisodiyotini ijobiy baholadi​

Xalqaro valyuta jamg`armasi bosh moliyachisi Albert Eger boshchiligidagi delegasiya mamlakatimizda bo`lib, iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohot va o`zgarishlar bo`yicha o`rganishlar olib bordi.

Toshkentda 5 mart kuni ushbu o`rganishlar yakuniga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zA.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Xalqaro valyuta jamg`armasi bosh moliyachisi Albert Eger mamlakatimiz iqtisodiy sektori faoliyati tahliliga bag`ishlangan xulosalarini bildirdi.

Tahlillarga ko`ra, mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o`sishi 2018 yilda 5 foizni tashkil qilgan. Bu ko`rsatkich joriy yilda 5,5 foiz, 2020 yilda esa 6 foizga etishi kutilmoqda. Shuningdek, bu yil investisiya va soliq islohotlari natijasida yangi ish o`rinlari sonining ortishi kuzatiladi.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda inflyasiya darajasining joriy holati iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonidagi hodisa ekani ta`kidlandi. O`zbekistonda mahsulot tannarxini pasaytirish, maoshlar differensial shkalasidagi defisitni qoplashda ko`rilayotgan chora-tadbirlar 2019 yilda inflyasiya darajasini 15 foizda ushlab turish imkonini beradi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyotida kutilayotgan ehtimoliy xatarlar mavjud. Birgina misol. O`zbekistonda 2018 yilda kreditlash jarayoni 50 foizga o`sgan.

– Bunday ko`rsatkich iqtisodiyot uchun yaxshi natijalarga olib kelmasligi mumkin, – dedi A.Eger. – O`zbekiston islohotlar davrini boshdan kechirmoqda. Shu bois bu tabiiy jarayon hisoblansa-da, kreditlashdagi me`yorni saqlab turish lozim.

Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan pul-kredit siyosati, jumladan, qayta moliyalashtirish stavkasining 16 foizgacha oshirilishi inflyasiya xatarining oldini olishda kutilgan natijalarni berishi ta`kidlandi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov 2019 yilda mamlakatimizda bank-moliya, pul-kredit siyosatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bo`yicha ma`lumot berdi.

M.Nurmurodovning ta`kidlashicha, O`zbekiston bilan Xalqaro valyuta jamg`armasi o`rtasida 2019 yilda monetar siyosatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilingan. Xalqaro institut ekspertlarining taklif va tavsiyalari e`tiborga olingan.

Markaziy bank valyuta bozoridagi amaliyotlarni erkinlashtirish, mijozlar bilan ishlashdagi tizimni yanada soddalashtirish bo`yicha zarur choralar ko`radi. Pul-kredit siyosatini takomillashtirish, ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish maqsadida o`rta muddatli istiqbolda inflyasiyani targetlash mexanizmi joriy etiladi.

Bugungi kunda moliya sektorini isloh qilishning o`rta muddatli konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Moliyaviy barqarorlikni ta`minlash, bank-moliya sektoriga xorijiy va xususiy kapital kirib kelishiga sharoit yaratish, iqtisodiyotda pul-kredit siyosati ta`sirini kuchaytirish ushbu yo`nalishdagi islohotlar asosini tashkil etadi.

Ayni paytda bank sohasidagi davlat ulushi 84 foizga teng. Sohada xususiy kapital ishtirokini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1