“Ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan 10 dan ortiq qonun hujjatlariga o`zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, Amalga oshirilishi uchun lisenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro`yxati quyidagi 2 ta faoliyat turi bilan to`ldirildi:
*To`lov tizimi operatorlarining faoliyati;
*To`lov tashkilotlarining faoliyati.
Shuningdek, “Chiqindilar to`g`risida”gi Qonun utilizasiya yig`imini nazarda tutuvchi modda bilan to`ldirildi.
Unga ko`ra, ekologik xavfsizlikni ta`minlash, fuqarolar sog`lig`ini va atrof muhitni transport vositalaridan hosil bo`ladigan chiqindilarning zararli ta`siridan himoya qilish maqsadida utilizasiya yig`imi to`lanadi.
Bundan tashqari, “Dafn etish va dafn ishi to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, vafot etgan shaxsni dafn etish uchun nafaqa endilikda Davlat byudjeti hisobidan beriladi.
Ilgari Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi mablag`lari hisobidan berilgan.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.
Qonunning to`lov tizimi operatorlari va to`lov tashkilotlari faoliyatining lisenziyalanishiga oid qismi “To`lovlar va to`lov tizimlari to`g`risida”gi Qonun kuchga kirgan kundan e`tiboran amalga kiritiladi.
Utilizasiya yig`imi nazarda tutilgan normalar mazkur Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach amalga kiritiladi.