AsosiySiyosat

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev: "O`yinchoq qonunlar. «Lazeykashunoslar» yana bir bora xalqqa qarshimi?"

'Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev: "O`yinchoq qonunlar. «Lazeykashunoslar» yana bir bora xalqqa qarshimi?"'ning rasmi

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev telegram kanalida Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan “O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 126-moddasiga o`zgartish kiritish haqida”gi(regulation.gov.uz) qonun loyihasiga quyidagicha munosabat bildirdi: 

“Mashinalarning orqa eshigiga parda o`rnatish masalasi bir necha oylardan buyon yurtimizning turli hududlaridagi sudlarda muhokama bo`layotganidan xabaringiz bor. Garchi qonunchiligimizda orqa eshikka parda o`rnatishga ruxsat berilgan bo`lsa-da, lekin Ichki ishlar vazirligi hamda uning Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi buni tan olmasdan, ya`ni boshqacha qilib aytganda qonunlarni o`zlari tushunmasdan, xalqning ahvolini og`irlashtirib, ularga noqonuniy jarimalar solish bilan shug`ullanmoqda.

Ammo yaxshiyam yurtimizda odil sudlov bor. Bir nechta sudlarda ayni shu parda masalasida fuqarolar haqligi, ichki ishlar esa nohaqligi rasman belgilandi.

Yiqilgan kurashga to`ymas deganlariday, ichki ishlar mag`lubiyatiga chidolmasdan kassasiya instansiyasiga shikoyat qildi. Lekin kecha Buxoro viloyat Ma`muriy sudida ichki ishlar yana bir bor yutqazdi. Yana oddiy xalq g`olib chiqdi, orqa eshikka parda o`rnatish qonuniyligi yana bir bor tan olindi.

Bunday vaziyatda Ichki ishlar vazirligi o`ta nomardlarcha, ammo ko`pchilik kutgan yo`lni tanladi. Ya`ni Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 126-moddasiga o`zgartirish kiritish to`g`risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi:

regulation.gov.uz/uz/document/8654

Vazirlik qonun loyihasida «haydovchining o`rnidan tevarak-atrofni ko`rishni cheklaydigan qo`shimcha narsalar o`rnatish» degan jumlani shunchaki «tevarak-atrofni ko`rishni cheklaydigan» deya o`zgartirishni taklif qilmoqda. Ya`ni «haydovchining o`rnidan» degan so`zni sekingina chiqarib tashlashmoqchi.

Agar shu qonun tasdiqlansa, unda xalqning yana bir huquqi, ya`ni mashina orqa oynasiga parda taqish imkoniyati cheklanadi.

Bu nima degani?

Bu shuni anglatadiki, Ichki ishlar vazirligi yana bir bora xalq manfaatlari uchun emas, balki xalqqa qarshi bo`lgan takliflarni bildirishda davom etmoqda.

Avval xuddi shunaqa ishni propiska mavzusida ham ko`rgan edik. Sababi ular propiska masalasida o`nlab sudlarda mag`lubiyatga uchradi, sud tomonidan ichki ishlar organlarining og`zaki va yozma topshiriqlari bir necha bor rasman noqonuniy deya e`tirof etildi. Buning ortidan ichki ishlardagi mutasaddilar uyalmasdan qonunchilikda xalq foydasiga ishlaydigan qoidalarni «lazeykalar» deb atadi va ularni qonunchilikdan chiqarish, ya`ni xalqning ahvolini og`irlashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqdi.

Mana, endi xuddi shu holat parda masalasida ham takrorlanmoqda.

Qiziq, bu tashkilotda kimlar ishlaydi o`zi?

Davlatning birdan-bir manbai bo`lgan o`zbek xalqi uchun sidqidildan xizmat qiladigan, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, qonunlarni aniq va bir xilda so`zsiz bajaradigan, xalq uchun kerak bo`lsa jonini ham fido qilishga tayyor bo`lgan vatanparvar xodimlarmi?

Yoki qonunlarni tushunmaydigan, ularni noto`g`ri talqin qiladigan, qonunga xilof topshiriqlar berib, xalqning ahvolini og`irlashtiradigan, sudlarda ketma-ket mag`lubiyatga uchragach, alamidan qonunchilikka xalq manfaatlariga qarshi bo`lgan o`zgartirish kiritishni taklif qiladiganlarmi?!

Qonunlar shunchalik o`yinchoqmi? Aslida davlat tashkilotlari qonunlarga bo`ysunishi, ularga moslashishi kerakmasmi? Nima uchun qonunlar davlat tashkilotlariga moslashyapti?

Buxorolik haydovchi parda masalasida o`zining haqligini isbotlash uchun besh oy vaqt sarfladi! Besh oy! Shu vaqt ichida o`sha fuqaro qancha asab, qancha mablag` sarflaganini tasavvur qilyapsizmi? Nima uchun xalq bu darajada qiynalishi kerak? Qonunni tushunmaydigan ayrim rahbarlarni debmi?

«Xalq manfaati barcha narsadan ustun» degan shiorlar ichki ishlar tizimida muz kabi erib, yo`q bo`lib ketdimi unda?!

So`zim so`nggida tegishli mutasaddilarga qarata aytmoqchiman:

Bu mansab, bu lavozim va o`zi umuman bu dunyo hammadan o`tadi. Hech kim umrboqiy rahbar yoki inson emas. Kelinglar, shu muvaqqat rahbarlik davringizda «yana nima qilsak, xalqqa og`irroq bo`ladi, qonunchilikdagi yana qaysi lazeykalarni yopsak fuqarolarning zarariga ishlaydi?» degan prinsip bilan ishlamasdan, balki aksincha, «yana nima qilsak, xalqqa ko`proq foyda bo`ladi, yana nima qilsak ularning og`iri engil bo`ladi?» degan shior bilan yashang.

Har holda vijdonli insonlar shunday qilgan bo`lar edi. Yana ham tanlov o`zingizda. Sizlarni vijdonli insonlar ekanligingizga chin dildan ishongim keladi.”

    Boshqa yangiliklar