Kuni kecha makroiqtisodiy ko`rsatkichlar, soliq-byudjet siyosati, davlat byudjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020 yilga mo`ljallangan parametrlar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilishda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan soliq islohotlari tushumlar ko`payishida ijobiy natijalar berayotganligi hamda buni xalqaro moliyaviy institutlar ham tasdiqlayotganligi qayd etildi.
Masalan, qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari soni 12 barobar, foyda solig`i to`lovchilari soni 6,5 barobarga oshgan. Ish haqiga nisbatan soliq yuki keskin pasaytirilgani natijasida daromad solig`i to`lovchilari soni 700 mingga, ushbu soliq tushumi esa 2 barobarga ortdi.
Mazkur islohotlarning davomi sifatida joriy yil 1 oktyabrdan qo`shilgan qiymat solig`i 20 foizdan 15 foizga tushirilib, qator imtiyozlar bekor qilindi. 2020 yil 1 yanvardan esa davlat ulushi bor korxonalarga ham yagona ijtimoiy to`lov 25 foizdan 12 foizgacha pasaytiriladi. Bu choralar natijasida kelgusi yilda soliq to`lovchilar ixtiyorida 12,8 trillion so`m miqdorida mablag`lar qoladi.
Prezidentimiz Davlat soliq qo`mitasi va Davlat bojxona qo`mitasiga 2020 yil uchun prognoz qilingan byudjet tushumini ta`minlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Bunda elektron hisob-faktura, zamonaviy markirovka, onlayn kassa mashinasi kabi ilg`or texnologiyalarni keng joriy etish orqali soliq ma`muriyatchiligini yaxshilash zarurligi ko`rsatib o`tildi. Bojxona organlarida samarali ishlaydigan yangi vertikal tizimni shakllantirish, bunda import qilinayotgan tovarlar narxini haqqoniy baholash, risk-analiz va boshqa zamonaviy usullarni keng qo`llash, shuningdek, ichki nazoratni kuchaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari soliq yukini pasaytirish iqtisodiyotga va aholi farovonligiga ijobiy ta`sir etishini inobatga olib, bu masalaga alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi.