AsosiySiyosat

Jamshid Qo`chqorov joriy yilda inflyasiya yuqori bo`lishi kutilayotganini ma`lum qildi

'Jamshid Qo`chqorov joriy yilda inflyasiya yuqori bo`lishi kutilayotganini ma`lum qildi'ning rasmi

Moliya vaziri Jamshid Qo`chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonuni loyihasi muhokamasi vaqtida inflyasiya darajasi, uning yuqoriligiga sabab bo`lgan omillar bo`yicha ma`lumot taqdim etdi

«Iqtisodiy sohada tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan holatda joriy yilda inflyasiya darajasi nisbatan baland bo`lishi va u 15,5 foizni tashkil etilishi kutilyapti. Inflyasiyani keyingi yilda 12,5-13 foizgacha pasaytirish, 2022 yil yakuni bilan esa 9-9,5 foizgacha pasaytirish lozim bo`ladi. Buning uchun monetar va fiskal sohada muvofiqlashtirilgan holda qilinadigan choralar, raqobatbardosh iste`mol mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirishning aniq yo`nalishlari amalga oshiriladi. Umumiy fiskal taqchillikni 2022 yilgacha YaIMga nisbatan 1,5 foizgacha kamaytirish maqsad qilinmoqda.

Yaqinda Xalqaro valyuta jamg`armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo`yicha iqtisodiy prognozlari e`lon qilindi. Unga ko`ra, O`zbekistondagi inflyasiya MDHdagi eng yuqori ko`rsatkich, deb qayd etildi. Bunga bir necha omil sabab bo`lgan. Birinchidan, investisiyalarga bo`lgan ehtiyoj. Yillar davomida bu muammo yig`ilib qolgan. Ehtiyojni qoplash uchun ichki va tashqi moliyaviy manbalar ishga solindi. Kreditlar hajmi yil yakunlari bilan 40 foizdan ortiq bo`lishi kutilyapti.

Ikkinchidan, tariflar. Non va un narxi erkinlashtirildi. Mana, yaqinda deputatlar fermerlar murojaatini ko`rib berishdi. Shu kabi masalalar inflyasiyaga o`z ta`sirini o`tkazyapti.

Savol tug`ilishi mumkin: nega inflyasiya darajasini keskin tushirishga harakat qilinmayapti? Avvalo, iqtisodiyotda moliyaviy manbalarga bo`lgan ehtiyoj qondirilmay qoladi, iqtisodiy o`sish darajasi pasayib ketadi. Shuning uchun buni bosqichma-bosqich hal qilishimiz kerak.

Uchinchidan, xalqaro valyuta bozoridagi va O`zbekistonning asosiy savdo hamkor mamlakatlari yirik valyuta kurslari almashinuvi sababli milliy valyutaning ma`lum darajada devalvasiyasi sodir bo`ldi».

Boshqa yangiliklar